Jahon | 23:45 / 09.05.2021
63645
31 daqiqa o‘qiladi

Adoqsiz urush. Amerikaning eng uzoq davom etgan harbiy kampaniyasi - suratlarda

2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin AQSh terrorchilarga qarshi kurashish uchun Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. «Al-Qoida» va «Tolibon» yetakchilarini yo‘q qilishga qaratilgan «Mustahkam ozodlik» operatsiyasi AQShning eng uzoq davom etadigan urushiga aylanib ketishi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmagandi.

2021 yil 1 may kuni amerikalik harbiylarni Afg‘onistondan olib chiqish jarayoni yakunlanishi kerak edi — ammo Donald Tramp va'da qilgan muddat AQShning yangi prezidenti Jo Bayden tomonidan ortga surildi - Amerika tarixiga allaqachon eng uzoq vaqt davom etgan urush sifatida kirgan bu kampaniyani uzil-kesil yakunlash muddati to‘rtinchi bor o‘zgardi. Endi amerikaliklar bu mamlakatni 2021 yil 11 sentyabriga qadar bosqichma-bosqich tark etishi kerak — bu sana Nyu-Yorkda sodir etilgan va ushbu amaliyot boshlanishiga sabab bo‘lgan teraktning 20 yilligiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan vaqt mobaynida amerikaliklar va ularning G‘arbdagi ittifoqchilari oldinga qo‘yilgan maqsadlarning birortasiga erisha olishmadi, faqat ushbu teraktlarning asosiy tashkilotchisi bo‘lgan Usama bin Lodin yo‘q qilinishidan tashqari. Ammo global terrorizm mag‘lub etilmadi, afg‘on jamiyatini demokratlashtirish ham amalga oshmadi — amerikaliklar ketgach, hukumat toliblar qo‘liga qaytishi, mamlakatda ularning ittifoqchilari bo‘lgan «Al-Qoida» va boshqa jangari guruhlar ta'siri kengayishi haqiqatga yaqin. «Meduza» bu urushning har yiliga oid suratlarni saraladi.

2001 yilgacha vaziyat qanday edi?
1996 yildan Afg‘onistonning katta hududi mamlakat janubidagi pushtunlar asos solgan «Tolibon» radikal harakati nazoratida bo‘lgan. Toliblar poytaxt Kobulni va 1989 yilda sovet qo‘shinlari olib ketilgach fuqarolik urushi girdobida qolgan janubiy hududlarni to‘liq qo‘lga olgandi. Toliblar hukmronligida afg‘onlar qat'iy diniy diktatura sharoitida yashardi — faqat shariat qonunlari tan olingan, o‘lim jazosi va mayib-majruh qiluvchi jazolar qo‘llangan, har qanday ko‘ngilochar tadbirlar taqiqlangan. Toliblarga Shimoliy alyans - Afg‘onistonning pushtun bo‘lmagan xalqlariga (o‘zbeklar, tojiklar, hazoriylar va boshqalar) mansub bo‘lgan dala qo‘mondonlari qarshi turgan. Alyans yetakchilaridan biri xarizmatik va ilg‘or fikrli, tojiklarning «Afg‘oniston islom jamiyati» partiyasi rahbari bo‘lgan Ahmad Shoh-Ma'sud edi, u tenglik tarafdori bo‘lib, afg‘on ayollari ham ta'lim olishga haqli ekanini yoqlab kelgan.

2001
Nyu-Yorkdagi teraktdan ikki kun oldin, 9 sentabr kuni Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Tohar viloyatida jurnalist qiyofasida harakatlangan «Al-Qoida» jangarilari «Tolibon»ning asosiy raqiblaridan bo‘lgan Ahmad Shoh-Ma'sudni o‘ldirishadi. Teraktdan keyin bir oyga yaqin vaqt o‘tib, 2001 yil 7 oktyabrida AQSh britaniyalik ittifoqchilar bilan birgalikda «Mustahkam ozodlik» operatsiyasini boshlaydi. Urushning birinchi bosqichida G‘arb kuchlari «Tolibon» va «Al-Qoida» pozitsiyalarini havodan bombardimon qilish bilan cheklanadi. Oktabr oyi oxirida esa quruqlik qo‘shinlarining ilk kontingenti Afg‘oniston tuprog‘iga qadam qo‘yadi. Dekabrgacha Shimoliy alyans va G‘arbdagi ittifoqchilar bosimi ostida «Tolibon» mag‘lub etiladi. Usama bin Lodinning tog‘dagi qarorgohi afg‘onlar tomonidan qamal qilinadi (amerikaliklar bu amaliyotda ishtirok etishmagan) va uning yaqin tarafdorlari bo‘lgan 20 kishi qo‘lga olinadi, ammo uning o‘zi qochishga ulguradi. Kobulda Hamid Karzay boshchiligidagi muvaqqat hukumat hokimiyatga keladi.

