15:06 / 08.07.2016
30928

Obama: "IShID, Rossiya va Brexitni biryoqli qilish kerak"

Rossiyaga qarshi sanksiyalar, toki rasmiy Moskva Minsk kelishuvlari bandlarini bajarmas ekan, bekor qilinmasligi kerak, deb hisoblamoqda AQSh prezidenti Barak Obama Financial Times gazetasida e'lon qilgan maqolasida. 

Amerika yetakchisi o‘z maqolasining boshida, Shimoliy Atlantika alyansi, IShID, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan agressiyasi va Brexit referendumi natijalari kabi zamonaviy chaqiriqlarga qarshi jiddiy choralar ko‘rishi va siyosiy irodasini ishga solishi kerakligini ta'kidlagan. 
 
«Biz xavfsizlik sohasida NATO-YeI hamkorligini, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishimiz kerak. U, o‘zining suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilmoqda. Garchi, bizning davlatlar Rossiya bilan birmuncha konstruktiv aloqalarga ochiq qolayotgan bo‘lsa-da, Moskva Minsk kelishuvlari bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarni to‘liq bajarmas ekan, Rossiyaga qarshi jazo choralari o‘z kuchida qolishi kerak, deb hisoblayman», — deb qayd etgan Obama.

Oq uy rahbari Birlashgan Qirollikning YeI tarkibidan chiqishi borasida ham fikrlarini bildirib, Buyuk Britaniya va YeI "yangi munosabatlarga tartibli ravishda o‘tish borasida kelishuvga erisha oladi", -degan qarashni ilgari surgan.  

Bundan tashqari, AQSh va Britaniya aloqalari ham davom etishiga ishonch bildirgan. Obamaning aytishicha, Buyuk Britaniya NATOning muhim va yetakchi a'zolaridan biri bo‘lib qolaveradi. 

Amerika yetakchisi, bugungi kunda tobora jiddiy tus olayotgan muhojirlik va qochqinlar muammosiga to‘xtalib, O‘rta yer va Egey dengizlarida noqonuniy muhojirlarni Yevropaga olib o‘tish bo‘yicha jinoiy guruhlar muammosiga chek qo‘yish lozimligini ham uqdirgan. 

Shu bilan birga, NATO Yaqin sharqdagi vaziyatni tobora izdan chiqarayotgan IShID guruhiga barham berish zarurligini ta'kidlagan. 

Mavzuga oid
Top