16:49 / 13.05.2022
24736

Nur-Sultonda 8-qavatdan osilib qolgan qizcha qutqarildi. Xaloskorga uy sovg‘a qilindi

11 may kuni Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida ko‘p qavatli uylardan birining 8-qavatida osilib qolgan qizcha qutqarib qolingani videosi tarqaldi. Qizchani qutqarib qolgan kishi o‘sha ko‘p qavatli uyda yashovchi, 36 yoshli Sobit Shontakbayev bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Sobit Shontakboyev11 may kuni ertalab 10:30lar atrofida ishga ketayotganda, uyi hovlisida odamlar gavjum bo‘lib turganini payqagan. 8-qavatda qizcha osilib qolganini ko‘rgach, darhol uni qutqarishga shoshilgan va 7-qavatda yashovchi qo‘shnisining uyiga chiqqan. Shu yerdan derazaga chiqib, qizchani qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lgan.

Voqea tasvirga olingan video tarqalgach, qozog‘istonliklar Sobitga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishgan.

Keyinroq Favqulodda vaziyatlar vazirligida Sobit Shontakboyevga “Tөtenshe jag‘daydag‘y yerlіgі үshіn” (Favqulodda vaziyatda ko‘rsatgan qahramonligi uchun) ko‘krak nishoni topshirilgan.

Poytaxt hokimi Altay Qo‘lginov Sobitga uni ish bilan ta’minlash, oilasini poytaxtga ko‘chirishga yordam berish va kreditlarini to‘lashda yordamlashish uchun homiylar topishda ko‘maklashishga va’da bergan. Bundan tashqari, Sobitga 3 xonali xonadon, qizni qutqarishda unga ko‘maklashgan hamrohiga esa 2 xonali xonadon berilgan.

“Hozirgina uch xonali kvartira bergan qurilish kompaniyasi ofisidan hujjatlarni to‘ldirib chiqdim. Menga yordam bergan do‘stimga ham ikki xonali kvartira berilyapti. Hozir hujjatlar tayyorlanmoqda”, – degan Sobit Shontakbayev Tengrinews.kz muxbiri bilan suhbatda.

Sabitning aytishicha, unga Qozog‘istonning turli hududlaridan, u tanimaydigan odamlar ham qo‘ng‘iroq qilib minnatdorchilik bildirishmoqda.

Sobit Nur-Sultonga Qizilo‘rdadan kelgan. Quruvchi bo‘lib ishlaydi, to‘rt farzandi bor.

Top