AQSh HHKning B-1B Lancer rusumli bombardimonchi samolyoti urushning ilk bosqichida aviatsiya zarbalari bermoqda. 2001 yil 7 dekabr
USAF / Getty Images

2002
«Tolibon» va «Al-Qoida» kuchlari qayta to‘planib, g‘orlarda yashiringan holda xalqaro koalitsiyaga qarshi partizanlik urushlari boshlaydi. Bunga javoban mart oyida kanadaliklar, amerikaliklar va ularning afg‘onistonlik ittifoqchilari «Anakonda» nomi ostida navbatdagi amaliyotni boshlashdi va bu amaliyot ham muvaffaqiyatli yakunlandi. Shundan so‘ng toliblar butunlay tor-mor etilgandek edi. Iyunda umumafg‘on oqsoqollari kengashining shoshilinch chaqirig‘ida (oliy jirg‘a) Hamid Karzay Afg‘onistonning o‘tish davri ma'muriyatining prezidenti sifatida tasdiqlanadi. Ammo bu hukumat faqat Kobulni nazorat qilish bilan cheklanardi, bu yerda uni BMT Xavfsizlik kengashi panohida tashkil etilgan Xalqaro xavfsizlik harakati qo‘shinlari (International Security Assistance Force, ISAF) harbiy kontingenti tomonidan qo‘llab-quvvatlanardi.

Bu vaqtda BMT va xalqaro notijoriy tashkilot urushdan keyingi afg‘on davlatchiligi va fuqarolik jamiyatini qayta tiklash bilan shug‘ullanadi. Joylarda bu ishlar uchun viloyatlarni tiklash guruhlari (provincial reconstruction teams, PRT) tuziladi, ammo ularning samaradorligi juda cheklangan edi: rejalashtirish va muvofiqlashtirish uchun yagona markaz bo‘lmagan, shuningdek, jarayonga byurokratiya va mahalliy madaniyatni tushunish darajasi yetarli emasligi xalal berardi. AQSh harbiy qo‘mondonligining diqqati va resurslari esa Iroqqa bostirib kirishga tayyorlanish uchun qaratila boshlagandi.

AQSh armiyasining 82-desantchilar diviziyasi askarlari mamlakat janubi-sharqida joylashgan uyni tekshirish uchun kirishga tayyorlanmoqda. Bu uydan o‘nlab mina va granatalar, granamyot uchun 14ta zaryad, shuningdek, portlovchi qurilmalar topilgan. 2002 yil 7 noyabr
Scott Nelson / Getty Images

2003
May oyida AQShning o‘sha vaqtdagi mudofaa vaziri Donald Ramsfeld Afg‘onistondagi asosiy harbiy amaliyot yakunlangani haqida e'lon qiladi (xuddi shu vaqtda prezident kichik-Jorj Bush amerikaliklarning Iroqdagi missiyasi «amalga oshgani» haqida ma'lum qiladi). Bu vaqtda amerikaliklarning Afg‘onistondagi kontingenti atigi 8 ming, ittifoqchilarniki 13 ming kishidan iborat edi. ISAF kuchlari qo‘mondonligini NATO o‘ziga oladi.

Amerikalik askarlar Paqtiya viloyati hududida «Tolibon» a'zolarini ushlash uchun o‘tkazilgan «Ajdaho g‘azabi» nomli operatsiya vaqtida tutilgan asirni qo‘riqlamoqda, 2003 yil 2 iyun. Darren McCollester / Getty Images

2004
2003 yilda oliy jirg‘a vaqtida qabul qilingan va 2004 yil yanvarida prezident Hamid Karzay tomonidan imzolangan yangi konstitutsiyaga ko‘ra, Afg‘oniston islom prezidentlik respublikasiga aylangandi. Keyin oktyabrda Afg‘onistonda 1969 yildan buyon ilk bor saylovlar o‘tkaziladi, unda Hamid Karzay 55,4 foiz ovoz oladi. Bu saylovdan uch hafta o‘tib, Amerikada kichik Jorj Bush qayta saylanadigan prezidentlik saylovlari arafasida Usama bin Lodin videomurojaat qiladi, bu chiqish «Al-Jazira» telekanali orqali namoyish etiladi.

Unda bin Lodin 1982 yil isroilliklarning Livanga qarshi harbiy operatsiyasida amerikaliklar floti Isroilga yordam bergani uni AQShga qarshi jihod qilishga undagani haqida gapirib, 11 sentabr terakti uchun javobgarlikni zimmasiga oladi. AQSh xalqi va prezidentga murojaatida bin Lodin xuddi afg‘on mujohidlari sovetlar ittifoqini haydab yuborgani kabi, Amerikaga qarshi urush ham g‘alabali yakunga qadar olib borilishini va'da qiladi.

