18:13 / 28.10.2021
6054

Akmal Saidov avvalgi saylovlar paxta yig‘im-terimini hisobga olib dekabrda o‘tkazib kelinganini aytdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov avvallari aholining saylov ovoziga ega 6-7 million nafar vakili bu davrda paxta yig‘im-terimida band bo‘lishi hisobga olinib, saylovlarni dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazish belgilanganini bildirdi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Akmal Saidovga ko‘ra, joylardagi saylov uchastkalarini qishning sovuq va qor-qirovli kunlarida ovoz berish uchun tayyorlash ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi mumkin edi va bu fuqarolarning saylovda ishtirok etish faolligiga ham muayyan darajada salbiy ta'sir ko‘rsatardi.

«Shu ma'noda, bu galgi prezident saylovi oktabr oyida o‘tkazilgani bunday muammolarga oson yechim topish imkoniyatini yaratdi», – deyiladi parlament quyi palatasi rasmiy saytida e'lon qilingan maqolada.

Shuningdek, deputat o‘z maqolasida prezident saylovi ilk marotaba 2019 yilda qabul qilingan Saylov kodeksi jiddiy sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganini ta'kidlagan hamda ushbu saylovlarning 16 ta o‘ziga xos xususiyatlarini sanab o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2021 yil 8 fevral kuni imzolangan «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan prezidentlikka, parlamentga, mahalliy kengashlarga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bungacha saylovlar dekabr oyida o‘tkazilar edi.

Keyinroq, Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatov prezident, parlament va mahalliy kengashlarning saylov sanasi oktabr oyiga ko‘chirilishi fuqarolardan kelgan takliflar asosida bo‘lganini bildirgan.

«Bu borada xalqaro tajribalar ham o‘rganildi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan qonunning konsepsiya variantida saylovlarni mart oyiga ko‘chirish haqidagi taklif ham bor edi. Fuqarolar bilan o‘tkazilgan seminar tadbirlarimizda ham, ommaviy axborot vositalari orqali olgan takliflarimizda ham mart, may, avgust va sentabr oylari bor edi. Lekin fuqarolardan kelgan takliflarda saylovlarni oktabr oyida o‘tkazish bo‘yicha eng ko‘p – 70 foizdan ortiq takliflar yuborilgani uchun shu oyga o‘zgartirildi.

Ob-havo bilan bog‘liq masala kichkina bir omil bo‘lishi mumkin. Asosiy omil – O‘zbekiston saylovchilarining xohish-irodasi, qolganlari ikkilamchi», – degan edi Xudoyor Mamatov.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top