22:31 / 14.11.2016
10048

Variantlar: Messi «Barselona» bilan shartnomani uzaytirmasa, qaysi jamoaga ketishi mumkin?

Foto: Reuters

Bugun «Barselona»ning argentinalik hujumchisi Lionel Messi katalon klubi bilan 2018 yilning yozida nihoyasiga yetadigan shartnomasini uzaytirmoqchi emasligi haqida xabar tarqaldi. «Tribuna.uz» futbolchi faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘lgan variantlarni ko‘rib chiqadi.

Ispaniyadagi Marca nashri Lionel Messi «Barselona» rahbariyatini shartnomasini uzaytirmasligi haqida ogohlantirganini yozdi. O‘z navbatida «Barselona» prezidenti Jozep Bartomeu futbolchiga bu borada shoshilinch qaror chiqarmasdan, yaxshilab o‘ylab ko‘rishni tavsiya etgan.

O‘z faoliyatini shu jamoaga bag‘ishlagan Messining amaldagi shartnomasi muddati 2018 yil yozida tugaydi, ammo nashrlar u shartnoma muddati tugamasdanoq ketishi mumkinligini yozishgan.

Marca Madriddagi nashr hisoblanadi va bu xabar ham tez orada bo‘lib o‘tadigan El-klasiko (4 dekabr - tahr.) oldidan ko‘tarilgan shov-shuv bo‘lishi ham mumkin. Shu bilan birgalikda ushbu gazeta Ispaniyadagi nufuzli nashrlardan biri hisoblanadi va unda yozilgan ko‘p ma'lumotlar assosiz bo‘lmaydi.

Shunday ekan, Messi rostdan ham Barselonadan ketsa, qaysi jamoaga borib qo‘shilishi ehtimollari mavjudligini ko‘rib chiqamiz.

«Pari Sen-Jyermen» (Fransiya)

Eng jozibador variantlardan biri shubhasiz - «Pari Sen-Jyermen». Fransiya poytaxtidagi bu badavlat klub azaldan o‘z safida Messi bo‘lishini orzu qilib keladi.

«PSJ» ichki chempionatda motivatsiyasiz qolgan, jamoa duch kelgan raqibni yer tishlatmoqda. Shayxlar bu jamoaga Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish vazifasini qo‘ygan. Lekin hali bu jamoa turnirning yarim finaliga qadar ham chiqib bormadi.

Zlatan Ibrahimovich ketganidan keyin fransuzlar yulduz-frontmendan ayrildi va bu rolga Messidan ko‘proq to‘g‘ri keladigan futbolchi yo‘q.

«Barsa» bu futbolchisini qo‘yib yuborishga rozi bo‘lsa va kattagina pul ishlab olishni istasa, muammo bo‘lmaydi. «PSJ»ga bunday transferni amalga oshirishda faqat moliyaviy feyr-pley to‘siq bo‘lishi mumkin, ammo bu hal qilsa bo‘ladigan masala.

Agar Fransiya grandida Messini qo‘lga kiritish imkoniyati paydo bo‘lsa, buning uchun ular qancha futbolchining o‘rnini bo‘shatish kerak bo‘lsa, shunchasining o‘rnini bo‘shatadi.

«Manchester Siti» (Angliya)

Messi uchun jamoa qidirar ekanmiz, «Manchester Siti»ni nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Ha, bu jamoaning imkoniyatlari ham parijliklarniki kabi ulkan, balki yanada yaxshiroqdir.

Manchesterliklar klubiga shayxlar egalik qiladi, puldan muammo yo‘q, «Man Siti» eng ommabop liga ishtirokchisi va bu jamoa avvaldan Messini qo‘lga kiritishni istab keladi.

Messi uchun ham «Manchester Siti»ga o‘tish faoliyatidagi navbatdagi qadamga aylanishi mumkin. Bu jamoa faqat bir maqsadni ko‘zlagan — Chempionlar ligasidagi g‘alabani. Buning uchun «Manchester Siti»dagi vaziyat «PSJ»dagidan yaxshiroq, chunki APL Liga 1 bilan solishtirganda "og‘irroq tosh bosadi".