Shundan so‘ng Afg‘onistondagi amerikaliklar kontingenti 20 mingga chiqadi. Amerika-afg‘on koalitsiyasi vaqti vaqti bilan «Tolibon» va «Al-Qoida»ga qarshi muvaffaqiyatli amaliyotlar o‘tkazadi. Kichik Bushning ruxsati bilan Amerika dronlari terrorchilarning Pokiston hududidagi bazalariga ham hujumlar uyushtiradi.

Mina portlashi oqibatida oyog‘ini yo‘qotgan Muhammad Mahdiy Kobuldagi uyi oldida «Qizil Xoch» jamiyati shifokori kelishini kutmoqda. 2004 yil, avgust. Bu fotosuratni olgan Emilio Morenatti besh yil o‘tib Qandahor atrofida bomba portlashi chog‘ida oyoq kaftidan ayrilgan.
Emilio Morenatti / AP / Scanpix / LETA

2005
AQSh va Afg‘oniston prezidentlari kichik Jorj Bush va Hamid Karzay ikki davlat o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzolangani, bu orqali amerikalik harbiylar afg‘on harbiy infratuzilmasidan foydalanish imkoniga ega bo‘lgani haqida e'lon qilishadi. AQSh istiqbolda mamlakat xavfsizligini ta'minlay olishi uchun afg‘on armiyasini qurollantirish va o‘qitishni va'da qiladi.

«Tolibon» barbod qilishga uringaniga qaramay sentabr oyida mamlakatda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Saylovlarda ayollar ham ishtirok etib, ovoz berishadi, xalqaro kuzatuvchilar buni jiddiy o‘sish sifatida qayd etishadi. Bir yil mobaynida harbiy kontingent hajmi o‘zgarmaydi; bu vaqtda Pentagon asosiy e'tiborini Iroqdagi kampaniyaga qaratgandi.

CH-47 vertolyoti Xakeran vodiysidagi Bax qishlog‘iga amerikalik askarlarni tushirib ketmoqda. 2005 yil, 26 iyun
Tomas Munita / AP / Scanpix / LETA

2006
Janubiy Afg‘onistonda amerikalik harbiylarni almashtirish uchun NATO tarkibidagi xalqaro koalitsiya harbiylari kelishadi: britanlar, kanadaliklar, avstraliyaliklar, niderlandlar, daniyaliklar va estonlar. NATO hududlarni tiklash bo‘yicha dastur nazoratini ham o‘z zimmasiga oladi.

«Tolibon» yetakchilari xalqaro koalitsiya va ularning afg‘on ittifoqchilariga ochiqchasiga urush e'lon qiladi. Terrorchilik hujumlari keskin ortadi: Afg‘onistonda xudkushlar ijrosidagi teraktlar soni 2005 yildagi 27 hujumdan 2006 yilda 139tagacha o‘sadi. Bombalarni masofadan turib portlatish holatlari ikki barobar oshgandi — 1600dan ortiq shunday holat kuzatiladi.

Afg‘on qizlari Kobuldagi ingliz tili darsida. Qochqinlar uchun palatkadan tikilgan maktabda 6 mingdan ortiq o‘quvchi o‘qigan, ularning deyarli hammasi — qizlar edi. Maktab uch smenada ishlagan. 2006 yil, 22 noyabr
Paula Bronstein / Getty Images

2007
Amerikaliklar, natochilar va afg‘on harbiylarining janubdagi Hilmand viloyatida amalga oshirgan muvaffaqiyatli operatsiyalariga qaramay, bu hujumlar davomida «Tolibon» yetakchilaridan biri mulla Dadulla (u Bomiyondagi qadimiy Budda haykalini portlatish tashabbuskori bo‘lgandi) o‘ldirilgandi, toliblarning koalitsiya va afg‘on hukumati harbiylariga, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning xodimlariga hujumlari soni faqat ortadi.

Alyansda bo‘linish yuzaga keladi. Germaniyaning Geydelberg shahrida o‘tkazilgan Yevropa armiyasining 15-Konferensiyasi chog‘ida AQSh mudofaa vaziri Robert Geyts koalitsiya bo‘yicha sheriklarni tanqid qiladi: «Ko‘plab ittifoqchilar biz bilan birga tavakkalchilik qilishga, o‘z hissasini qo‘shishga va kollektiv majburiyatlarni bajarishga tayyor emas. Natijada biz Afg‘onistonda erishganlarimizni yo‘qotish xavfidamiz».

