08:26 / 30.04.2022
8212

Yaponiya tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga tashrif buyurdi

O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayasi prezident Shavkat Mirziyoyev va tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov tomonidan qabul qilindi.

Dastlab, kecha 29 aprel kuni martabali mehmonni Norov Toshkent xalqaro aeroportida kutib oldi va qisqa suhbatda tomonlar tashrif kun tartibidagi asosiy masalalar va rejalashtirilgan uchrashuvlar bo‘yicha fikr almashdi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayasini qabul qildi.

Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, Yaponiyaning rivojlanish va hamkorlik institutlarining moliyaviy mablag‘lari ishtirokidagi qo‘shma dasturlar portfeli 7 milliard dollardan oshgan.

O‘zaro savdo hajmi esa talab yuqori bo‘lgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi turlarini yetkazib berish hisobiga oshib bormoqda.

Shavkat Mirziyoyev oliy darajadagi samarali muloqotlarni davom ettirish muhim ekanligiga to‘xtalib, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaga O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelish taklifini yana bir bor tasdiqladi.

Bir necha soatdan keyin Tashqi ishlar vazirligida Vladimir Norov yaponiyalik hamkasbini qabul qildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Yoshimasa Xayasi O‘zbekistonga tashqi ishlar vaziri sifatida so‘nggi 12 yilda ilk marotaba tashrif buyurayotganini ta’kidlagan.

Vladimir Norov O‘zbekiston tomoni umumiy mentalitet, an’ana va qadriyatlar asosida alohida ishonch va o‘zaro hamjihatlik kasb etgan Yaponiyani yaqin do‘st va vaqt sinovidan o‘tgan hamkor sifatida bilishini ta’kidladi.

Uchrashuvda «Markaziy Osiyo + Yaponiya» muloqoti samaradorligini transport-logistika borasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, shuningdek, ekologiya, ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash sohalari bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali yuksaltirish muhimligi qayd etildi. Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyatga alohida e’tibor qaratilib, afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

TIVda o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan, shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Xalq ta’limi, Transport, Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosarlari ham qatnashdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bugun Yaponiya bosh diplomati Toshkentning bir qancha diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Top