Fan-texnika | 12:31 / 20.11.2015
41814
8 daqiqa o‘qiladi

Windows tarixi: sotuvga chiqqanining 30 yilligi

30 yil avval 1985 yilning 20 noyabr kuni Microsoft korporatsiyasi Windows operatsion tizimining ilk versiyasini taqdim etdi.

Microsoft korporatsiyasi 1975 yilda Bill Geyts va Pol Allen tomonidan tashkil etilgan. 1970-yillarning oxirida u shaxsiy kompyuterlar uchun operatsion tizim (OT)larni ishlab chiqarish bilan shug‘ullana boshladi. MS-DOS operatsion tizimning birinchilaridan edi, uning boshqaruvi buyruq qatori orqali amalga oshirilgan.

WINDOWS 1

 

1983 yil 10 noyabrda Microsoft Windows (ingl. "Oyna") nomli ilk grafik qobiqga ega bo‘lgan dastlabki OTni taqdim etdi. Uning savdolari 1985 yil 20 noyabrda boshlandi. Deyarli MS-DOS tarkibida bo‘lgan ushbu operatsion tizimga asosiy ilovalar kiritilgan: kalkulyator, bloknot, Paint grafik muharriri, Write matn muharriri, soat, o‘yinlar va b.

Tizim bir necha vazifani bir vaqtning o‘zida bajarish imkonini berar edi, biroq ular ekranda bir-birini to‘sib qo‘ygan holatda joylashar edi. OS apparat ta'minotida yuqori talablar va o‘sha vaqtda keng tarqalmagan sichqonlarni sotib olish zarurati tufayli mashhurlikka erishmadi.

Windows operatsion tizimi nusxasining ilk narxi Amerika bozorida 100 AQSh dollarini tashkil etgan, 500 ming nusxa sotilgan. Windows OT Apple kompaniyasi tomonidan Lisa kompyuterlari uchun ishlab chiqilgan (1983 yildan boshlab chiqarila boshlagan) grafik interfeysli boshqa operatsion tizimining raqobatchisiga aylandi.

WINDOWS 2

1987 yil 9 dekabrda Windows 2 OT taqdim etildi (natijada uning takomillashgan ko‘rinishlari chiqarila boshlandi). U mukammallashtirilgan interfeys, shuningdek dastur oynalarining yig‘ilishi imkoniyati bilan ajralib turar edi. Ilk narxi 100 AQSh dollarini tashkil qilgan, 1 million nusxa sotilgan.

WINDOWS 3

1990 yilning 22 mayida Windows 3 chiqarildi. Uning avvalgilaridan farqi, u 256 xil rangdagi dasturlar (avvalgilarida 16 ta rang) ni ishga tushirish imkoniga ega edi, bir qator qo‘shimcha yangiliklar ham kiritilgan. 1992 yilda tarmoq ilovalari (Internetga ulana oladigan TCP/IP ham shular jumlasidandir) va rus tilini ishga tushira oladigan Windows 3.1 talqini paydo bo‘ldi. OTning dastlabki narxi 149,45 AQSh dollarini tashkil qilgan. Windows 3.x Microsoft’ning tijorat jihatdan muvaffaqiyatga ega bo‘lgan ilk talqini edi, uning 25 million nusxasi sotildi.

WINDOWS NT - BARChA ZAMONAVIY WINDOWS’ LARNING ASOSI

1993 yilning 27 iyulida Windows NT OT paydo bo‘ldi, u serverlar bozori (kompyuter tizimini ta'minlovchi kompyuterlar) va ishchi stansiyalar (statsionar kompyuteralar)ga yo‘naltirilgan edi. U odatiy Windows OTdan alohida ishlab chiqilgan, barcha zamonaviy Windows’larning asosiga aylandi.

WINDOWS 95

 

1995 yilning 24 avgustida shaxsiy kompyuterlar uchun Windows 95 operatsion tizimi chiqarildi, unda (Start) tugmachasi paydo bo‘ldi, 16 bitli to‘liq palitra (65 mingdan ortiq ranglar) ishga tushirildi va interfeys elementlari joyi o‘zgartirildi, bu joylashuv Windows 8 paydo bo‘lguniga qadar saqlanib qoldi.

Windows 95 Microsoft va IBM-PC kompyuterlariga bozorda Apple’dan o‘zib ketish va yetakchilik qilish imkonini yaratdi. Birinchi yilning o‘zidayoq Windows 95’ning 40 million nusxasi 210 AQSh dollari narxida sotildi (Windows 3.1 talqinida esa narx 110 AQSh dollarini tashkil etgan).

WINDOWS 98

1998 yilning 25 iyunida Windows 98 OT chiqarildi. Windows 95’ning rivojlantirilgan talqini USB qurilmalari va katta hajmli qattiq disklardan foydalanish, internet, jumladan Internet Explorer i Outlook Express’dan foydalanishda yanada yaxshilangan imkoniyatga ega edi. Dastlabki to‘rt kundayoq 530 ming nusxa 110 AQSh dollaridan 210 AQSh dollarigacha bo‘lgan narxda sotilgan.

