Jamiyat | 20:54 / 27.01.2017
153111
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo prezidentlarining farzandlaridan kim siyosatda?

Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining farzandlaridan kimlar siyosat bilan shug‘ullanmoqda? Ushbu masalaga oydinlik kiritamiz.

Imomali Rahmon o‘g‘li bilan

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam Imomalini Dushanbe shahriga hokim qilib tayinladi. Bungacha 29 yoshli Rustam Imomali davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga rahbarlik qilgan edi. 

1987 yilda tug‘ilgan Rustam MDH hududidagi eng yosh general hisoblanadi. U, shuningdek, serqirra faoliyatida investitsiyalar va davlat mulki qo‘mitasida ishlashga, Tojikiston Yoshlar ittifoqi raisi o‘rinbosari bo‘lishga ulgurgan. Rustam «Istiqlol» futbol klubi tashkilotchisi va xo‘jayinlaridan biridir.
 
Yangi lavozimga tayinlangan Rustam qator kadrlar almashinuvini amalga oshirishga ham ulgurdi va ishxonasini Tojikiston prezidenti saroyiga ko‘chirdi. 

Umuman, Imomali Rahmonning 9 nafar farzandi: 7 qizi (Feruza, Ozoda, Ruxshona, Taxmina, Parvina, Zarina va Farzona) hamda ikki o‘g‘li (Rustam va Somon) bor.

Tojikiston prezidentining ikkinchi qizi Ozoda 2009 yilda mamlakat tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan edi. 2016 yil 27 yanvarda prezident ma'muriyati rahbariga aylandi. 

Sardor Berdimuhamedov (o‘ngda)

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Sardor 2016 yil noyabrida mamlakat parlamenti Majlis deputatligiga saylandi. Sardor Berdimuhamedov Axal viloyati 24-«Dushak» saylov okrugidan deputatlikka munosib ko‘rildi. 

Bundan avvalroq, Turkmaniston rahbarining o‘g‘li maxsus qaror bilan respublika TIV tuzilmasida maxsus lavozimga ega bo‘ldi. 2015 yil iyul oyi oxirlarida Sardor doktorlik dissertatsiyasini yoqlagani haqida xabarlar paydo bo‘lgan edi. 

Gurbanguli Berdimuhamedovning bir o‘g‘li (Sardor), uch qizi bor. 

 

O‘zbekiston Respublikasining yangi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki qizi (Saida va Shahnoza) hamda bir nafar o‘g‘li (Alisher) bor. 

Shavkat Mirziyoyev oilasi bilan

2016 yil 4 dekabr kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovida, ovoz berish uchastkasida olingan suratda chapdan o‘ngga: Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi, O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroatxon Hoshimova, Shavkat Mirziyoyev o‘g‘li Alisher va nevaralari bilan, katta qizi Saida Mirziyoyeva turmush o‘rtog‘i bilan va qizi Shahnoza Mirziyoyeva-Hoshimova turmush o‘rtog‘i bilan.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning ikkinchi nikohidan o‘g‘li Qodir va qizi Aliya bor. Birinchi nikohidan esa to‘rt farzand: o‘g‘illari Seyitbek, Seytek va egizak qizlar Diana va Dinaralarning otasi hisoblanadi. Ularning siyosat bilan shug‘ullanayotganiga doir xabarlar mavjud emas. 

Mavzuga oid