Boş vazir Andrey Plenkoviç boşçiligidagi hukmron konservativ «Xorvatiya demokratik ittifoqi» (HDZ) partiyasi muddatidan oldin parlament saylovlarida ğalaba qozondi, biroq Xorvatiyaning yangi parlamentida köpçilik örinni saqlab qoliş uçun yetarliça ovoz töplay olmadi. 18 aprel, payşanba kuni saylov komissiyasining rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotlar şundan dalolat bermoqda.

Ularga köra, saylov byulletenlarining 99 foizi sanab bölingandan söng konservatorlar 151 örinli Sabor – Xorvatiya parlamentida 60 örin, eng yirik muxolifat kuçlari – söl markazçi «Sotsial-demokratik partiya» va uning hamkorlari – 42 öringa ega böladi. «Vatan harakati»ning öng qanot populistlari - 14 örin, ultrakonservatorlar va «yaşillar» mos ravişda 11 va 10 örinni qölga kirityapti. 

Saylovçilarning iştiroki 60 foizdan oşdi, bu 2020 yilgi saylovdagi 47 foizdan ança yuqori. 

Xorvatiya boş vaziri ğalabasini e’lon qildi 

Xorvatiya boş vaziri Andrey Plenkoviç allaqaçon ğalaba qozonganini e’lon qildi. «HDZ ketma-ket uçinçi bor parlament saylovlarida işonçli ğalaba qozondi. Ertadan biz uçinçi hukumatimizni şakllantiriş ustida iş boşlaymiz», dedi u öz tarafdorlari bilan suhbatda. 

Mart oyida Xorvatiya parlamenti muxolifatdagi sotsial-demokratlar tomonidan hukmron partiyaga nisbatan korrupsiyada ayblovlar qöyilgani fonida özini tarqatib yuborişga qaror qilgan edi. 

Tanqidçilarga köra, Plenkoviç muddatidan oldin saylov ötkazişga qaror qilgan, çunki uning «Xorvatiya demokratik ittifoqi» partiyasi keyinçalik maşhurligini yöqotişidan qörqqan. Xorvatiyada parlament saylovlari aslida kuzda bölib ötişi kerak edi.

Öz navbatida, 14 mart kuni Sabor sud suriştiruvi ma’lumotlarini jurnalistlarga yetkazgan xabar beruvçilarga nisbatan jazo çoralarini nazarda tutuvçi munozarali qonunni qabul qildi. Muxolifatning fikriça, bu qonun Plenkoviçga yaqin bölgan korrupsion siyosatçilarni yaşirişga qaratilgan.