Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellen amerikalik hamkasbi Donald Trampning ba'zi musulmon mamlakatlar fuqarolarining AQShga kirishini taqiqlovchi farmoni millatchilik ekani va uning "havaskorlarcha" qabul qilinganini aytdi. U Standard nashriga bergan intervyusida shunga to‘xtalib o‘tdi.
"Ayonki, mutlaqo havaskorlarcha qabul qilingan va amalga oshirilgan mazkur farmon - kamsitishdan boshqa narsa emas. Men bundan avval Donald Trampning saylov oldi kampaniyasi uslubi va mazmunini tanqid qilganman", - dedi Van der Bellen.
Shuningdek Avstriya prezidentining fikricha, AQShning yangi rahbariyati siyosatidan yolg‘iz u xavotirda emas.
"Masala shundaki, biz, yevropaliklar nima qila olamiz? Bu beixtiyor Yevroittifoqqa tashvishli signal bo‘lishi mumkin. Biz shu yo‘nalishda harakatlanishni istaymizmi? YeI mamlakatlari XX asrda ko‘plab balo-qazolarga sabab bo‘lgan millatchilik - boshi berk ko‘cha ekanligini tushunib yetishga tayyormi?", - dedi Avstriya prezidenti.