21:50 / 10.10.2016
13406

AQShdagi prezidentlik debatlariga doir 13 dalil

9 oktabr, yakshanba kuni Sent-Luisda (Missuri shtati) AQSh prezidentligiga nomzodlar - Respublikachilar partiyasi vakili Donald Tramp va Demokratlar vakilasi Hillari Klinton o‘rtasidagi teledebatlarning ikkinchi turi bo‘lib o‘tdi. Nomzodlar ishtirokidagi debatlar - AQShdagi eng yuqori reytingli teleko‘rsatuvlardan biri. Debatlarning borishini butun dunyo siyosatchilari kuzatishadi. Forbes bu an'ananing qanday yuzaga kelgani va teledebatlarning tarixda qolgan eng yorqin lavhalari bilan bo‘lishdi. 

1960. Kennedi — Nikson

Amerikadagi birinchi televizion kanal 1928 yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa-da, partiyalarning asosiy nomzodlari ishtirokidagi ilk debatlar televideniye orqali birinchi marta 1960 yilda namoyish qilingan. Debatlarda Massachusets senatori Jon Kennedi va o‘sha paytdagi vitse-prezident Richard Nikson ishtirok etishgan. Ilk debatlar va saylovlarda Jon Kennedi g‘olib bo‘lgan. 

1968. Nikson

1960 yildagi debatlar seriyasi xasta va teleefir uchun sahna grimidan voz kechgan Nikson uchun halokatli keldi. U 1968 yilda prezidentlikka nomzod sifatida yana sahnaga qaytganida, raqibi - vitse-prezident Hyubert Hamfri bilan debatlarda qatnashishdan voz kechgan. Shunday bo‘lsa-da, Nikson o‘sha yilgi prezidentlik saylovlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 

1976. Karter-Ford

1968 yilda debatlar o‘tkazilmaganidan keyin tomoshabinlar ularni 1976 yilga qadar kutishlariga to‘g‘ri kelgan - o‘shanda bo‘lg‘usi prezident Jimmi Karter amaldagi prezident Jyerald Ford bilan bellashgan. Shundan buyon prezidentlik debatlari har bir saylov kampaniyasi vaqtida o‘tkazib kelinadi. 

1988. Den Kueyl — Lloyd Bentsen

1976 yilda vitse-prezidentlarning ilk debatlari bo‘lib o‘tgan, ularning debatlari 1984 yildan boshlab muntazam o‘tkazib borilgan. Ochig‘ini aytganda, tomoshabinlar vitse-prezidentlar debatlariga katta qiziqish bildirishmaydi. Biroq bir istisno mavjud. 

1988 yilda vitse-prezidentlikka nomzodlar -  Den Kueyl va Lloyd Bentsen o‘rtasidagi debatlar davomida Kueyl uning tajribasi sobiq prezident Jyek Kennedining tajribasidan kam emasligini aytgan. Bunga uning raqibi Bentsen aforizmga aylangan jumla bilan javob qaytargan: "Senator, men Jyek Kennedi bilan ishlaganman. Men Jyek Kennedini yaqindan bilganman. Jyek Kennedi mening do‘stim bo‘lgan. Senator, siz Jyek Kennedi emassiz". 

1980. Karter — Reygan

1980 yilda amaldagi prezident Jimmi Karter va sobiq prezident Ronald Reygan o‘rtasidagi debatlar chog‘ida Reygan saylovchilarga qarata keyinchalik mashhur bo‘lib ketgan bir gapni aytadi: "Siz 4 yil avvalgiga qaraganda yaxshiroq yashayapsizmi?" Bunga javoban amerikaliklar Reyganni yana ikki muddatga prezident etib saylashgan. O‘shandan buyon yuqoridagi jumlaning turli variatsiyalari prezidentlik debatlarida ko‘p marta jaranglagan. 

1984. Reygan — Mondeyl

Prezidentlik lavozimini egallab turgan Reygan 1984 yilda sobiq vitse-prezident Uolter Mondeyl bilan ishtirok etganida saylovchilarda Reyganning yoshiga doir ikkilanishlar bo‘lgan. Ba'zi saylovchilar 73 yoshli Reyganning prezidentlik uchun keksalik qilishidan xavotirga tushishgan. Bunga javoban Reygan quyidagicha javob bergan: "Men yoshimni muhokama uchun mavzu qilmoqchi emasman. Raqibimning yoshligi va yetarlicha tajribasiz ekanligidan siyosiy maqsadlarda foydalanmoqchi ham emasman", - dedi Reygan. Uning bu gapi hattoki Mondeylni jilmayishga majbur qildi. 
(Ma'lumot uchun: hozirda Hillari Klinton 68 yoshda, Donald Tramp esa - 70)

1988. Jorj Bush

Ko‘pchilik to‘ng‘ich Jorj Bushning "Lablarimga qarab o‘qib oling: hech qanday yangi soliqlar!" jumlasini prezidentlik debatlarida aytgan, deya xato o‘ylaydi. U bu va'dani Respublikachilar partiyasining 1988 yildagi milliy s'yezdida bergan, aynan shu s'yezdda u prezidentlikka nomzod sifatida e'tirof etilgan. 

1992. Ross Pero — Jorj Bush — Bill Klinton

1992 yilgi debatlarda uchinchi ishtirokchi - mustaqil nomzod Ross Pero qatnashgan. U amaldagi prezident Jorj Bush va Arkanzas gubernatori Bill Klinton bilan bellashgan. Mazkur saylovlarda Bill Klinton g‘olib bo‘lgan. 

 Hofstr Universiteti

Debatlarning birinchi bosqichi bo‘lib o‘tgan Hofstr Universiteti - ketma-ket 3 saylov oldi kampaniyalari davomida prezidentlik debatlari bo‘lib o‘tgan yagona o‘quv muassasasi. Ikkinchi raund Missuri shtatida o‘tkazildi, uchinchisi esa 19 oktabrda Las-Vegasda (Nevada shtati) bo‘lib o‘tadi. 

2012. Barak Obama — Mitt Romni

Prezidentlik debatlari orasida eng ko‘p reyting to‘plagani 1980 yilda bo‘lib o‘tgan Reygan — Karter debatlari hisoblanadi, bu teledebatlarni 80,2 million tomoshabin kuzatgan. Biroq Nielsen tahlil kompaniyasining ma'lumotlariga ko‘ra, 2012 yilgi prezident Barak Obama va Massachusets gubernatori Mitt Romni o‘rtasida bo‘lib o‘tgan debatlar mashhurroq bo‘lgan - ularni atigi 67,2 million individual tomoshabin kuzatgan, ulardan 46,2 million nafari uy xo‘jaliklari bo‘lgan - bu 1980 yilgi ko‘rsatkichlardan biroz yuqoriroq (45,8 million).

Prezidentlik debatlari bo‘yicha komissiya

1987 yildan buyon debatlarni Commission on Presidential Debates (Prezidentlik debatlari komissiyasi) nazorat qilib keladi. Aynan shu tashkilot debatlarning o‘tkazilish joylari va moderatorlarni tanlaydi, shuningdek bo‘lib o‘tgan debatlar natijalarini chop etadi.  

Debatlar va texnologiyalar

2008 yilgi debatlar texnologiya hayotimizni qanday o‘zgartirishga qodirligini namoyish etdi. O‘shanda nomzodlarga YouTube va Facebook orqali savollar berilgan. 2016 yilda YouTube va  Twitter orqali debatlarning onlayn-translyatsiyasi berib borilmoqda

Suratlar:  AP, REUTERS, TASS.

 

Mavzuga oid
Top