12:00 / 21.02.2017
85875

Andijon viloyati hokimi bilan ochiq suhbat (Video)

Shuhrat Abdurahmonov / Foto: Kun.uz

Avval xabar berilganidek, Kun.uz tahririyati jamoasi Andijon viloyatiga ijodiy safar qildi. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish zarurki, viloyatlarga borib, aholi bilan yaqindan suhbatlashish, erishilgan yutuqlarni e'tirof etish va mavjud kamchiliklarni imkon qadar bartaraf qilishni qo‘llab-quvvatlovchi ushbu loyiha g‘oyasi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yilni «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e'lon qilinishi tufayli paydo bo‘ldi. Bu yo‘lda tashlangan ilk qadam Andijon viloyatiga uyushtirildi.

Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov sayt vakillarini qabul qildi. U bilan suhbatda viloyatning tabiiy gaz va elektr ta'minoti, toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojning qondirilayotgani, namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar bilan aholini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar va boshqa turli mavzularda savollar berildi.

Tas-Ix`da ko‘rish

Islohotlarning yangi davrida hokimlardan nima talab etiladi?

2017 yilning «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb nomlanishi men kabi rahbarlar uchun yangi eshiklarni ochdi, desam mubolag‘aga yo‘l qo‘ymagan bo‘laman. Oldin ham ishlaganmiz, ammo prezidentimiz hozir ta'kidlayotganidek - xalq bilan yelkadosh, hamnafas bo‘lib ishlash, bir oyda bir marta emas, kerak bo‘lsa, har kuni odamlarni qabul qilish kabi ishlar o‘ziga yarasha javobgarlik, o‘ziga yarasha mas'uliyat yuklaydi. Dardni eshitish mumkin, ammo muammoning yechimini topish bugungi kun rahbaridan juda katta izlanishni, juda katta tashabbusni talab etadi. Yana shuni alohida ta'kidlab o‘tmoqchimanki, prezidentimiz xalq hayotini juda yaxshi bilganliklari uchun qonunlarni ham shunga monand chiqarayaptilarki, bu uning ijrosini ta'minlashni osonlashtiradi. 

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi kamchiliklar va amalga oshirilayotgan ishlar

Qishloq xo‘jalik sohasiga ikki og‘iz gap bilan baho berib bo‘lmaydi. Bu keng qirrali sohadir. Shuni ta'kidlash joizki, g‘allachilik va paxtachilik borasida Andijon maktabi yaratilgan. Statistikaga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, viloyat aholisi har yili o‘rtacha 52-53 ming kishiga ko‘paymoqda. Bu bitta tuman aholisiga teng degani. Shu sabab viloyatda tomorqachilik, undan foydalanish madaniyatini yo‘lga qo‘yish borasida ham zarur ishlar olib borilmoqda. Harakatlarimizni shu darajaga yetkazishimiz zarurki, tomorqadan bir yilda bir marta emas, balki uch martalab hosil olishni yo‘lga qo‘yish lozim. Chunki viloyatda shunday hovlilar borki, ular o‘zlarining 6 sotixli yeridan bir yilda uch marta hosil olib, hajga borib kelishyapti, boshqalari uy solishyapti, birovlari esa mashina olyapti. Muhtaram prezidentimizning ko‘rsatmasi asosida Andijonga yangi tizim kirib kelyaptiki, bu viloyat aholisi orasida sensatsiya bo‘ladi. Ya'ni, har bir xonadonda, 2-3 sotix maydonda limonariyani tashkil etishni yo‘lga qo‘yish.  

Viloyatning sog‘liqni saqlash tizimi: sharmandali holatlar oydinlashdi

Andijonda sog‘liqni saqlash tizimida 25 mingdan ziyod xodim faoliyat yuritadi. Viloyatning 16 ta shahar va tumanida joylashgan shifoxonalar yillar davomida rekonstruksiya qilingan va kapital ta'mirlangan. Joriy yilning o‘zida ham viloyatdagi 10dan ziyod shifoxonada ham mazkur ishlar davom ettirilyapti. Bundan tashqari, aholi tomonidan bo‘layotgan murojaatlardan shu narsa ko‘rinib qolyaptiki, odamlarimiz qishloq vrachlik punktlarining ishidan umuman norozi. Shu bugunga qadar viloyatimizda 314ta QVP faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, olib borilgan tekshiruvlarda ularning yarmidan ko‘pi samarasiz ishlayotgani va odamlar salomatligi yo‘lida xizmat qilishga yaramasligi ma'lum bo‘lib qoldi. Shu sabab ushbu QVPlarning 148tasini qisqartirish va shu qisqartirishlar negizida 78ta oilaviy poliklinikalar tashkil etish chora-tadbirlari amalga oshirilyapti.

