22:18 / 03.01.2017
16547
Ortiqcha vaznli kishilarning ozishiga doir yangi tadqiqot o‘tkazildi: Ijobiy natijalar bormi?
Foto: Getty Images

Semizlikka moyilligi bo‘lgan aksariyat kishilar ortqicha vazndan sport mashg‘ulotlari yordamida xalos bo‘lishga harakat qilishadi. Yaqinda AQSh Sog‘liqni saqlash milliy instituti olimlari to‘ladan kelgan kishilar nafaqat ortiqcha vazn tufayli harakatlanishga qiynalishi, balki sport bilan shug‘ullanishdan zavq olishga halaqit beruvchi miya biokimyosi ham bunga sabab bo‘lishini ma'lum qilishdi. Labaratoriya sharoitlarida o‘tkazilgan tajriba natijalari mazkur nazariyani tasdiqladi. Bu haqida Hi-News nashri xabar berdi. 

Ushbu tadqiqotlar rahbari Alekksay Kravitts uzoq vaqt mobaynida miya kasalliklarini o‘rgangan. Ortiqcha vaznga bog‘liq mavzuga diqqatini qaratgan olim labaratoriyadagi Altsgeymerga chalingan sichqonlar va semiz sichqonlarni birlashtiruvchi umumiy belgilarning ko‘pligidan ajablandi. Bularning barchasi sichqonlarning past jismoniy faolligi dofamin neyromediatori faoliyatidagi xatolarga bog‘liqligiga ishora qiladi. Aynan shu modda biz bajarayotgan u yoki bu jarayonlardan zavq olish imkonini beradi. 

Tadqiqot o‘tkazish uchun labaratoriya sichqonlarining ikki nazorat guruhi shakllantirildi. Bir guruh 18 hafta davomida juda yog‘li taomlar bilan oziqlantirildi, boshqasi esa - sog‘lom taomlar bilan. Tadqiqotning ilk oyi oxiriga borib, birinchi guruh sichqonlari sezilarli darajada sekin harakatlana boshlashdi. Faollikning pasayishi ularning ortiqcha vaznning aksariyat qismini yig‘ishidan avval kuzatilgan. Tadqiqotchilar dofamin uzatish yo‘lidagi 6 asosiy omilning nazorat o‘lchamlarini olishdi va ortiqcha vazn yig‘ayotgan sichqonlarda oqsil-retseptorlaridan biri D2 dofamini kamayganini aniqlashdi. 

Aynan shu o‘zgarish kemiruvchilarda harakatlanish istagining yo‘qolishiga olib keldi. D2 oqsili ortiqcha vazn to‘plashga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi, u faqat sichqonning harakatlanish faolligida o‘z aksini topadi. Olimlarning fikricha, ortiqcha vaznli insonlarda ham xuddi shunday holat yuz beradi. Biz vazn yig‘ayotganimizda miyamiz qo‘shimcha harakatlarni amalga oshirishni istamaydi. Shunday ekan, qanday sport haqida gap ketishi mumkin?! Miya biokimyosidan ustun bo‘lish va ortiqcha vazndan qutulish uchun juda kuchli iroda sohibi bo‘lish kerak. 

 

Top