19:27 / 08.08.2015
8937

Toshkentdagi Pushkin haykali boshqa joyga ko‘chirilishi mumkin

Toshkent shahri ko‘chalarida amalga oshishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar haqida qisqacha ma'lumot berib o‘tildi.

"Toshkent shahrida o‘zgarishlar shunchalik jadallik bilan bormoqdaki, rasmiylar bu haqda aholiga aytishga ulgurmayapti", deyiladi "Gazeta.uz" nashrida.

Toshkentning yo‘l-transport infratuzilmasida iyul oyi oxirida boshlangan katta miqyosdagi o‘zgarishlar davom etmoqda.

13-tramvay yo‘lining qisqartirilishidan keyin bir hafta ichida TTZ va eski ToshMI o‘rtasidagi tramvay yo‘lining 10 kilometrlik qismi olib tashlandi.

Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasining avval tramvay harakatlangan qismini kengaytirish bo‘yicha ishlar kun davomida olib borilmoqda. Ikki kun ichida Mustaqilliq shohko‘chasida (Buyuk ipak ko‘chasidan Shastri ko‘chasigacha) yo‘l o‘rtasidan yo‘lning qarama-qarshi tomonlarini ajratuvchi uzluksiz to‘siqlar o‘rnatildi. Shu yerning o‘zida Pushkin xiyoboni yonidagi yo‘l qismi kengaytirildi.

8 avgust kuni Parkent ko‘chasi va Toshkent kichik halqa yo‘li o‘rtasidagi va Mustaqillik shohko‘chasining shahar tomonga yo‘nalishdagi qismi to‘sib qo‘yildi. Bu barcha ishlar 2015-2030 yillarga mo‘ljallangan Toshkentni rivojlantirish rejasiga muvofiq, aholiga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Mas'ul shaxslarning ma'lum qilishicha, Oqqo‘rg‘on ko‘chasida ham o‘zgarishlar amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu yerda ko‘chaning Mustaqillik shohko‘chasi bilan kesishgan joyida “Buyuk ipak yo‘li” metro stansiyasiga burilish qismi yopib qo‘yildi.

Pushkin haykali ham boshqa joyga ko‘chirilishi aytilmoqda. Haykal Bobur ko‘chasi va Shota Rustavelli ko‘chalari kesishgan joyda, “O‘zbekengilsanoat” kompaniyasi binosi oldidagi maydonga ko‘chirilishi ehtimoli mavjud. Bu yerda shu munosabat bilan tayyorgarlik ishlari ko‘rilmoqda – maydondagi uchta kichik favvora olib tashlandi.

Chexov ko‘chasi Oybek ko‘chasi bilan kesishgan joyda to‘silishi ehtimoli mavjud.

Qayd etish joizki, yuqoridagi o‘zgarishlar bo‘yicha rasmiy ma'lumotlar olinmagan, ular turli manbalardan olingan va aholini shahardagi amalga oshishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlardan voqif etish maqsadida chop etilmoqda.

Top