Yana bir muammolardan biri tez tibbiy yordam masalasidir. Biz odamlar dardidan ancha yiroqlashib ketgan ekanmiz. Odamlarning dardi nima, ularni nima qiynayapti, shular haqida o‘ylashimiz kerak ekan. Muhtaram prezidentimiz bu borada bizga katta o‘rnak bo‘ldilar. Tez tibbiy yordam tizimini o‘rganganimizda mashinalarda benzin yo‘qligi, shifokorlarida dori-darmonlar yetarli emasligini ko‘rib, bunday sharmandali holatdan chiqib ketish uchun zarur choralarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. Masalan, viloyatdagi barcha QVPlar yaqin uch oy ichida tez tibbiy yordam mashinalari bilan ta'minlanadigan bo‘ldi. 

Tabiiy gaz, elektr ta'minoti va toza ichimlik suvi: tan olingan haqiqat

Qish kelishi bilan odamlar orasida bir gap aylanishni boshlaydi: “Ana davlat chiroqni o‘chiryapti, ana hokim u qilyapti, bu qilyapti”. Bir savol o‘rtaga chiqadi: hokimga chiroqni o‘chirishdan nima foyda? Imkon bo‘lsa, odamlarning elektr ta'minotini 24 soat qilib qo‘ysak, gazi va ichimlik suvini yaxshilasak, o‘zimizga foyda emasmi? 

Raqamlarga e'tibor qaratamiz. Andijon viloyatida bir yilda mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yektlari paydo bo‘lyapti. Minglab uylar qurilyapti. Bularning barchasi elektr energiyasi iste'molchisi hisoblanadi. Bir narsani hech qanday inkor etmasdan aytish mumkin: bizning elektr energiyasidagi yetishmovchiligimiz bor. Nega? Men doim aytaman, qars ikki qo‘ldan chiqadi. “Ber-ber” deguncha, o‘zim nima beryapman, degan tushuncha talab etiladi. Andijon viloyatida 520 mingdan ortiq oila bor. Mana shu oilalar o‘z xonadonlaridagi cho‘g‘lanma lampochkalar o‘rniga chiroqdiodli lampochkalar o‘rnatishsa, viloyatda elektr o‘chayotgan vaqt teng yarmiga qisqaradi. Biz buni soha mutaxassislari bilan gaplashib, o‘rganib chiqqanmiz. 

Bugungi kunda Andijon viloyatining tabiiy gazdan bo‘lgan qarzi 430 milliard so‘mni, elektr energiyasidan bo‘lgan qarz 230 mlrd so‘mni va toza ichimlik suvidan bo‘lgan qarzi esa 10 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Agar bu qarzlar undirilmasa, bu sohada rivojlanish, yangilanish bo‘ladimi? Aholining o‘zi bizga yordamchi bo‘lsa, biz ularga ming marta ko‘p yordam bermaymizmi?

Kun.uz o‘quvchilari tomonidan viloyat hokimiga yo‘llangan ko‘plab murojaatlar, maktublar va shikoyatlar viloyat hokimiga topshirildi. Sh.Abdurahmonov viloyat mutasaddi xodimlariga mazkur murojaat va shikoyatlarning har birini o‘rganib chiqish, zarur chora-tadbirlar olib borish va bajarilgan ishlar haqida unga yozma hisobot taqdim etish topshirig‘ini berdi. Kun.uz fuqarolar tomonidan yo‘llangan va hokimga taqdim etilgan mazkur murojaat va shikoyatlarning qanday hal etilgani borasidagi yangiliklarni e'lon qilib boradi.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov va hokimiyat mutasaddilariga tahririyat kelgusi ishlarida muvaffaqiyat tilaydi. Hokim bilan intervyuni Youtube’dagi kanali orqali tomosha qilish mumkin.

Kun.uz’ning O‘zbekiston bo‘ylab safari davom etadi. Keyingi manzil - Buxoro viloyati.

Xurshid Daliyev suhbatlashdi
Maqolani Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi

ANDIJON BO‘YLAB SAYoHAT>>>

Top