11:10 / 02.06.2019
22892

Neymar jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda

«PSJ» va Braziliya terma jamoasi hujumchisi Neymar jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda.

31 may kuni San-Pauluning Santo Amaro tumani politsiya mahkamasiga 27 yoshli futbolchi ustidan shikoyat tushgan.

O‘z shaxsi sir qolishini so‘ragan ayol Neymarni o‘ziga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikda ayblagan. Uning aytishicha, bu voqea 15 may kuni Parijda ro‘y bergan.

UOL Sport nashri ixtiyorida ushbu forvard jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani taxmin qilinayotgan ayol bilan instagram orqali tanishganini isbotlovchi dalillar bor.

Xabarda aytilishicha, ular o‘zaro muloqotdan keyin Parijda uchrashishga kelishishgan, Neymarning do‘sti Gallo qizning Parijga sayohat qilishi uchun kerakli hujjatlarni tayyorlab beradigan bo‘lgan.

15 may kuni qiz Parijdagi Sofitel Paris Arc de Triomphe mehmonxonasida bo‘lgan, mahalliy vaqt bilan soat 20:00 atrofida Neymar u joylashgan nomerga mast ahvolda kirgan.

Shikoyatchining aytishicha, u 17 may kuni Braziliyaga qaytgan, ammo avvaliga juda qo‘rqib ketganidan politsiyaga murojaat qilmagan.

Politsiya tekshiruv ishlarini boshlagan. Neymarning yaqinlari futbolchi bu vaziyat bo‘yicha izoh bermasligini aytishgan.

USA Today nashri xabar qilishicha, futbolchining otasi Neymar da Silva bu holatda jinsiy zo‘ravonlik bo‘lganini rad etmoqda.

«Vaziyat murakkab. Agar tezda haqiqatni aniqlamasak, muammolar qor uyumidek kattalashadi.

Agar o‘g‘limning bu ayol bilan yozishmalarini ochiqlashga to‘g‘ri kelsa, ochiqlaymiz», – deydi Neymar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jinsiy aloqa ikki tomon roziligi bilan bo‘lgan. Bundan tashqari, unda Neymar ayolning huquqshunosi tomonidan shantaj qilinganiga oid faktlar bor (fotografiya va guvohlar ko‘rsatmasi).

Agar zarurat tug‘ilsa, Neymar o‘z huquqini sudda himoya qilishi aytilgan.

Top