23:35 / 31.08.2021
13461

“4 yil oldin paxta sotar edik, endi sotib olyapmiz” - Shuhratbek Abdurahmonov Andijondagi yangi obektlarni ochib berdi

Mustaqillik bayrami arafasida Andijon viloyatida 150 dan ziyod yangi korxonalarning ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi. Rasmiylarga ko‘ra, ularda 15 mingta ish o‘rinlari yaratilgan.

Shuningdek, qator ijtimoiy soha obektlari – maktab va mahalla guzarlari ham foydalanishga topshirildi, chin yetim yoshlarga prezident farmoniga asosan uylar berildi.

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ochilish marosimlarida ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, Asaka tumani Yuksalish mahallasida “Silk Vorm” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ishga tushib, 300 nafar mahalliy aholi ish bilan ta'minlandi.

Marhamat tumani Alitepa qishlog‘ida tadbirkor Qobiljon Obidov oyna mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi. Shu kuni Birlik mahallasida yangi guzar faoliyatini boshlab, Marhamat tumani markazida ko‘ngilochar turistik maskanning ochilish marosimi bo‘ldi. Guliston mahallasida yashovchi 150 nafar qiz-ayollar “Rayyona tekstil”dan o‘z ish o‘rnini topdi.

Ta'kidlanishicha, Andijon tumanida “Vodiy sanoat faxri” mato bo‘yash hamda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ochilib, 100 nafar aholiga ish o‘rni yaratildi. Oltinko‘l tumanida “Vodiy oltin kuz” kir yuvish mashinalarini ishlab chiqarishni boshladi.

Xo‘jaobod tumanida 14 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarga uy-joylar berildi. Nurzamin mahallasida 150 ish o‘rniga ega Fayz-M korxonasi faoliyat yuritishga kirishdi.

Jalaquduq tumanining So‘fiqishlog‘ida eng ko‘p ishchi qabul qilgan “Zumrad tekstil” korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu korxona ming nafar mahalliy aholini ishlik qildi.

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda mazkur yangiliklar xususida gapirib o‘tdi.

“Andijonda shunday an'ana bor. Bayramlar arafasida katta-katta obektlar qurib xalqimizga tuhfa qilinadi. Uch kundan beri Andijonda 150 dan ortiq katta-kichik korxonalarni xalqimizga bayram tuhfasi qilib topshiryapmiz.

Bugun ochiq-oydin aytishga haqqim ham bor – Andijonda tekstil sohasi juda jadal rivojlanmoqda. Andijon 4 yil avval faqat paxta sotardi. Paxtani, chigitni ajratib, faqat tola sotardi. Endi ishlab chiqarish uchun boshqa viloyatlardan paxta tolasi sotib olyapti.

To‘rt yil ichida o‘zimiz yetishtirayotgan paxtani 170 foiz kalava ip qilishga imkoniyat yaratildi. 120 foiz mato qilish imkoniyati yaratildi. 90 foiz bo‘yoq fabrikalarimiz ishga tushdi. Endi eng asosiy urg‘uni tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratyapmiz.

Hozir mana “Zumrad tekstil” korxonasining ochilish marosimida qatnashdik. Bu yerda 1000 nafar jalaquduqlik ayollarimiz, qizlarimiz, opa-singillarimiz bugun ishli bo‘ldi.

Oldimizda turgan eng katta vazifa – Andijonda tadbirkor bo‘laman degan, tadbirkorlik qilayotgan har bir inson bilan gaplashib, ularga imkoniyat, sharoit yaratib berish.

Andijonda qurilish sohasiga ham juda katta e'tibor beryapmiz. Buloqboshi tumanida marmar ishlab chiqarish, Xo‘jaobod tumanida yiliga 1 mln 200 ming tonna eng yuqori markali sement ishlab chiqaradigan zavodni ochdik. Unda ham 400 fuqaro ish bilan ta'minlandi. Oddiy ishchi 4 mln so‘m oylik oladigan sharoit yaratildi.

Uchinchi yo‘nalish – ijtimoiy sohada, ya'ni maktablar, bog‘chalar, nodavlat bog‘chalar, nodavlat maktablar va sog‘liqni saqlash obektlarini ham yil boshida boshlaganlarimizni mana shu bayram arafasida topshiryapmiz.

Yaqindagina hurmatli prezidentimiz chin yetim farzandlarimizga bepul uy-joy qilib berish bo‘yicha farmon qabul qilgan edi, mana bugun Andijonda 33 ta mana shunaqa bolalarimizni aniqladik. Bugun shularning 10 tasini, mana shu qisqa davr ichida yangi bepul uy-joylar bilan ta'minladik, ichidagi jihozlari bilan.

Nasib qilsa, oktyabrga 33 ta bolalarimizning hammasini mebel jihozlari bilan yangi uylarga olib kiramiz.

Men aytmoqchi bo‘layotgan narsa, albatta inson, rahbar ishlaganidan keyin o‘z oldiga maqsad, niyat qo‘yishi kerak. Andijonda bugun urf-odat bo‘lib qolgan, mana shunday bayram arafalarida katta-katta obektlarni ishga tushirib, xalqimizning hayotdan rozi bo‘lishini ta'minlash.

Mana,bayram arafasida turibmiz. Mustaqillik bayramimizning 30 yilligi. Bu – eng ulug‘, eng aziz bayram, har qaysi fuqaro Vatanni, o‘zining Vatani mustaqilligini asrab-avaylashi, Vatanda o‘zining vatani borligini sezishi kerak, deb o‘ylayman. Bu bayram butun xalqimizniki, shu bois yaqinlashib kelayotgan bayram bilan butun O‘zbekiston xalqini andijonliklar nomidan, o‘zimni nomimdan chin yuragimdan tabriklayman”, – deydi Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov.

Elmurod Ermatov,

Azizbek Ismoilov Ⓣ

Top