23:21 / 16.05.2019
7970

Sherzodxon Qudratxo‘jayev: “OAVda oila masalalarining yoritilishi talab darajasida emas”

15 may ─ Xalqaro oila kuni munosabati bilan Oila ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tashabbusi asosida respublika va xorijiy media vakillari uchun “Ommaviy axborot vositalarida oila mavzusini yoritishning dolzarb masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada ishtirok etgan turli mahalliy va xalqaro tashkilot vakillari oila institutini mustahkamlash, milliy qadriyatlarga asoslangan farovon turmush tarzini targ‘ib qilish, oilaviy munosabatlarni OAVda yoritishda etika qoidalariga rioya qilish bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirib, amaliy takliflar bilan chiqishdi. Oila masalasining yoritilishidagi muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.

Dilorom Toshmuhammedova, Oila ilmiy-amaliy tadqiqot markazi rahbari, senator:

─ Oilada shaxsning faol fuqarolik pozitsiyasi shakllanadi. Oilaning muhiti bilan unda tarbiyalanayotgan shaxslarning kelajakda jamiyatda tutishi mumkin bo‘lgan o‘rnini belgilash mumkin. Oilani nafaqat ijtimoiy, balki siyosiy, huquqiy institut sifatida baholagan holda yondashish lozim.

Akmal Saidov, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz rahbari, akademik:

─ Birlashgan Millatlar Tashkilotning ma'lumotlariga ko‘ra, Yer kurrasida 7 milliarddan ziyod aholi bo‘lsa, shularning 85 foizi oilalarda yashaydi. Demakki, oila faqatgina bir kishiga yoki guruhga tegishli bo‘lmagan, global masala. Uning farovonligi haqida butun jahon hamjamiyati qayg‘urishi kerak. Oilani himoya qilishning huquqiy asosini yaratish oldimizda turgan muhim masala hisoblanadi. Bunga bir necha amaliy ishlar orqali erishish mumkin.

Xalqaro va mahalliy qonun hujjatlarining oilaga daxldor huquq va burchlarini nazarda tutuvchi qismlarini jamlab, alohida bibliografiya qilish lozim. Shunda masalaning qaysi qismlari nazardan chetda qolayotgani, qonunning qaysi qismlari ishlamayotgani ko‘rinadi.

Yangi oilalar bunyod bo‘layotganda nikoh shartnomasining ham tuzilishiga, keyinchalik unga har ikki tomonning qat'iy rioya qilishiga erishish kerak. Biz hali odamlarni nikoh shartnomasiga tayyorlay olmayapmiz.

Ko‘p jihatdan, xususan, qonuniy baza nuqtai nazaridan ham bir-biriga yaqin bo‘lgan beshta Markaziy Osiyo davlatlarining oilaga taalluqli qonun hujjatlarini o‘rganib, mukammal Oila kodeksi modelini ishlab chiqish kerak. Xalqaro hujjatlarning oila bilan bog‘liq barcha bandlari mahalliy qonunchilikka implementatsiya qilinganmi, kodeksda belgilangan tartib va real holat bir-biriga muvofiqmi, o‘rganishimiz zarur.

Sherzodxon Qudratxo‘jayev, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori:

─ O‘zbekiston bo‘yicha 8 mln 300 ming nafar oila bo‘lib, ularning 2 milliondan ortig‘ini yosh oilalar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich ommaviy axborot vositalarida oila masalalarining yoritilishi qanchalik ahamiyatli ekanligini ko‘rsatadi. Ammo oila mavzusining mediamakonda hozirgi yoritilishi qoniqarli emas. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, oila mavzusidagi jurnalistik materiallarning 78 foizini axboriy, 18 foizini tahliliy, 3 foizini badiiy-pubitsistik yo‘nalishdagi ma'lumotlar tashkil etadi. Jurnalistlarning oila mavzusiga yondashuvi talab darajasida emas. Bunda hissiyotlarga emas, ko‘proq dalil va faktlarga asoslangan holda yondashish kerak. Yengil-yelpi hayot tarzini targ‘ib qiluvchi mediamahsulotlarni ham cheklash lozim. Faqatgina qaynona-kelin munosabatlariga o‘ralashib qolmasdan, EKO, mehribonlik uylaridagi bolalarni asrab olish kabilarga ham diqqatni qaratish zarur.

1994 yilda BMTning 50 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda 15 may kuni har yili an'anaviy ravishda Xalqaro oila kuni sifatida bayram ruhida nishonlanishi belgilangan. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 24 sentyabrdagi Farmoyishiga asosan 15 may ─ Xalqaro oila kuni respublikaning barcha hududlarida keng nishonlanishi, jamiyatda oilaning tutgan o‘rnini, ahamiyati targ‘ib qilinishi qayd etilgan.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston tarixida ilk bor yaratilgan oila madhiyasi ham taqdim etildi.

Top