Ayni kunlarda korxona o‘zining 2022 yildagi faoliyati yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni e’lon qildi.

2022 yilda ishlab chiqarilgan elektr va issiqlik energiyasi hajmi 17,9 trln so‘mni tashkil etib, reja ko‘rsatkichi 103,8 foizni tashkil qildi. Bunda, o‘tgan yil natijalariga ko‘ra  55,5 mlrd kVt soat elektr energiyasi va 5,35 mln Gkall issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, yagona energotizimga uzatildi.

Tarmoqni moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish, boshqaruv tizimini jahonda tan olingan tamoyillar asosida tashkil etish maqsadida “McKinsey&Company”, KPMG va Deloitte kabi xalqaro konsalting kompaniyalari jalb qilindi hamda o‘rganishlar natijasida bir qator tashabbuslar va rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi.  

Shunga ko‘ra, iste’molchilarga barqaror energiya resurslarini yetkazib berish, elektr va issiqlik energiyasi narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, yoqilg‘i sarfini kamaytirish, operatsion samaradorlikni ta’minlash, yuqori rivojlangan hamda energosamarador texnologiyalarni joriy etish natijasida 2022 yilda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi 1,36 trln so‘mga pasaytirildi. Bunda belgilangan reja 118,3 foizga bajarildi. 

Investitsiya dasturiga asosan 6 ta loyiha doirasida 256,3 mln AQSh dollari o‘zlashtirilib, belgilangan yillik reja 111,9 foizni tashkil etdi.

Investitsiya loyihalari doirasida hozirgi vaqtda Toshkent IEMda har birining quvvati 32 MVtga teng bo‘lgan ikkita gaz turbina qurilmasini qurish va Tolimarjon IESning quvvatini kamida 900 MVtga oshirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. 

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ investitsiya loyihalarini samarali amalga oshirish bo‘yicha, bugungi kunda AQShning “General Electric”, Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation”, “Itochu”, Janubiy Koreyaning “Hyundai”, Ispaniyaning “Intecsa Ingeniera Industrial S.A.”, Italiyaning “AC Boilers S.p.A”, Rossiyaning “Silovyye mashiny”, “Krasnyy kotelshchik”, “Kalujskiy turbinnyy zavod”, “Taganrogskiy kotelostroitelnyy zavod”, “Leningradskiy metallicheskiy zavod”, Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyalari hamda YeTTB, OTB, Yaponiyaning “JICA”, Xitoyning davlat taraqqiyot banki bilan samarali hamkorlik ishlari olib borilmoqda.