12:06 / 03.08.2022
27978

Nensi Pelosi Tayvanda. Xitoy jiddiy oqibatlar bilan tahdid qildi, ammo hozircha faqat mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda

AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Xitoyning tahdidlariga qaramay seshanba kuni kechqurun Tayvanga keldi. Oq uy Xitoy bu tashrifga harbiy provokatsiyalar bilan javob qaytarishi mumkinligidan ogohlantirgandi. Xitoy hozircha Tayvan atrofida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish haqida e’lon qilgan.

Foto: Tayvan prezidenti ofisi / AFP

AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2 avgust kuni mahalliy vaqt bilan kechqurun (Toshkent vaqti bilan 18:45) Tayvanga qo‘ndi. Uning tashrifi so‘nggi kunlarda jahon yangilik saytlarining asosiy mavzusiga aylandi, orolni de-fakto o‘z hududi deb hisoblaydigan Xitoy va Amerika munosabatlari keskinlashdi.

Amerikaliklar delegatsiyasi samolyoti Taybeyga qo‘nishiga bir necha soat qolganida samolyotlar harakatini kuzatib boruvchi FlightRadar24 saytida uzilishlar kuzatila boshladi; kompaniyadagilar buni ushbu reysga haddan tashqari yuqori qiziqish bilan izohladi, keyinroq ma’lum bo‘lishicha, samolyot yo‘nalishini bir vaqtning o‘zida 700 mingdan ortiq kishi kuzatib borgan.

Tayvanda 500 metrli «Taybey 101» osmono‘par binosida amerikaliklar delegatsiyasi tashrifi arafasida «Speaker Pelosi, Welcome to TW» va «TW ❤️US» yozuvlari aks etdi.

Samolyot qo‘ngach Pelosining ofisi rasmiy bayonot berdi, unda Kongress delegatsiyasi tashrifi Amerikaning Tayvan demokratiyasini «qo‘llab-quvvatlashda ikkilanmasligi» hamda bu tashrif Amerikaning Xitoy bo‘yicha siyosatiga «hech qanaqasiga zid emasligi» keltirilgan.

Foto: Tayvan TIV / EPA / Scanpix / LETA

Taybeydagi aeroportda Pelosi xonimni Tayvan tashqi ishlar vaziri Jozef U kutib oldi, shundan keyin u mahalliy parlamentga yo‘l oldi. U Tayvan parlamentidagi chiqishida Tayvan jamoatchiligini «dunyodagi eng erkinlaridan biri» deb atadi. U xavfsizlik va iqtisodiyot masalalari muhokamasi uchun Tayvan bilan parlamentlararo aloqalarni kengaytirishga chaqirdi.

Parlamentda Pelosi xonimni spiker o‘rinbosari Say Sichan qabul qildi va uni «Tayvan xalqining katta do‘sti» deb atadi. Uning delegatsiyasi tashrifi «demokratiya va erkinlik qadriyatlari himoyasi»dan guvohlik berishi ta’kidlandi. Spikerning o‘zi Yu Sikun koronavirus tufayli karantinda.

Parlamentga tashrifdan keyin Pelosi Tayvan prezidenti Say Inven bilan uchrashish uchun yo‘l oldi. U Tayvan ma’muriyati rahbariga AQSh delegatsiyasi orolga uni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini tasdiqlash uchun kelganini aytdi. Say Inven esa Vakillar palatasi spikeriga Tayvanni qo‘llab-quvvatlov uchun minnatorchilik bildirdi, «Tayvan harbiy tahdidlar qarshisida chekinmasligi»ga va’da berdi va unga hukumat ishonch yorlig‘ini topshirdi.

Chorshanba kuni amerikalik mulozim Tayvan jamoatchiligi vakillari guruhi bilan uchrashadi. Uchrashuv Nyu-Taybeydagi Inson huquqlari milliy muzeyida o‘tkaziladi.

