09:15 / 02.02.2016
10183

Ona: O‘g‘ilchamning yurakchasi urayaptimi, degan xavotirda uyg‘onib, qulog‘imni ko‘kragiga qo‘yib eshitmagan kecha bo‘lmasa kerak

O‘zbek tilida hayotdagi turli og‘ir vaziyatdarni izohlovchi «peshona» degan tushuncha mavjud. Muzaffar Abdullayev yurak xastaligi bilan olamga keldi va uning onasi Munira uch yarim yil davomida chekkan azoblarini gapirib berarkan, «peshona ekanda», deb yakunlaydi. Shifokorlar boshqacha izoh beradilar - genetika, yaqin qarindoshlar orasidagi nikohlar, yomonlashib borayotgan ekologiya, og‘ir kechgan homiladorlik, hech kim e'tibor bermaydigan toksikoz, chunki u «hammada bo‘ladi, o‘zi o‘tib ketadi».

Homilaning yuragi uning rivojlanishining birinchi 4-6 haftalarida shakllanadi va shu davr mobaynida barcha salbiy ta'sirlarni bartaraf etish o‘ta muhim. Homilador ayol uchun oddiy tuyulgan qizilcha, parotit, gripp kasalliklari xavf tug‘diradi, ayniqsa bu kasalliklarga homiladorlikni boshlang‘ich pallasida uchragan bo‘lsa. Turli muammolarga duchor bo‘lmaslik uchun barcha infeksiyalarni barvaqt davolash darkor. Endokrin kasalliklari, ayniqsa ular ortiqcha vazn, qandli diabetga sabab bo‘lsa, bolaning yurak xastaligi bilan tug‘ilish xavfini oshiradi.

Chaqaloqda murakkab yurak xastaligi - tetrada Fallo borligini Muniraga tug‘ruqxonada aytishgan. Qonsizgina burun, lablar, barmoqchalar ushbu diagnozga xos alomatlar. Bularga qo‘shimcha tez-tez shamollashlar, holsizlanish, ishtaha yo‘qligi. Onasi Muniraning aytishicha, bolasi kamdan-kam bir narsa so‘rar edi, «umuman yashashni istamas edi».

Muzaffar besh oyligida reanimatsiyaga tushib qoldi. Shifokorlar uni hayotga qaytardilar, lekin mumkin qadar tezroq yuragini jarrohlik yo‘li bilan davolashni tavsiya qildilar. Mumkin qadar tezroq operatsiya o‘tkazishga hech imkon bo‘lmadi. Bolalar uchun operatsiya bepul, lekin barcha kerakli dori-darmon va materiallarni oilaning o‘zi ta'minlash kerakligini shifokorlar tushuntirgan edilar. Besh million so‘mni jamlashga oilada hech ham imkon bo‘lmadi. Bolaning otasi sinovga chidamadi – uydan bosh olib oiladan chiqib ketdi, bolani boqishda umuman ishtirok etmay qo‘ydi, bir so‘z bilan aytganda - unut qildi. Muniraning yagona mablag‘i - bolasi uchun oladigan nafaqasi - 250 ming so‘m, boshqa daromadi yo‘q.

Aksariyat holda tug‘ma yurak xastaligi operatsiya qilishni talab etadi va ko‘pchilik holatlarda bola umrining birinchi yilidayoq. Shunday tashxis qo‘yilgan bolalarning 35 foizi umrining birinchi yarim yilida nobud bo‘ladi, ikkinchi yarim yillikda esa taxminan yana shunchasining joni uziladi.

Bolalar rivojlanishining barcha anomaliyalari orasida tug‘ma yurak xastaligi uchdan bir qismni tashkil etadi. Shu sababli, bolalarning o‘limi darajasi ham yuqori - har o‘n ming tug‘ilgan boladan 15 nafari nobud bo‘ladi.

Munira opreatsiyani uzoqdan-uzoq tuyulgan, iztirobli uch yil kutdi. Shu davr davomida bolasi 12 marotaba shifoxonaga yotqizildi. «Men o‘g‘ilchamning yurakchasi urayaptimi, yo‘qmi deb xavotirda uyg‘onib, qulog‘imni ko‘kragiga qo‘yib, eshitmagan kecha bo‘lmasa kerak», - deydi ayol. U hozir ham qulog‘ini tez-tez kichkintoyning ko‘kragidagi yangi bog‘lov turgan joyga qo‘yadi - bolajoniga bir necha kun ilgari uzoq vaqt kutilgan operatsiyani o‘tkazishdi.

Muzaffar operatsiyadan keyin o‘ziga kelgach, apelsin so‘radi. «Oyijon, menga apelsin bering», dedi. «Tushunasizmi, endi u doim uni yoki buni so‘rayapti... Bolam yashashni istamoqda. Hammangizga rahmat!», - deydi Munira, ko‘z yoshini artib.

Operatsiyaga zarur bo‘lgan va oila ta'minlashi kerak bo‘lgan barcha narsalar va shu jumladan, ochiq yurakda operatsiya o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan oksigenator Muzaffar uchun «Hayotlarni birgalikda qutqaramiz!» xayriya aksiyasi hisobiga olindi. Noyabr oyi davomida «Sochnaya dolina» sharbatining sotilgan har bir qutisidan tushgan pulning bir qismi Toshkent pediatriya instituti klinikasining maxsus hisob raqamiga, og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarning operatsiya qilish uchun o‘tkazildi. Aktsiya natijasida 15 nafar bolaga yetarli bo‘lgan mablag‘ jamlandi.

Bolalar kardiojarrohlik markazi shifokorlari o‘zlarining barcha bemorlarining holidan xabardor va ular orasidan kam ta'minlangan oilalarda yashovchi va yuragida operatsiya o‘tkazishga o‘ta muhtoj bo‘lgan bolalarni tanlab oldilar.

Bu o‘n beshta «yurak hikoyalaridan» beshinchisi va hali bularning davomi bor.

Yurak hikoyalari. Birinchi hikoya. «Men bor joyda - doim quyosh charaqlaydi...»

Yurak hikoyalari. Ikkinchi hikoya: «Endi men yashashni istayman...»

Yurak hikoyalari. Uchinchi hikoya: «Ura, men operatsiyaga boraman!»

Yurak hikoyalari. To‘rtinchi hikoya: «Qo‘lbola mo‘'jiza»

Reklama huquqlari asosida.

Top