15 avgust kuni transferlar bozorida navbatdagi yangiliklar ro‘y berdi. Futbol tarixidagi eng qimmatbaho futbolchi ham Saudiya Arabistoniga ketdi, «Arsenal» esa darvozabon chizig‘ini mustahkamladi. Bu haqda so‘nggi transfer xabarlari dayjestida.

«Al-Hilol» Neymar transferini e’lon qildi

Bu yozning kutilmagan va eng shov-shuvli transferlaridan biri ro‘y berdi. Ha, Neymarning «PSJ» bilan yo‘llari ayrilishi muqarrar edi, ammo  braziliyalikni Yevropaning top-klublarida kutishayotgandi. Masalan, OAV u «Barsa»ga o‘tishi haqida tinimsiz yozib turgandi. Ammo Neymar kataloniyaliklarning hozirgi bosh murabbiyi Xavining rejalaridan o‘rin olmagandi, qolaversa, klub uning moliyaviy talablarini qondirishi dargumon edi.

Shu tufayli futbolchi 31 yoshida Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi - Neymar rasman «Al-Hilol» futbolchisiga aylandi. Olti yildan buyon «PSJ» safida to‘p surib kelgan braziliyalik yulduz futbolchi Saudiya Arabistoni chempionati grandlaridan biri bilan ikki yillik shartnoma tuzdi.

«Al-Hilol» — Osiyodagi eng yaxshi, ajoyib fanatlarga ega bo‘lgan ulkan klub. Shu tufayli menda to‘g‘ri vaqtda to‘g‘ri qaror qabul qilganim va munosib jamoaga o‘tganim haqida hissiyot paydo bo‘ldi», — degan Neymar transferdan keyin.

Futbolchining maoshi miqdori turli manbalarda turlicha ko‘rsatilgan. L'Yequipe manbasi braziliyalik futbolchiga ikki yil uchun 160 mln yevroni tashkil etishi haqida aytgan bo‘lsa, Sky Spors xabarida har bir mavsum uchun 150 mln yevrodan to‘lanishi yozilgan, Globo Esporte nashri aniqlik kiritishicha, summa biroz ko‘proq: ikki yil uchun futbolchining hisobiga 320 million yevro kelib tushadi. Futbolchining bu ikki mavsumdagi jami daromadi bonuslar va tijoriy kelishuvlar hisobiga 400 mln yevroga yetishi ham mumkin.

«PSJ» esa bu sotuvdan kamida 90 mln yevro (bonuslar qo‘shib hisoblanganda 120 mln yevro) ishlab oladi.

«Arsenal» yangi darvozabon oldi

David Rayya. Foto: DAVID PRICE/ARSENAL FC VIA GETTY

«Arsenal» ispaniyalik darvozabon David Rayya transferini e’lon qildi. 27 yoshli darvozabon londonliklar safiga ijara asosida kelib qo‘shildi, bir yillik ijara uchun vitse-chempionlar «Brentford»ga 3,5 mln yevro mablag‘ to‘laydi. «Arsenal» uni keyingi yil yozida 31,5 mln yevroga sotib olishi mumkin bo‘ladi.