Britaniyalik dengiz piyodalari toliblar nazoratidagi qishloqni qamal qilish vaqtida. 4,5 ming askar ishtirokida tongda boshlangan operatsiya front chizig‘i britaniyaliklarning Kadjaki GESi yaqinidagi bazasidan uzoqroqqa surilishini ta'minlagan. 2007 yil, 18 mart
John Moore / Getty Images

2008
Tinch aholi orasida qurbonlar soni oshib ketadi. Avgust oyida Hirot viloyatidagi qishloqlardan biri hududida toliblarning yetakchilaridan birini raketa zarbasi orqali yo‘q qilishga urinish chog‘ida qariyb yuz kishi halok bo‘ladi (aksari — bolalar edi). Shu bilan birga, nishon omon qoladi, amerikalik harbiylar esa avvaliga tinch aholi orasidagi qurbonlar bo‘yicha ma'lumotni rad etishga urinadi.

Bu voqealar fonida afg‘on xalqi orasida «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlovchilar oshadi, toliblar qator yirik g‘alabalarga erishadi — masalan, Qandahordagi qamal muvaffaqiyatli chiqib, bu yerdagi qamoqxonadan 1200dan ortiq mahbus ozod qilinadi, ulardan 400 nafari harakat a'zolari edi. Amerika qo‘shinlarining yangi qo‘mondoni Stenli Makkristal havo hujumlari taktikasini qaytadan ko‘rib chiqishga buyruq beradi - bunday hujumlar tufayli tinch aholi orasida qurbonlar oshishi mahalliy aholining simpatiyasi yo‘qolishiga olib kelayotgandi.

Afg‘onistonlik Aman Ullex Kobuldagi qochqinlar lageri bo‘ylab ketmoqda. 2008 yil, 28 iyun
Emilio Morenatti / AP / Scanpix / LETA

2009
AQSh prezidenti Barak Obamaning birinchi inauguratsiyasidan keyin Afg‘onistonga qo‘shimcha kontingent — Amerika armiyasidan 17 ming askar jo‘natilishi e'lon qilinadi. AQSh va Pokiston munosabatlarida ziddiyat yuzaga kelishi tufayli NATO harbiylarini boshqa yo‘l - Yevroosiyo orqali yuborishga to‘g‘ri keladi. Bunda Rossiya yordam ko‘rsatadi: yangi prezident Dmitriy Medvedev Obama bilan Afg‘onistonga harbiy yuklar tranzitini Rossiya hududi orqali (shu jumladan havodan) amalga oshirish haqidagi kelishuvni imzolaydi. Hamid Karzay qiyinchilik bilan ikkinchi muddatga saylanadi — ikkinchi turda uning asosiy raqibi nomzodini qaytarib oladi.

Sentabr oyida amerikaliklarning F-15E rusumli shturmoviki Qunduzda toliblar o‘g‘irlagan ikki benzovozga raketa zarbalari yo‘llashi oqibatida mahalliy aholi vakillaridan yuzdan ortiq kishi halok bo‘ladi - ular idishlarini ko‘tarib yonilg‘i olish uchun kelishgandi. Amerikaliklarning uchuvchisiz uchar qurilmalari Pokiston bilan chegara hududida «Tolibon»ning manzillariga faol hujumlar uyushtira boshlaydi. Bu ham tinch aholi orasidagi qurbonlarga sabab bo‘ladi va Pokistondagilarning keskin noroziligini keltirib chiqaradi. Formal tomondan Pokiston AQShning ittifoqchisi bo‘lgan, ammo amerikaliklar Pokiston maxsus xizmatini (ISI) toliblarni maxfiy ravishda qo‘llab-quvvatlashda ayblagan.

Barak Obama birinchi marta Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishni boshlash sanasi haqida ma'lum qiladi — 2011 yilning iyuli. To‘g‘ri, u amerikaliklar harbiy kontingentini olib chiqish uchun qancha vaqt ketishi bo‘yicha aniqlik kiritmaydi, o‘sha yilning avgust oyida bu yerda 60 ming amerikalik askar bor edi.

Amerika armiyasining 1-bataloni askarlari Korengal vodiysidagi pozitsiya «Tolibon» kuchlari tomonidan o‘qqa tutilishidan keyin ko‘tarilgan trevoga chog‘ida Texaslik Zakari Boyd shoshilinchda ichki kiyimda qolgan. 2009 yil 11 may
David Guttenfelder / AP / Scanpix / LETA

2010
Iyun oyida Rolling Stone jurnalida shov-shuvli maqola chiqadi, unda Afg‘onistondagi Amerika harbiylari qo‘mondoni Stenli Makkristal davlat mulozimlarini, shu jumladan, o‘sha vaqtdagi vitse-prezident Jo Baydenni qattiq qoralaydi. Makkristal ularning harbiy ishlarda tajribasizligidan g‘azablanib, Oq uyni Afg‘onistonga qo‘shimcha kontingent yuborishda qat'iyatsizlikda ayblaydi (bir necha oylik bahslardan keyin Barak Obama baribir qo‘shimcha 30 ming askar yuborishga rozilik bildiradi). Obama uni darhol Oq uyga chaqirib oladi va iste'foga chiqaradi. Yangi qo‘mondon Devid Petreus bo‘ladi.

