13:24 / 18.02.2017
22678
Yevropadan fotoreportaj: Belarusda "maydon"

Belarus respublikasining minglab fuqarolari dangasalik, tekintomoqlikka soliq solish to‘g‘risidagi qarorga noroziliklarini izhor qilish maqsadida Minsk ko‘chalariga chiqishdi. 

17 fevral kuni Minskda «Jahli chiqqan beloruslar yurishi» nomi bilan norozilik aksiyasi o‘tkazildi. Tashkilotchilarning taxminlariga ko‘ra, shu kuni kechqurun Oktyabr maydonida 3 mingdan 5 ming nafargacha kishi to‘plangan. Ular dastlab miting o‘tkazgan, keyinchalik ko‘cha bo‘ylab marshda qatnashganlar. 

Namoyishchilar «Jyve Belarus!», «Lu, uxodi!» kabi so‘zlarni aytishgan hamda Lyapis Trubetskoyning qo‘shig‘ini kuylashgan. Marshning ayrim ishtirokchilari mash'alalar (fashistlar va neonatsistlar timsollaridan biri) ko‘tarib olishganiga qaramay, politsiya hech kimni hibsga olmagan. 

Namoyishchilar hukumatga talabnoma uchun ovoz berishgan. Unda boqimandalik to‘g‘risidagi dekret bekor qilinishi, aholi real daromadlarini pasayishiga barham berish, nafaqa yoshini ko‘tarmaslik, erkin va adolatli saylovlarni qaytarish talab qilingan. Mazkur rezolyutsiya soliq vazirligiga yuboriladi. 

Beloruslarning noroziligiga sabab bo‘lgan qonunga ko‘ra, nogironlar, voyaga yetmaganlar va nafaqaxo‘rlardan tashqari barcha ishsizlar davlat xarajatlarini moliyalashtirish uchun 250 AQSh dollariga yaqin soliq to‘lashi talab etiladi. Hukumatning fikricha, bu ijtimoiy boqimandalikka qarshi kurashda yordam beradi. 

Soliq vazirligiga binoan, shu paytgacha 470 ming nafar ishsizdan 46 mingga yaqini soliqni to‘lagan. So‘nggi muddat 20 fevralgacha etib belgilangan. 

Dekret 2015 yil aprelida kuchga kirgan edi. Unga muvofiq, bir yilda kamida 183 kun ishlagan va qolgan vaqtda mehnat birjasida ro‘yxatda turmaganlarga tegishlidir. 

Shu kabi qonun sobiq SSSRda ham 1961-1991 yillarda amal qilgan. 

Top