Shuningdek, bu jamoani Messining sobiq ustozi Xosep Gvardiola boshqarayotganini e'tiborga olish kerak. Pep «shaharliklar» jamoasi boshqaruvida birinchi mavsumni o‘tkazmoqda va jamoasini qurish uchun o‘z takliflari bilan chiqishi mumkin.

«Arsenal» (Angliya)

«Arsenal» varianti havodan olingandek ko‘rinishi ham mumkin — «kanonirlar» hech qachon Messini sotib olishga qiziqish bildirmagan.

Lekin bu qiziqish umuman yo‘qligini anglatmaydi. Shunchaki, «Arsenal» yetarli darajada seleksiya ishlarida ham, axborot masalasida ham o‘ta ehtiyotkorlik bilan ish tutadi.

Agar jamoada o‘z safiga Messini qo‘shib olish varianti paydo bo‘lsa, «gunnerlar»da bundan foydalanish uchun moliyaviy tomondan qudrat yetarli. Albatta, bu ro‘y bersa «Arsenal» ancha vaqtgacha chiqim qilmasligi ham mumkin.

Lionel Messi «kanonirlar» safida paydo bo‘lishi Arsen Vengerning o‘yin uslubiga ko‘p ham o‘zgartirish olib kelmaydi ham. Ehtimol, aynan u jamoaga muxlislarini sovrin bilan xushnud qilishi uchun yetishmayotgandir?

MLS yoki Xitoy

Nazariy jihatdan bu variantlarni ham tashlab o‘tib bo‘lmaydi. Qolaversa, bugungi kunda ko‘plab tajribali futbolchilar AQSh va Xitoyda ham futbol o‘ynamoqda.

Arab davlatlari varianti esa o‘rinsiz, chunki, bu Xitoy variantidan ustun emas. Hozirgi kunda Ochiq osmon ostidagi chempionat o‘zida dunyo futboli yulduzlarini to‘play boshlagan.

Xitoy futboli katta qadamlar tashlab rivojlanmoqda va bu ligada Lionel uchun jang olib bora oladigan bir qancha jamoalar mavjud. Shu bilan birga argentinalik futbolchini 30-31 yoshida Xitoyga borishga ko‘ndirish deyarli ilojsiz ish.

Amerikaning MLS chempionati ham bir variant. Bu yerda ham bir talay yulduzlar to‘p surmoqda. Qolaversa, Amerika sehrli diyor sifatida futbolchilarni o‘z-o‘zidan jalb etishi mumkin.

Qachondir MLSda Krishtianu Ronaldu ham paydo bo‘lishi mumkin. Ammo portugaliyalik futbolchi «Real» bilan shartnomasini 2021 yilgacha uzaytirdi, Messida esa «Barselona» bilan 1,5 yillik shartnoma qolmoqda. 

Bu yerda «Nyu-York Siti»da Andrea Pirlo va Frenk Lempard, «Los-Anjyeles Gelaksi»da Stiven Jyerrard, «Nyu-York Red Bullz»da Rayt-Fillips, «Toronto»da Sebastyan Jovinko o‘ynamoqda. Qaysidir jamoada yana bir mashhur futbolchi paydo bo‘lishi mumkin.

«Nyuellz Old Boyz» (Argentina)

Messi bunga qadar bir necha marta  qachondir Argentinaga qaytishi va o‘zining ilk jamoasi bo‘lmish «Nyuellz Old Boyz» safida o‘ynashini aytib o‘tgan. U «Barselona»ga aynan shu jamoa safidan borgandi.

Hozirgi vaqtda bu variant haqida gapirish o‘rinsiz, shu bilan birga bu variantni bir chetga surib qo‘yib ham bo‘lmaydi. Messi pulga muhtoj emas, uni butun dunyo tan olib bo‘lgan, 5 marta «Oltin to‘p»ga ega bo‘lgan.

Shuni e'tiborda tutish kerakki, Ispaniya soliq organlari bilan muammolaridan charchagan Messi 2018 yilda chindan ham ketishi mumkin.

Mavzuga oid
Top