11:01 / 28.06.2021
4185

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ “BIG FOUR” guruhiga kiruvchi jahonda yetakchi auditorlik kompaniyalari bilan hamkorlik qilmoqda

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati 2019-2020 yillar uchun Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari (MHXS) asosida moliyaviy tahlil va hisobotlarni tayyorlash borasida “BIG FOUR” guruhiga kiruvchi “Deloitte” xalqaro auditorlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqda.  

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Boshqaruv raisi F.M. Abdurahmonov «Deloitte» kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda xalqaro audit sohasida o‘zaro hamkorlik, moliyaviy faoliyatni xalqaro tan olingan tamoyillar asosida tahlil etish jarayonlari, mutaxassis kadrlarning malakasini oshirish hamda kelajakda xalqaro reytinglarini qo‘lga kiritish borasida ustuvor vazifalar muhokama qilindi. 

- Bugun elektr energiyasi ishlab chiqarish kompleksi xalqaro kredit reytinglarisiz rivojlanishi mumkin emas, bu borada avvalo shaffoflik tamoyillariga asoslangan jahonda tan olingan audit tekshuruvlari xulosalarini qo‘lga kiritishimiz zarur, - deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Boshqaruv raisi F. Abdurahmonov.  

“Deloitte” kompaniyasi auditorlik tekshiruvlarini joriy yilning sentyabr oyiga qadar yakunlashi kutilmoqda. 

Shuningdek, ayni kunlarda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan jahonda yetakchi “BIG FOUR” guruhiga kiruvchi yana bir yirik kompaniya “KPMG” ishtirokida soha korxonalarida faoliyat olib borayotgan buxgalter-kadrlar malakasini oshirish va MHXSga o‘tish jarayonini jadallashtirish maqsadida mutaxassislar uchun malaka oshirish kurslari o‘tkazilmoqda.  

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati

Top