WINDOWS ME

2000 yilning 19 iyunida Windows 9x - Millenium Edition platformasidagi so‘nggi OT chiqarilgan. U uyda fodalanish uchun mo‘ljallangan, tomosha qilish, videolarni tahrir qilish va boshqa bir qator imkoniyatlarga ega bo‘lgan. Turli OAV va ekspertlar uning ishonchlilik darajasi past ekanligini bir necha bor tanqid ostiga oldilar. Dastlabki uch kun ichida 200 ming ta nusxa 59,95 AQSh dollari narxida sotilgan.

WINDOWS XP – ENG MAShHUR VeRSIYaSI

 

2001 yilning 15 avgustida Windows XP OT savdolari boshlandi, u OT tarixidagi eng mashhurlaridan biriga aylandi. Texnik yordamga chek qo‘yilishi va viruslarga nisbatan nozik bo‘lishiga qaramay, NetMarketshare tahliliy saytining ma'lumotlariga qaraganda, u hozirga qadar dunyodagi barcha kompyuterlarning 11,68 foizida o‘rnatilgan. Dastlabki narxi 85 AQSh dollaridan boshlanadi. 2015 yil holatiga ko‘ra, 1 milliardga yaqin nusxasi sotilgan.

WINDOWS VISTA

2006 yilning 30 noyabrida Windows Vista paydo bo‘ldi. Asosiy yaxshilangan tomonlari orasida viruslarga qarshi himoya va Aero grafik interfeysini qayd etish mumkin. Mazkur OTni operatsiyalarni sekin amalga oshirishi, doimiy ravishda parolni kiritish va kompyuter qaroqchiligi huquqidagi murakkab tizim tufayli tanqid qilishgan. Sotuvlar boshlanganidan bir oy o‘tgach, 20 million nusxa talqiniga qarab 199 dan 399 AQSh dollarigacha bo‘lgan narxda sotilgan.

WINDOWS 7

2009 yilning 22 oktabrida Windows 7 OT savdoga chiqarildi. Unda Vista’dagi kamchiliklar bartaraf etilgan va interfeys yaxshilangan. Dastlabki narxi – 159,99 dan 319,99 AQSh dollari qiymatida. Ikki yil ichida 450 millondan ortiq nusxalar sotildi. NetMarketshare ma'lumotlariga ko‘ra, 2014 yilning noyabrida dunyodagi barcha kompyuterlarning 55,71 foizida o‘rnatilgan.

WINDOWS 8

 

2012 yilning 26 oktabrida Microsoft Windows 8 OTni ishga tushirdi. Unda “Pusk” tugmasidan voz kechish va foydalanuvchi interfeysini butunlay qayta ishlab chiqib, ekrandagi “plitka” elementlari ko‘rinishida "Metro" muhitiga almashtirishga qaror qilindi.

Mazkur talqin oddiy kompyuterlarga qaraganda planshetlar uchun mo‘ljallangan deya tanqid ostiga olingan. Kamchiliklarning bir qismi Windows 8.1 da bartaraf etildi. Dastlabki olti oy ichida 100 milliondan ortiq nusxasi sotildi. Ilk narxi 14,55 dan 199,99 AQSh dollarini tashkil etgan. 2015 yil iyun oyi holatiga ko‘ra, 10,68 foiz shaxsiy kompyuterlarda undan foydalanilmoqda.

WINDOWS 10

2015 yilning 25 iyulida yangi talqin Windows 10 sotuvga chiqarildi. U barcha platformalar – serverladan tortib, mobil telefonlar uchun yagona tizimga aylandi. O‘zgartirilgan elementlar orasida shaxsiy kompyuterlar uchun "Pusk" menyusi va tugmasining qaytishini alohida ta'kidlab o‘tish mumkin. Windows 7 va Windows 8 OT foydalanuvchilari yangi talqinga bepul “apgreyd” ga ega bo‘lishdi, yangi nusxa 119 dan 199 AQSh dollari qiymatida edi. Ilk 2,5 oy mobaynida yangi tizim 110 milliondan ortiq kompyuterlarda o‘rnatildi, operatsion tizim bozoridagi ulushi 2015 yil noyabr oyi holatiga ko‘ra, 7,94 foizni tashkil etmoqda.

BOZORDAGI ULUShI

NetMarketshare ma'lumotlariga qaraganda, Windows’ning barcha talqinlari dunyodagi shaxsiy kompyuterlardagi OT umumiy bozorining 90,42 foizini egallaydi. Serverlar bozoridagi ulushi – 30 foizga yaqin (NetCraft ingliz kompyuter kompaniyasi ma'lumotlari).

Manba: Xabardor.uz internet nashri