Afg‘onistondagi amerikaliklar kontingenti yuz ming kishiga yetadi. Lissabonda o‘tkazilgan NATO konferensiyasida 2014 yil oxirigacha mamlakat milliy xavfsizligi uchun butun javobgarlikni afg‘on armiyasi zimmasiga o‘tkazish to‘g‘risida deklaratsiya imzolanadi, shu bilan birga, xalqaro koalitsiya harbiylarini bosqichma-bosqich olib chiqish jarayonini 2011 yildan boshlash belgilanadi. Ammo G‘arbda ham, Afg‘onistonda ham bu reja amalga oshishiga ko‘pchilikning ko‘zi yetmasdi.

Shu bilan bir vaqtda, afg‘on askarlari o‘zlarining g‘arblik ittifoqchilariga hujumlar uyushtira boshlashadi, bu «ko‘klar yashillarga qarshi» (uniformalar ranglari) nomini oladi. Masalan, noyabr oyida afg‘on chegara xizmati askari Nangarhar viloyatida ISAF xodimlarining olti nafarini otib tashlaydi, otishma chog‘ida uning o‘zi ham o‘ldiriladi. 2009 yilgacha bunday holatlar ahyon-ahyonda kuzatilardi, 2011 yildan esa har yili o‘nlab shunday holatlar ro‘y bera boshladi.

AQSh harbiy-dengiz kuchlari harbiylari Qandahordagi portlashda yaralangan sherigini vertolyotga olib ketmoqda. 2010 yil, 2 oktabr.
Foto: Reuters

2011
May oyida AQSh harbiy havo kuchlarining maxsus bo‘linmasi tomonidan o‘tkazilgan «Neptun nayzasi» nomli amaliyotda Pokistondagi boshpanasida Usama ben Lodin o‘ldiriladi. Uning chegaraning ikkinchi tomonida yashirinib kelgani fakti Afg‘oniston va Pokiston munosabatlarini keskin yomonlashtiradi — pokistonliklar maxsus xizmatlari avvaldan terrorchilarni faol qo‘llab-quvvatlashda gumon qilinib kelardi.

Afg‘on urushining birinchi o‘n yilligi yakunlari taskin bergulik emasdi: qariyb ikki ming amerikalik askar halok bo‘lgan va amaliyotlarga sarflangan 480 milliard dollar oxir-oqibat deyarli samara keltirmagandi. Jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar amerikaliklarning katta qismi Afg‘onistonda harbiy kontingent saqlashga qarshiligini ko‘rsatardi. «Tolibon» bilan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgandi. Sentabr oyida hukumat tomonidan tinchlik muzokaralarida vakil bo‘lgan Burhoniddin Rabboniy «Tolibon» delegatsiyasi vakillari sifatida taqdim etilgan ikki xudkush terrorchi tomonidan o‘ldirilgach, Hamid Karzay muzokaralarning navbatdagi bosqichini bekor qildi.

Dekabr oyida Bonnda Afg‘oniston kelajagi bo‘yicha o‘tkazilishi kerak bo‘lgan konferensiya Pokiston boykot e'lon qilishi tufayli barbod bo‘ladi. Pokiston delegatsiyasi konferensiya boshlanishidan avvalroq NATO kuchlari Afg‘oniston bilan chegara hudidida pokistonliklar armiyasi otryadlari bilan to‘qnashgani tufayli unda ishtirok etishdan bosh tortgandi.

Amerika armiyasining tibbiy-evakuatsiya xizmati xodimlari bemorni Duayyer bazasidagi dala gospitaliga olib ketishmoqda. 2011 yil 5 aprel
Denis Sinyakov / Reuters / Scanpix / LETA

2012
Fevral oyida Kobuldagi Bagram bazasida amerikalik askarlar «Tolibon» asirlari o‘zaro xabar almashishda foydalangani uchun musodara qilingan Qur'oni karim kitoblarini yoqishadi. Bu esa butun Afg‘oniston bo‘ylab Amerikaga qarshi murosasiz namoyishlar boshlanishiga sabab bo‘ladi, bu namoyishlarda nafaqat pushtunlar («Tolibon» — pushtunlarning milliy harakatidir), balki Afg‘onistondagi boshqa xalqlar, shu jumladan, G‘arb kuchlari bilan do‘stona aloqalarda bo‘lganlar ham qatnashadi.

