
Oilaviy munosabatlar va shaxsiyat
Avstriyalik psixiatr Alfred Adler 20-asrning boshlarida oiladagi tug‘ilish tartibining shaxsiyatga muhim ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ilgari surgan. Uning tug‘ilish tartibi nazariyasi oiladagi har bir farzandning o‘ziga xos xususiyatlari va psixologik rivojlanishiga e’tibor qaratadi.
Adler nazariyasiga ko‘ra, birinchi farzandlar mas’uliyatni chuqur his qilishga moyil bo‘ladi, o‘rtancha farzandlar esa diqqat va e’tibortalab. Eng kichik farzandlar, aksincha, sarguzashtga va qoidalarni buzishga moyilligi bilan ajralib turadi.
Alfred Adler, shuningdek, "oila konstellyatsiyasi" tushunchasini joriy etgan. Bu nazariya oila a’zolari o‘rtasidagi dinamik munosabatlar har bir a’zoning shaxsiy rivojlanishiga qanday ta’sir qilishini o‘rganadi.
Bosh farzandlar
Birinchi farzandlar odatda quyidagi sifatlar bilan tasvirlanadi:
- Liderlar;
- Yuqori natijalarga erishuvchi;
- Tartib-qoidali;
- Mas’uliyatli;
- Pishiq.
Adlerning tug‘ilish tartibi nazariyasiga ko‘ra, birinchi farzandlarga ota-onalar ko‘proq e’tibor va vaqtini bag‘ishlaydi. O‘z navbatida yangi ota-onalar hali bolalar tarbiyasi haqida o‘rganish jarayonida bo‘lganliklari uchun ular qoidaga qarab ish qiluvchi, qattiqqo‘l, ehtiyotkor va ba’zan hatto asabiy bo‘lishi mumkin. Bu esa bolaga ta’sir ko‘rsatadi.
Bosh farzandlarga ko‘proq mas’uliyatli lider sifati xos.
"To‘ng‘ich farzandlar jinsidan qat’i nazar, hayotlarining ma’lum bosqichida uka-singillari tug‘ilganda diqqat markazidan chetda qolishlari sabab ko‘proq mahrum bo‘lish yoki hasad qilish hissini tuyadi. Bu esa ularni ko‘proq muvaffaqiyatli bo‘lishga moyil qilishi mumkin", deydi san-fransiskolik terapevt Avigail Lev.
Birinchi farzandlarga ko‘rsatilgan barcha e’tibor kichik ukalari yoki singillari paydo bo‘lganda keskin o‘zgaradi. Uka yoki singilli bo‘lganda ota-onaning diqqatini baham ko‘rish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ota-ona bosh farzanddan ko‘proq narsa kutadi, ularni keyingi farzandlarga o‘rnak qilib ko‘rsatadi. Ba’zida uka-singillarini parvarishlashga ham yordam berishgani sababli to‘ng‘ichlar mehribon, mas’uliyatli bo‘ladi.








