20:27 / 12.12.2022
22405

«Ona o‘g‘liga yo meni, yo ayolingni tanla deb shart qo‘yishi gunoh» - muftiy oilalar buzilishining oldini olish haqida

«Qaynona kelin olayotganda o‘zi bir paytlar qaynonasidan zulm ko‘rgan bo‘lsa, buning qasdini kelindan olishi yoki uyiga kelin emas, xizmatkor kelayotgandek xayol qilishi, kelin cho‘ridek bo‘lishi, hamma ishni qilishi kerak degan niyatlarni xayolidan chiqarib tashlashi kerak», – deydi muftiy Nuriddin Xoliqnazarov.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov oxirgi vaqtlarda oiladagi ajrimlarning 50 foizidan ko‘piga qaynona-kelin munosabatlari sabab bo‘layotgani va bu muammoni qanday hal qilish mumkinligi bo‘yicha musulmon oilalarga murojaat qildi.

«Avvalo qaynona va kelin kimligini bilib olish kerak»

— Agar oila islohli, tinch-totuv, saodatli bo‘lsa, ularning birlashishi natijasida katta bir saodatli, baxtli, islohli jamiyat barpo bo‘ladi. Shuning uchun oilaga katta e’tibor qaratiladi. Payg‘ambarimiz s.a.v.ning «Sizlarning hammalaringiz roiysizlar. Ya’ni boshqaruvchisizlar va mana shu boshqaruv uchun so‘ralasizlar», degan hadislari bor.

Oila rahbari erkak kishi, ota u o‘zi uchun javob beradi. Ona bolaning tarbiyachisi va u ham o‘zi uchun javob beradi. Ya’ni hammamiz bir kun Allohning huzurida mana shu roiyligimiz uchun javob beramiz.

Keyingi paytlarda oldin hech eshitmagan, ro‘y bermagan voqealardan xabardor bo‘lyapmiz. Oiladagi muammolar oxirgi paytlarda kelin va qaynona o‘rtasida bo‘layotgani hammamizni tashvishga solyapti. Qaynona kim, kelin kim? Aslida shu savolga javob topish kerak. Qaynona bu kelinning jufti haloli bo‘lgan erining onasi. Ya’ni kelinning ham onasi. Chunki nikoh bog‘lanishi bilan, qaynona va qaynota kelin uchun go‘yoki ota-ona o‘rniga o‘tadi. Kelin esa qaynona uchun ehtiyot qilib, parvarish qilib, ko‘zining qorachig‘idek asrab-avaylagan farzandining jufti haloli, uyiga baxt-saodat olib kelgan nabiralarining onasi hisoblanadi. Har ikkisi ham bir-biriga islom odobida, qadimdan kelgan urf-odatlarimizga rioya qilib muomala qilganida edi, qaynona kelin muammolari chiqmagan bo‘lar edi.

“Ajrimlarning yarmiga qaynona va kelin munosabatlari sabab bo‘lyapti”

— Avvalgi davrlarga qarasak, qaynonalar kelinlariga onadek, kelinlar qaynonalari uchun xuddi o‘zining onasidek mehr ko‘rsatgan. Aslida islom tarbiyasi ham mana shu. Chunki Payg‘ambarimiz s.a.v. “Kattalarni hurmat qilmagan va kichiklarimizga rahm qilmagan inson bizdan emasdir, ya’ni bizning ummat safidan emasdir”, dedilar. Mana shu hadisning o‘ziyoq qaynona va kelin munosabatini isloh qilishi, qaynona keliniga rahm qilishi unga mehr ko‘rsatishi kerakligini bildiradi.

Bizda keyingi paytlarda kelin olishda qaynona tomonidan nuqsonlar chiqyapti. Har chorshanba kuni oilalarni qabul qilamiz. Chunki shu kunni fuqarolarni qabul qiladigan kun deb e’lon qilganmiz. Bizga oilaviy mojarolar bilan juda ko‘p arizalar jo‘natishgan. Ularning mojarosini o‘rganganimizda, ajrimlarning deyarli 50 foizdan ko‘piga qaynona va kelin munosabatlari sabab bo‘lyapti. Ya’ni qaynona va kelinning ixtilofi orqali oila buzilyapti.

Niyatni yaxshi qilish kerakligi haqida

— Bu masalaga yechim topish uchun kayvoni ayollar, otinoyilar bilan gaplashyapmiz. Olim ulamolarimiz, oilani yaxshi biladigan tajribali insonlar bilan suhbatlashganimizda, ajrimlarga keyingi paytda qaynona va kelin munosabatida keskinlik bo‘lgani va har ikkisi ham oilada o‘z o‘rnini bilmagani sabab bo‘layotganini aytishyapti. Qaynona kelin olayotganda niyatini yaxshilash kerak ekan.

Payg‘ambarimiz s.a.v.ning bir hadislari bor. “Hamma amallar, qilinadigan ishlar niyatga qarab”, deganlar. Mana shu hadis o‘zi qisqa bo‘lsa ham juda katta ma’noga ega. Nima ish qiladigan bo‘lsak, niyatni to‘g‘rilashdan boshlashimiz kerak. Jumladan, qaynona kelin olayotganda o‘zi bir paytlar qaynonasidan zulm ko‘rgan bo‘lsa, buning qasdini kelindan olishi yoki uyiga kelin emas, xizmatkor kelayotgandek xayol qilishi, kelin cho‘ridek bo‘lishi, hamma ishni qilishi kerak degan niyatlarni xayolidan chiqarib tashlash kerak. Balki niyatni boshqacha qilib, uyimga farzandim uchun jufti halol olyapman, uyimga baraka kiryapti, kelin emas, qiz olyapman, shu qiz bilan uyimga baraka kiradi degan niyatda Allohdan so‘rab, mehr ko‘rsatib turishi kerak. Xuddi mushtipar ona o‘z farzandiga qanday rahmdil bo‘lsa, kelinga ham shunday rahmdil bo‘lishi kerak. Chunki yangi muhitga kelgan kelin hali bu oilaga moslashguncha, bu oila urf-odatini o‘rganguncha ancha vaqt talab qiladi.

