Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiy sayti «An-Nasr» klubi Osiyo Chempionlar ligasi uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan tarkibga Krishtianu Ronalduni kiritganini e’lon qildi. Portugaliyalik afsonaviy forvard Ar-Riyod klubi safida 22 avgust kuni OChLda debyut qilishi kutilmoqda. Yangi mavsumda Saudiya Arabistonida yig‘ilgan yulduzlarning O‘zbekistonga kelish ehtimoli katta.

Ronaldu Aziz G‘aniyevga qarshi

Krishtianu Ronaldu Osiyo Chempionlar ligasidagi debyutini seshanba kuni Birlashgan Arab Amirliklarining «Shabob Al-Ahli» jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Aziz G‘aniyev to‘p surayotgan jamoa OChL 1-saralash bosqichida Iordaniyaning «Al-Vahdat» klubini yirik hisobda (3:0) mag‘lub etdi. Bahsdagi dastlabki golni o‘zbekistonlik legioner 57-daqiqada jarima zarbasidan yo‘lladi. Endi esa G‘aniyev yetakchiligidagi amirlik jamoasi 22 avgust kuni Ronaldu yetakchiligidagi «An-Nasr»ga qarshi saf tortadi. Ar-Riyoddagi o‘yin g‘olibi OChL guruh bosqichiga yo‘llanma oladi. Saudiya vitse-chempionining BAA chempioniga qarshi bir o‘yindan iborat to‘qnashuvida mezbonlarning imkoniyati yuqori baholanmoqda.

«An-Nasr» pley-offdan o‘tsa, qaysi o‘zbek klubi raqibiga aylanishi mumkin?

Ar-Riyod klubi BAA jamoasi to‘sig‘idan o‘ta olsa, OChL guruh bosqich bahslarida O‘zbekiston jamoalariga raqiblik qilishi mumkin. Osiyo futbol konfederatsiyasi iyul oyida Chempionlar ligasi 2023/24 yilgi mavsum guruh bosqich savatchalarini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu faoliyat olib borayotgan jamoa pley-offdan o‘tsa, 4-savatchadan joy oladi.

OChL guruh bosqichiga da’vogar bo‘lgan «Navbahor» va OKMK klublari ham Qatarda o‘tadigan pley-off o‘yinida g‘alabaga erisha olgan taqdirda qur’a oldidan 4-savatchadan joy oladi. Shundan kelib chiqilsa, «An-Nasr»ning Namangan yoki Olmaliq klubi bilan bir guruhdan joy olish ehtimoli yo‘qligi oydinlashadi.

Ronaldu yetakchiligidagi jamoa «Paxtakor» yoki «Nasaf» bilan bir guruhdan o‘rin olishi mumkin. Sababi Toshkent jamoasi 1-savatchadan joy olgan bo‘lsa, Qarshi klubi 2-savatchaga tushgan.

Benzema Toshkentga kelmaydi, «Nasaf»ga qarshi tushishi mumkin

OChL qur’a jarayonidan avvalgi savatchalardan Saudiya Arabistonining ikki jamoasi – amaldagi chempion «Al-Ittihod» va 3-o‘rin sohibi «Al-Hilol» birinchi savatchadan joy olgan. Shundan kelib chiqsak, Karim Benzema va Ngolo Kante guruh bosqichida «Paxtakor»ga qarshi o‘ynamasligi aniq. Qolaversa, bir mamlakat jamoalari guruh bosqichida o‘zaro to‘qnash kelmaydi.