11:45 / 07.07.2019
31034

Rustam Rajabov: Uzauto Motors sababli 1 millionga yaqin odam tirikchilik qilmoqda

Foto: ravon2.ru

Uzauto Motors kompaniyasi tashkil etilgan 1996 yilda 2500 kishi ishlagan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 10 600 kishini tashkil etmoqda. Kompaniya bilan hamkorlik qiluvchi, butlovchi va ehtiyot qism yetkazib beruvchi korxonalarni ko‘shib hisoblaganda bu raqam 26 mingdan oshadi. Kompaniya bosh direktori v.b. Rustam Rajabov Asaka avtomobil zavodiga uyushtirilgan press-tur doirasida shunday ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

«1996 yili Asaka avtomobil zavodi ishga tushirilgan 2 ming 500 kishi ishlagan. Bugungi kunda 10 mingdan ortiq inson xizmat qilmoqda. Bizga bog‘langan ishchilar soni esa, 26 mingga yetdi. 

Zavod paydo bo‘lganda 4ta korxona butlovchi qismlar yetkazib beruvchi bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 175ta korxona bizning kompaniyamiz ehtiyojlari uchun ishlamoqda. Yana kichiklarini ham hisobga olganda taxminan 200ta korxona Uzauto Motors kompaniyasiga mahsulot yetkazib beradi.

Bu nimadan dalolat. Hukumatning yordami va bizga berilgan va mavjud bo‘lib turgan imtiyozlar tufayli ulkan ishlar bajarildi, bizda noyob texnologiyalar paydo bo‘ldi. Toshkentda motor zavodi qurildi. Rossiya hozirgacha birorta zamonaviy dvigatel zavodini qura olgani yo‘q. To‘g‘ri ularda, GAZ, AvtoVAZ motor zavodlari bor, biroq ulardagi texnologiyalar o‘tgan asrniki.

Bundan tashqari, 26 ming kishi bu bevosita zavodlar hududlarida ishlaydiganlar soni. Bilvosita ishlovchilar soni taxminan 100 ming kishi. Agar bu raqamni multiplikator orqali hisoblasak, biz sababli taxminan 1 mln kishi tirikchilik qilmoqda», - dedi Uzauto Motors kompaniyasi bosh direktori v.b. Rustam Rajabov.

Top