Kelinidan hamma narsani bilishini xohlayotgan qaynona bir paytlar o‘zi ham kelin bo‘lganini, o‘zi ham xato qilganini, o‘zi ham ba’zi ishlarni ko‘ngildagidek qilolmagan paytlarini eslashi kerak.

Birovning qizini omonat o‘rnida qabul qilish

— Qaynona birovning ko‘z qorachig‘idek asragan qizini uyiga olib kelar ekan, buni omonat o‘laroq qabul qilishi kerak. Mo‘min kishining eng yaxshi xislatlaridan biri omonatga xiyonat qilmaydi, va’daga vafo qiladi. Axir kelinning uyiga sovchi bo‘lib borganda qancha va’dalar beriladi. U va’dalar qayerga ketdi?

Taqqoslash uchun bir hikoyani aytib beraman.

Bir ayoldan ikkinchi bir ayol “Kelin oldingiz, kelingiz yaxshi ekanmi?” deb so‘rayapti.

Narigi ayol esa “Bolamning sho‘ri ekan, kelinim erta azonda turolmaydi, kech turadi, bolam bechora ba’zan choyini o‘zi ichib ketganini ko‘raman, kiyimlariga ham qarolmay qoladi. Kirlarini ham vaqtida yuvmaydi. Mana shunaqa holatlarni ko‘rib achinyapman. O‘g‘lim shunaqa o‘tib ketadimi, vaqtida buni almashtirib boshqa kelin olsammikan degan o‘y ham keldi”, deb javob berdi.

Narigi qo‘shni ayol ikkinchi savolni berdi: «Qizingizni ham uzatgandingiz, qizingizning ahvoli qanday?»

– “Allohga shukur qizimning peshonasi yarqiragan, qizimga shunday er ato qilganki, qizim ertalab vaqtli turmoqchi bo‘lsa, eri turmang, dam oling derkan, hatto uy yumushlarini o‘zi qilib ketarkan. Ertalab choyini o‘zi ichib, qizimni bezovta qilmasdan ketarkan, ko‘rdingizni tarbiyaning oqibatida bu», dedi qaynona.

Mana ikkisi ham bir voqea, lekin qaynona nega keliniga shunday nazar bilan qaramayapti. Nega endi qizida bo‘lgan shu xatolikni kuyovning qiziga muhabbati deb qabul qilyapti? O‘g‘lini esa go‘yoki mazlum qilib ko‘rsatyapti.

«Qaynonalar kelinlari aybini shu qadar oshkor qilib ochib yuboradiki...»

— Aslida mo‘min banda bir-birining aybini yashirishi kerak. Chunki qaysi bir mo‘min bir bandaning gunohini berkitsa, qiyomatda u bandani ham Alloh taolo boshqalar oldida sharmanda qilmay, gunohlarini berkitar ekan. Ba’zan esa qaynonalar kelinlari aybini shu qadar oshkor qilib ochib yuboradiki, go‘yoki eshitgan odam uni tuzatib qo‘yadigandek. Aslida bu o‘z uyidagi sir-asrorni ko‘chaga yoyish, farzandining jufti halolini sharmanda qilishdan boshqa narsa emas. Shuning uchun uning aybini berkitib, yaxshiligini oshirib, mana shunday muomala qilishlari kerak edi. Qadimda qaynonalar kelinlari uchun juda ko‘p mehribonchilik ko‘rsatgan va kelinlari ham sadoqatida qolgan. Mahallalarda bir paytlar eri urushga ketib, eridan qoraxat kelgan, lekin qaynonasining uyida umrining oxirigacha xuddi qiz kabi yashab o‘tganlar bor. Xalqimiz o‘zi shunday bo‘lgan, kitoblarimizni o‘qiydigan bo‘lsak, qaynonalar zolim qilib ko‘rsatilmagan. Asli qaynona o‘ta mehribon bo‘lgan.

Keyingi paytlarda muhitlar deymizmi yoki qaynonalar yosh paytida qaynona bo‘lyaptimi, kelinlar bilan munosabatda tajriba yetishmasligini guvohi bo‘lyapmiz. Albatta bu yerda kelinga nisbatan zulm qilmaslik kerak. Katta-katta onaxonlar keliniga zulm qilayotganlar, jazosini yaxshi ko‘rgan qizidan tortishini aytadilar. Bu odamlarni sergak torttirish uchun aytilgan maqol. Ya’ni kelin ham sizning qizingiz, u sizga ko‘zingizga quvonch bo‘lgan nabirani olib kelyapti. Bolangiz tug‘ilgan kunidan to ulg‘ayguncha bolangiz baxtli bo‘lishini istab, hammadan duo olib yurgan bo‘lsangiz, qanday qilib bolangizning baxtiga zomin bo‘lasiz. Kuyovbolalar ba’zida 2 o‘tning orasida qolayotganini aytyapti. Onasi ularga yo ayoli, yo onasini tanlash shartini qo‘yyapti. Bu juda qiyin tanlov. Yigitlarimizning g‘ururi bor, ayolini yaxshi ko‘rsa-da, farzandlariga mehr ko‘rsatsa-da, xalqimizda onani norozi qilish qanchalik gunohligi haqidagi ta’lim borligi uchun bechora kuyovlar onasini tanlayapti. Ona bunday shartni qo‘yishi o‘zi gunoh. Chunki oilani buzishdan kattaroq gunoh yo‘q.

Top