14:28 / 13.05.2021
44374

Afg‘onistondagi urush: toliblar yana bir tumanni egallashdi, hukumat qo‘shinlari chekinmoqda

Ramazon oyi yakunlanishi munosabati bilan e'lon qilingan uch kunlik sulh boshlanishi arafasida «Tolibon» kuchlari Kobul atrofidagi tumanlardan birining markazida nazorat o‘rnatdi. Ular sentabr oyida amerikalik harbiylar ketishiga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Foto: EPA

Seshanba kuni «Tolibon» radikal harakati vakili qo‘qqisdan hujum qilinishi oqibatida Kobuldan sharqda joylashgan Vardag viloyatidagi Nerh tumani markazi qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Nerh - bir hafta ichida toliblar tomonidan egallab olingan ikkinchi tuman bo‘ldi. 5 may kuni ular mamlakat poytaxtidan shimolda joylashgan Bog‘lon viloyatining Borka tumanini qo‘lga olishgandi.

AQSh prezidenti Jo Bayden amerikalik harbiylar olib ketilishining so‘nggi muddati sifatida e'lon qilgan 11 sentabr sanasi yaqinlashar ekan, toliblar va hukumat kuchlari o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashib boraveradi.

«Maydon-Vardag viloyatidagi Nerh tumani markazi politsiya boshqarmasi, razvedka bo‘limi va katta armiya bazasi bilan birgalikda qo‘lga olindi», degan tvitterdagi sahifasida «Tolibon» vakili Zabihullo Mujohid. U hujum vaqtida hukumat kuchlarining ko‘plab askarlari o‘ldirilgani hamda yarador qilinganini qo‘shimcha qilgan.

Vardag viloyati gubernatori Abdul Rahmon Tariq tuman nazorati qo‘ldan ketganini tasdiqlagan va hukumat qo‘shini «taktik chekinuv» tartibida u yerni tark etganini ma'lum qilgan.

Chorshanba kuni Afg‘oniston mudofaa vazirligi bu hududni toliblardan qaytarib olish uchun jang olib borilishini bildirdi.

Payshanba kuni Afg‘onistonda Ramazon oyi tugashi munosabati bilan uch kunlik sulh kuchga kirdi.

Jo Bayden amerikalik askarlar olib ketilishi muddatini e'lon qilganidan keyin «Tolibon» Afg‘onistonning hozirgi hukumatiga qarshi harakatlarini faollashtirdi.

Bir necha kun muqaddam Kobuldagi qizlar maktabi oldida bomba portlatilishi oqibatida 68 kishi halok bo‘lgan, ularning aksari o‘smir yoshdagi o‘quvchi qizlar edi, shuningdek, 165 kishi jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan. Hukumat teraktda toliblarni ayblagan, ular esa bu hujumga aloqador emasliklarini bildirishgan.

AQSh prezidenti Jo Bayden 17 aprel kuni amerikalik harbiylarni Afg‘onistondan olib chiqish jarayoni 1 may kuni boshlanib, 11 sentabr kuni yakunlanishi haqida e'lon qildi. Bayden bu qarorni amerikaliklar ushbu mamlakatga bostirib kirganidan keyin o‘tgan 20 yil mobaynida ko‘zlangan maqsadga erishilgani - endi bu mamlakat G‘arbda teraktlar uyushtiruvchi jangarilar uchun qarorgoh bo‘lmasligi ta'minlangani bilan izohlagandi.

Avvalgi prezident Donald Tramp harbiylarni avvalroq, 1 may kuniga qadar olib chiqishni rejalashtirgandi.

O‘tgan yili BMT vakili «Al-Qoida» terrorchi tashkiloti hamon toliblar bilan aloqalarni saqlab qolgani va bu harakat safida ushbu guruh a'zolari ham borligini ma'lum qilgandi.

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani hukumat kuchlari jangarilarga qarshi turishga qodirligiga ishonch bildirib kelmoqda.

Ammo ko‘plab afg‘onlar va xorijiy kuzatuvchilar bunga ishonishmaydi: ular amerikaliklar ketgach, mamlakatga yana «Tolibon» hukmronligi davri qaytishidan xavotirlanishmoqda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top