Afg‘on harbiylari tomonidan g‘arblik ittifoqchilarga hujum qilinishi holatlari keskin oshadi: bir yilda shu kabi 44 holat ro‘y berib, bu hujumlarda koalitsiyaning 61 askari o‘ldiriladi va yana 81 kishi yaralanadi. Hujum qilganlar yoki xudkushlar bo‘lgan yoki ular otishma chog‘ida o‘ldirilgan, shu tufayli ularni bunga nima undagani mavhum bo‘lib qolgan: ular «Tolibon» safiga yollangan yoki unga a'zo bo‘lib kirgan bo‘lishi ham, ularni Bagram bazasida Qur'on yoqilishi qattiq g‘azablantirgan bo‘lishi ham mumkin.

Afg‘onlar Kobuldagi Bagram aviabazasi oldida namoyish qilishmoqda. Qur'oni karimning bir necha nusxasi harbiylar tomonidan yoqilgani haqidagi xabar ortidan baza darvozasi oldida bir necha ming kishi to‘plangan. 2012 yil 21 fevral
Musadeq Sadeq / AP / Scanpix / LETA

2013
NATO Afg‘onistondagi harbiy missiya yakunlangani haqida rasman e'lon qilib, xavfsizlikni ta'minlash vakolatini afg‘on milliy armiyasi va politsiyasiga topshiradi. NATO harbiylari, jumladan, amerikaliklar kontingenti mamlakatda aksilterror amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun va milliy armiyaga maslahatchilar rolida qoldiriladi. Xalqaro kontingent hajmi bosqichma-bosqich qisqartirila boshlanadi.

2013 yilda Vice medialoyihasi «G‘alabaning asl ko‘rinishi» («This Is What Winning Looks Like») nomli bir yarim soatlik hujjatli filmni taqdim etadi. Film davomida nashr korrespondenti Ben Anderson afg‘on politsiyasilarini shug‘ullantirish uchun mas'ul bo‘lgan Amerika armiyasi mayoriga hamrohlik qiladi. Kartina odamlarni shokka tushiradi: ushbu filmning bosh qahramoni bo‘lgan mayor Bill Steybenning qo‘l ostidagilar doimiy ravishda gashish va opium iste'mol qilishi tufayli oyoqda zo‘rg‘a turar, pul evaziga qaytarib berish uchun odamlarni garovga olar hamda qishloqlar atrofidan bolalarni o‘g‘irlab, ularni jinsiy qul sifatida politsiya mahkamalarida tutib turishardi. Korrupsiya butun afg‘on jamiyatiga shu qadar chuqur zarba bergandiki, Kobuldagi hukumatning bu muammoga qarshi kurash to‘g‘risidagi har qanday bayonoti absurd ko‘rinardi. Doimiy zo‘ravonliklardan mahalliy aholi butunlay tushkun kayfiyatga tushadi va rasmiy hukumat hamda amerikaliklar bilan hamkorlik qilish to‘g‘risidagi barcha takliflarga shunday javob qaytariladi: sizlar ertaga ketasizlar, «Tolibon» esa shu yerda.

Amerika armiyasi askari xudkush NATO kuchlari kolonnasiga hujum qilgan joyda. 2013 yil 16 may. Bu fotosurat muallifi Anya Nidringaus bir yil o‘tib Xost shahrida halok bo‘lgan. Uning yonida AP nashrining yana bir jurnalisti Keti Gennon bo‘lgan, o‘shanda blokpostdagi tekshiruv vaqtida mahalliy politsiya boshlig‘i kutilmaganda amerikaliklarni o‘qqa tutgan.
Anja Niedringhaus / AP / Scanpix / LETA

2014
Barak Obama amerikalik harbiylarning katta qismi Afg‘onistondan olib chiqilishi rejasini anons qiladi: u bosqichma-bosqich o‘tkazilib, 2016 yil oxirida yakunlanishi ko‘zda tutilgandi. Amerikaliklarni NATOning «Qat'iy qo‘llab-quvvatlash» (Resolute Support) tinchlikparvarlik missiyasi almashtiradi: 10 mingga yaqin askardan iborat kontingent ham kelgusida o‘z mamlakatini to‘laqonli himoya qila olishi uchun afg‘on harbiylarini o‘qitishi kerak edi.

Hamid Karzayning so‘nggi qonuniy muddati yakunlanadi va Afg‘onistonda yangi prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. «Tolibon» to‘sqinlik qilishga qaratilgan harakatlarni muntazam davom ettirganiga qaramay barbod qilishga, saylovoldi poygasi oxirigacha ikki nomzod yetib keladi — sobiq moliya vaziri Ashraf G‘ani Ahmadzoy va sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla. Ikkinchi turdagi ovozlar hisoblanganidan keyin ham oradagi farq juda kichik bo‘lgani tufayli Qo‘shma shtatlar vositachiligida «Milliy kelishuv hukumati» koalitsiyasini tuzishga to‘g‘ri keladi, unda saylovda kichik farq bilan yutqazgan Abdulla Abdulla uchun maxsus tashkil qilingan hukumat raisi lavozimi beriladi.
 

