09:23 / 03.09.2022
5364

«Gazprom» hozircha «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berishni tiklamaydi

«Portovaya» kompressor stansiyasida muntazam texnik xizmat ko‘rsatish chog‘ida neft sizib chiqishi aniqlangan, deya xabar berdi «Gazprom». Shu sababli, «Shimoliy oqim» orqali gaz yetkazib berish muammolar bartaraf etilmaguncha tiklanmaydi.

Foto: AFP

3 sentabr, shanba kunidan boshlab, uch kunlik tanaffusdan so‘ng «Shimoliy oqim» gaz quvuri orqali yana gaz o‘tishi haqidagi bayonotlardan farqli o‘laroq, ko‘k yonilg‘i ta’minoti qayta tiklanmaydi. Bu haqda 2 sentabr, juma kuni Rossiyaning «Gazprom» davlat kompaniyasi bunga «Portovaya» kompressor stansiyasida neft sizib chiqishini sabab qilib ko‘rsatgan holda ma’lum qildi.

«Uskunaning ishlashiga oid jihatlar bartaraf etilmaguncha, gazni «Shimoliy oqim» gaz quvuriga uzatish butunlay to‘xtatildi», - deyiladi rossiyalik gaz monopolisti bayonotida. Unda, shuningdek, Trent 60 gaz kompressor qurilmasiga texnik xizmat ko‘rsatish ishlari Germaniyaning Siemens kompaniyasi vakillari bilan birgalikda olib borilgani, ular ham neft sizib chiqishi aniqlangani to‘g‘risidagi hisobotni imzolagani aytiladi. 

O‘z navbatida, Siemens Energie shunday bayonot berdi: «Turbinalar ishlab chiqaruvchisi sifatida biz faqatgina bunday xulosa («Gazprom»ning) ishni to‘xtatish uchun texnik sabab emasligini aytishimiz mumkin». 

31 avgust kuni ertalab Rossiyadan Germaniyaga «Shimoliy oqim» quvuri orqali gaz yetkazib berish butunlay to‘xtatildi. Avvalroq «Gazprom» yagona ishlayotgan Trent 60 gaz kompressor bloki ishi texnik xizmat ko‘rsatish va rejali profilaktika ishlari uchun 31 avgustdan 2 sentabrga qadar to‘xtatilishi haqida ogohlantirgan edi. Shu bilan birga, Germaniyaning Federal tarmoqlar agentligi rahbari Klaus Myuller yetkazib berishning to‘xtatilishi sababiga shubha bildirdi.

«Gazprom» ma’lumotlariga ko‘ra, ta’mirlash ishlaridan so‘ng kuniga 33 million kubometr gaz yetkazib berish qayta yo‘lga qo‘yilishi kerak, bu gaz quvuri o‘tkazish qobiliyatining qariyb 20 foizini tashkil qiladi.

Mavzuga oid
Top