Shu bilan bir vaqtda The Washington Post gazetasi Nensi Pelosining kolonkasida «Men nima uchun Tayvanga Kongress delegatsiyasiga rahbarlik qilyapman» sarlavhali maqola chiqardi. Unda kongressvumen AQSh Tayvan xavfsizligini ta’minlashga va’da bergani va hozirda Tayvan demokratiyasi Xitoy tomonidan xavf ostida qolganini unutmaslik kerakligini aytadi: Pelosining so‘zlariga ko‘ra, Pekin so‘nggi yillarda orol atrofida harbiy faollikni shu qadar oshirganki, bu AQSh Mudofaa vazirligini Xitoy Tayvanni kuch bilan qo‘shib olishga tayyorlanayotgani haqida xulosa chiqarishga majbur etgan.

«Bizning tashrifimiz Tayvan o‘zini va o‘z erkinligi himoya qilar ekan, Amerika uning yonida turishi haqidagi aniq bayonot sifatida qabul qilinishi kerak. Bugun, dunyo avtokratiya va demokratiya tanlovi qarshisida turganida, Amerika Tayvanning 23 millionlik xalqi bilan birdamlik ko‘rsatishi har qachongidan muhim», — degan u. Spiker 1991 yilda Xitoyga Kongress delegatsiyasi bilan tashrif buyurgani hamda Tyananmen maydonida «Xitoydagi demokratiya uchun qurbon bo‘lganlar xotirasiga» yozuvi tushirilgan lentani ko‘targani haqida eslatgan. U Xitoyda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat tobora yomonlashayotganini ta’kidlagan.

Samolyot qo‘nishidan bir necha daqiqa o‘tib Xitoy tashqi ishlar vazirligi bayonot berib, Pelosining tashrifini Xitoy suverenitetini buzuvchi hamda Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlik va barqarorlikka xavf soluvchi, «yagona Xitoy» siyosatining «qo‘pol ravishda buzilishi» deb atadi, shuningdek «Tayvan mustaqilligi» tarafdorlariga signallar yubordi. «Xitoy va AQSh — ikki yirik mamlakat. Ularning munosabatlari faqat o‘zaro hurmat, tinch-totuv yashash, ziddiyatga bormaslik va o‘zaro hamkorlikda bo‘lishi mumkin. <…> AQSh Tayvan masalasini chigallashtirishni va Xitoyning ichki ishlariga aralashishni bas qilishi kerak», — deyilgan bayonotda.

Xitoy mudofaa vazirligi mamlakat armiyasi jangovar tayyorgarlik holatiga keltirilganini, qarshi chora sifatida «qator maqsadli harbiy amaliyotlar» o‘tkazishga tayyorlanayotgani hamda «milliy suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qila olishi»ni ma’lum qildi. Xitoylik harbiylar 4-7 avgust kunlari Tayvan atrofidagi olti hududda dengiz va havoda mashg‘ulotlar o‘tkazishi ma’lum qilindi. FT nashri yozishicha, Pelosi mazkur mashg‘ulotlar boshlanishidan oldin Tayvanni tark etadi.

Tashrifga 20 daqiqa qolganida Xitoy telekanallarida xitoyliklarning Su-35 qiruvchi samolyotlari Xitoy va Tayvanni ajratib turuvchi «Tayvan bo‘g‘ozini kesib o‘tayotgani» xabar qilindi. Reuters o‘z manbasiga asoslanib yozishicha, o‘tgan kunlarda Xitoy harbiy samolyotlari va kemalari orolga yaqinlashibgina qolmasdan, norasmiy chegaraga «tegib o‘tgan» ham. O‘tgan hafta oxirida xitoylik harbiylar Tayvan bo‘g‘ozi hududida mashg‘ulotlar o‘tkazilishi, shuningdek, harbiy samolyotlar orol atrofida aylanib uchishi anons qilingandi. The New York Times nashriga ko‘ra, Tayvan harbiylari ham o‘tgan haftadan mashg‘ulotlar boshlagan.

Mavzuga oid
Top