00:25 / 13.05.2016
21613
“Biz buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostida o‘tkazilayotgan yoshlar festivalining ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi

Biz bugun Andijonda o‘tkazilgan tadbirlar davomida yoshlar qalbida o‘z Vataniga, Mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik va sobitlik hissini, tinch va osuda yurtda kamol topayotganidan yuragi g‘urur va iftixorga to‘la ekanligini yana bir bor kashf etdik.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan mamlakatimiz miqyosida tashkil etilgan shu nomli yoshlar festivalining Andijon viloyatidagi ikkinchi kuni ham ko‘tarinki ruhda o‘tganiga guvoh bo‘ldik. Targ‘ibot guruhi vakillari viloyatning Oltinko‘l, Marhamat, Asaka, Buloqboshi, Ho‘jaobod, Izboskan va Paxtaobod tumanlariga   tashrif buyurdilar. Bo‘lib o‘tgan uchrashuv va gala-konsert dasturlari davomida yoshlar bilan turli loyihalar asosida suhbatlar o‘tkazildi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Minxojiddin Mirzo, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mehmonali Salimov va Malika Qayumova, “Nihol” mukofoti sovrindorlari Go‘zal Jumaniyozova(Dilso‘z), Otabek Mutalxo‘jayevlardan iborat targ‘ibot guruhi  Oltinko‘l tumanida bo‘ldi.       
17-son musiqa va san'at maktabida “Vatanim – mening faxrim ” loyihasi asosida o‘tkazilgan tadbirda tarixi va buguni buyuk bo‘lgan yurtda  yosh avlodning barkamol kamol topishi uchun yaratilgan barcha sharoitlar haqida so‘z borib, shoir va jurnalist Minxojiddin Mirzoning kindik qonimiz to‘kilgan  zaminni ulug‘lovchi she'rlari tinglandi. Musiqa va san'at maktabining iqtidorli o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan qo‘shiq va kuylar targ‘ibot guruhi vakillarida katta tassurot qoldirgani tahsinga loyiq.

Oltinko‘l tumani markazidagi madaniyat uyida tashkillashtirilgan tadbir dolzarb mavzular  -  “Odam savdosi – davr muammosi”, “Diniy ekstremizm va terrorizm – yoshlar kelajagiga tahdid” loyihalarga bag‘ishlandi. Uchrashuvda yurtimiz yoshlarining bugungi kunda barcha sohalarda qo‘lga kiritib kelayotgan ulkan yutuqlari, shu bilan birga, hozirgi murakkab zamonda yoshlarimiz ongini milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan zararli g‘oyalar ta'siridan himoya qilishga har birimiz jiddiy yondoshishimiz lozimligi e'tirof etildi. Erkin munozara tarzida o‘tgan mashvaratda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob topdilar. 

Oltinko‘l Sanoat kasb-hunar kollejida targ‘ibot guruhini - ko‘zlari chaqnab turgan o‘quvchilar milliy liboslarda, andijoncha sho‘h raqslar bilan kutib olishdi. O‘quv muasassasida o‘tkazilgan loyiha mavzusi “Zamonamiz qahramonlari” bo‘lganligi bois, muloqot davomida tug‘ilib o‘sgan zaminga sadoqat ruhida tarbiya topib, uning ravnaqi uchun bor kuch g‘ayratini sarflash ham qahramonlikning bir ko‘rinishi ekanligi haqida gapirildi. “Nihol” mukofoti sovrindorlari Otabek Mutalxo‘jayev va Dilso‘z ijrosidagi Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar davraga fayz kiritdi.   

Tumandagi yoshlar festivalning uzviy yakuni bo‘lgan “Markaziy” o‘yingohdagi gala-konsertda o‘yingohga yig‘ilgan 3000 nafarga yaqin yoshlar mehmonlarni baralla - “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” deya kutib olishdi. Kontsert dasturi davomida el suygan san'atkorlar O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov, O‘zbeksitonda xizmat qo‘rsatgan artist Saida Rametova, xonandalari  Nilufar Saidova, Sevinch Mo‘minova, Dilso‘z, Asilbek Ne'matov, Masrur Usmonov, Otabek Mutalxo‘jayev va boshqa san'atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarga ajoyib kayfiyat taqdim etdi.

Stadionni to‘ldirib o‘tirgan oltinko‘llik yoshlar ular bilan birgalikda kuylab, sho‘x ohanglarga raqsga tushdilar.   
Festival kunlarida o‘tgan har bir lahza mustaqil diyorimiz yoshlari qalbida bir umrga yodda qolishi aniq. 
Fursatdan foydalanib, targ‘ibot guruhi safida Andijonga tashrif buyurgan san'atkorlarni suhbatga tortdik.

Go‘zal Jumaniyozova (Dilso‘z), “Nihol” mukofoti sovrindori:

- Bugungi uchrashuvlar davomida oltinko‘llik yoshlarning egallagan bilim va salohiyatini ko‘rib, to‘g‘risi rosa to‘lqinlanib ketdim. Darhaqiqat yurtimizning mana shunday shijoatli yoshlari bor ekan, mustaqil diyorimizning kelajagi albatta buyukdir.

 

 

Muallif:  Elmurod ERMATOV, Andijon

Top