Amerikalik askarlar ularning dala lageri o‘qqa tutilgan pozitsiyani qidirmoqda. 2014 yil 30 mart
Scott Olson / Getty Images

2015
Kobuldagi markaziy hukumat zaiflashgani va g‘arb kuchlari olib ketilayotganidan foydalangan «Tolibon» keng ko‘lamli hujum qilish taktikasiga o‘tadi va hatto bir muddat davomida Qunduz viloyati markazini egallab turadi. Barak Obama amerikalik harbiylarni olib ketish jarayonini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Shaharni qaytarib olish uchun olib borilgan janglar vaqtida amerikalik uchuvchilar xatolik tufayli «Chegarasiz shifokorlar» gospitaliga bomba tashlaydi va o‘nlab kishilar halok bo‘lishi va jarohatlanishiga sababchi bo‘lishadi. Rossiya o‘z hududi orqali NATO harbiylari uchun ochib berilgan havo-transport yo‘lagini yopadi. Tinchlik kelishini 15 yil kutgan afg‘onistonliklar ommaviy ravishda mamlakatni tark etishga tushadi; millionlab qochoqlar Yevropaga oqib kelgan migratsion inqiroz davrida ularning taxminan 20 foizini afg‘onlar tashkil etardi.

Serbiya va Vengriya orasidagi yo‘lda hushini yo‘qotgan hirotlik 53 yoshli qochoq Nafisaga o‘g‘li va qizi yordam bermoqda. 2015 yil 13 sentabr
Muhammed Muheisen / AP / Scanpix / LETA

2016
«Tolibon» Hilmand viloyatida keng ko‘lamli yurish boshlaydi va bir necha shaharlar hamda muhim aholi punktlarini egallaydi. Bundan tashqari, Afg‘onistonda yangi o‘yinchi faollashadi — IShIDning hududiy bo‘limi bo‘lgan «Xuroson viloyati» guruhi markaziy hukumatga ham, «Tolibon»ga ham qarshi kurash boshlaydi. Bu guruh tomonidan 2016 yil iyulida Kobul shahrida o‘sha vaqt uchun eng qonli terakt sodir etiladi, o‘shanda xudkush tomonidan boshqarilgan yuk mashinasiga o‘rnatilgan portlovchi qurilmalar etnik kamchilikka mansub hazariylar tomonidan o‘tkazilgan namoyish vaqtida harakatga kelishi oqibatida 80dan ortiq kishi halok bo‘lib, yuzlab kishi jarohatlanadi. Bu voqealar G‘arb kuchlarining Afg‘onistondan olib ketilishi jarayonini yana sekinlashtiradi.

Kobuldagi tinch namoyish vaqtida sodir etilgan teraktda 80 kishi halok bo‘lganidan keyingi kunda dafn marosimi uchun bo‘sh tobut olib ketayotgan afg‘on. 2016 yil 25 iyul
Rahmat Gul / AP / Scanpix / LETA

2017
Amerika harbiy-havo kuchlari IShID vakillarining Nangarhar provinsiyasidagi yer osti inshootlarini yo‘q qilish uchun eng qudratli noyadroviy aviabombasi — og‘irligi 9,5 tonna, quvvati — trotil ekvivalentida 11 tonna bo‘lgan «barcha bombalarning onasi»ni (GBU-43/B, yana bir nomi MOAB - Massive Ordnance Air Blast, portlovchi harakatli og‘ir o‘q-dori) tashlaydi.

AQShda  yangi prezident Donald Trampning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi, u Afg‘onistondan harbiylarni olib chiqishga shoshilmaslik kerakligi, bu «terrorchilar to‘ldirishi tayin bo‘lgan vakuum» hosil qilishi haqida aytadi. Amerikaliklar kontingenti yana ko‘paya boshlaydi.

Dunyodagi eng yirik aviabomba - Mother of All Bombs Afg‘oniston sharqidagi yer osti tunnellari tarmog‘i bo‘ylab tashlandi. 2017 yil 13 aprel
Smith Collection / Gado / Getty Images

2018
Afg‘oniston amerikalik harbiylar ishtirokidagi eng uzoq davom etgan harbiy amaliyotga aylanadi - Vetnam urushidagi rekord yangilanadi. «Tolibon» taslim bo‘lish haqida o‘ylamasdi — birgina Kobulda harakat a'zolari tomonidan sodir etilgan davomli teraktlar yana yuzlab kishilar hayotiga zomin bo‘ladi.

