08:50 / 23.09.2016
4549

Sharlottda komendantlik soati joriy etildi

AQShning Shimoliy Karolina shtatida 3 kundan buyon tartibsizliklar davom etayotgan Sharlott shahrida komendantlik soati joriy etildi. Bu haqda shahar meriyasining tvitterdagi rasmiy sahifasi orqali ma'lum qilingan.

"Favqulodda vaziyat rasman bekor qilingunicha har kuni komendantlik soati tartibi amalda bo‘ladi", deyilgan xabarda.

Qayd etilishicha, komendantlik soati yarim tundan ertalabki soat 6gacha joriy qilingan.

Bundan oldinroq, 22 sentabr kuni Sharlottdagi namoyishlar vaqtida namoyishchilarning biri o‘qqa uchishidan keyin favqulodda vaziyat e'lon qilingani haqida xabar berilgandi.

Shimoliy Karolinada 20 sentabr kuni politsiyachi ko‘chada qurolsiz afroamerikalikni otib qo‘yganidan keyin norozilik namoyishlari boshlanib ketdi. Politsiya hisobotida shahar shimoli-sharqida o‘tkazilayotgan reyd vaqtida shubhali shaxs qurol ko‘tarib kelayotgandek tasavvur uyg‘otgani uchun "politsiya ofitseri hayotiga tug‘ilgan xavfni bartaraf etish" maqsadida o‘t ochilgani qayd qilingan.

Keyinroq, o‘ldirilgan shaxs 43 yoshli qora tanli Keyt Lamont Skott bo‘lgani va uning yonida qurol bo‘lmagani aniqlandi.

Mavzuga oid
Top