18:28 / 02.08.2022
14137

Tayvanda Xitoyning ehtimoliy hujumi bois bombapanohlar shay holga keltirilmoqda

Taybeyda 4600dan ortiq ana shunday obektlar bo‘lib, ularga poytaxt aholisidan to‘rt baravar ko‘p - 12 mln nafarga yaqin odam joylashishi mumkin.

Foto: REUTERS/Ann Wang

Tayvan hukumati Xitoy bilan munosabatlar keskinlashishi fonida orolning yirik shaharlarida bombapanohlarni shay holatga keltira boshladi, deb xabar berdi Reuters.

Xabarda aytilishicha, odamlar raketa zarbasi berilgan vaqtda yashirinishi mumkin bo‘lgan joylar belgilab chiqilmoqda. Hukumatning fikricha, nafaqat maxsus bunkerlar, balki yerosti avtoturargohlari, metro va savdo markazlarining yerosti qavatlari ham bombapanoh vazifasini bajarishi mumkin.

Taybeyda 4600dan ortiq ana shunday obektlar bo‘lib, ularga poytaxt aholisidan to‘rt baravar ko‘p - 12 mln nafarga yaqin odam joylashishi mumkin, deb yozadi Reuters.

Taybey fuqarolari smartfondagi ilova yordamida ham yaqin-atrofdagi bombapanoh qayerdaligi to‘g‘risida ma’lumot olishlari mumkin.

AQSh Kongressi vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi fonida Vashington va Pekin o‘rtasidagi ziddiyat tobora kuchayib bormoqda.

Xitoy hukumati bir necha bor AQShni Pelosining Tayvanga tashrifini bekor qilishga chaqirdi.

Germaniyaning dpa agentligi Tayvan parlamentidagi manbalarga tayanib xabar berishicha, Nensi Pelosi Taybeyga 2 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 22:30 (Toshkent vaqti bilan 19:30)lar atrofida qo‘nishi mumkin.

Mavzuga oid
Top