Kobul markazida xudkushlar tomonidan sodir etilgan teraktdan keyin bir joydan ikkinchi joyga chopib yurgan xavfsizlik xizmati xodimlari. O‘shanda ikki hujum oqibatida 30 kishi halok bo‘lgan, ularning 10 nafari jurnalist edi, qurbonlar orasida AFP agentligining Afg‘oniston poytaxtidagi shef-fotografi Shoh Maray ham bor edi. 2018 yil 30 aprel
Massoud Hossaini / AP / Scanpix / LETA

2019
Terrorchilar bilan kelishuv tuzib bo‘lmasligi haqida aytilgan avvalgi bayonotlariga qaramay, AQSh Qatarda «Tolibon» vakillari bilan muzokaralar stoliga o‘tiradi. Toliblar Afg‘onistondagi boshqa ekstremistik guruhlar bilan hamkorlik qilmasliklari evaziga amerikalik harbiylar mamlakatdan olib chiqilishini so‘rashadi. Bundan tashqari, Afg‘oniston hukumatining «Tolibon» bilan muzokaralar uchuni uchun Rossiya tomonidan vositachilik taklif etiladi — hatto «Rossiya segodnya» davlat agentligi «Tolibon»ni terrorchilik tashkiloti sifatida baholashni to‘xtatadi, holbuki Oliy sud bu guruhni 2003 yilda terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgandi.

Ammo amerikaliklarning «Tolibon» bilan muzokaralari bir tomondan terrorchilik aktlari ortishi, ikkinchi tomondan bombardimonlar davom etishi tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qoladi. Afg‘onistonning tiklanishi masalalari bo‘yicha maxsus bosh inspektori ofisi (Special Inspector General for Afghanistan Reconstruction - SIGAR) hisobotlariga ko‘ra, yil boshida afg‘on hukumati mamlakatning yarmidan ko‘proq qismini nazorat qilayotgani, qolgan yarmining katta qismidagi viloyatlar yoki toliblar qo‘lida yoki ularning ta'sirida ekani ma'lum qilingan.

Afg‘onistonda halok bo‘lgan amerikalik askar tobuti, Delaverdagi dafn marosimi vaqtida. 2019 yil 25 dekabr
Mark Wilson / Getty Images

2020
Fevral oyida AQSh va «Tolibon» vakillari Dohada baribir kelishuvga erishadi hamda tinchlik bitimi tuziladi. Unga ko‘ra, amerikaliklar 14 oy ichida mamlakatdan harbiylarni olib ketishi ko‘zda tutilgandi. Kobul rasmiy hukumati norozilik bildiradi, ular muzokaralarda ishtirok etmagandi, ammo kelishuvga ko‘ra, rasmiy Kobul «Tolibon»ning qamoqxonalardagi bir necha ming a'zolarini qo‘yib yuborishi kerak edi.

Bu kelishuvga qaramasdan, «Tolibon» jangarilari yana bir keng ko‘lamli hujum boshlab, Kobul hamda Afg‘onistonning boshqa viloyatlarida davomli teraktlar sodir etadi. Yil oxiriga kelib Afg‘oniston hukumati toliblar bilan muzokaralar shartlarini kelishadi hamda qariyb 20 yil ichida ilk bor Dohada rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Amerikalik diplomat Zalmay Xalilzad va «Tolibon» harakati yetakchilaridan biri mulla Abdul G‘ani Barador Qatar poytaxti Dohadagi tinchlik kelishuvini imzolash vaqtida. 2020 yil 29 fevral
EPA / Scanpix / LETA

2021
«Adoqsiz urush» AQShning qatorasiga to‘rtinchi prezidenti — Jo Bayden davrida ham yakunlanmadi. NATO nihoyat afg‘on muammosini harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmasligini tan oldi va «Qat'iy qo‘llab-quvvatlash» missiyasi qisqartirilishi va harbiylar 1 maydan olib chiqilishini e'lon qiladi. «Tolibon» va Donald Tramp ma'muriyati kelishuvi bo‘yicha amerikalik harbiylar olib ketilishi jarayoni 2021 yil 1 mayda yakunlanishi kerak edi — ammo Bayden bu muddatni 11 sentyabrga — Nyu-Yorkdagi teraktning 20 yilligi sanasiga ko‘chirdi.

Bu yillar mobaynida Afg‘onistonda G‘arb koalitsiyasining 3,5 ming askari va 65 mingdan ortiq afg‘on askarlari halok bo‘ldi. Tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlar bo‘yicha aniq raqamlar yo‘q, ammo bu talafot o‘n minglab miqdorda o‘lchanadi. Bugungi kunda ikki milliondan ortiq afg‘on boshqa mamlakatlarda qochqinlikda yashamoqda.

Afg‘on xavfsizlik xizmati xodimlari masofadan portlatilgan bombadan jabrlangan avtomobilni olib ketishmoqda. Kobul, 2021 yil 1 fevral
Rahmat Gul / AP / Scanpix / LETA

Mavzuga oid

E`lonlar