00:04 / 25.02.2017
19637

«Kecha orzularim o‘lim topdi». Ranerining o‘ta ta'sirli xayrlashuv so‘zlari

«Lester» klubi sobiq bosh murabbiyi Klaudio Raneri o‘zining iste'foga chiqarilishiga izoh berib o‘tdi.

«Kecha orzularim o‘lim topdi. O‘tgan mavsumdagi APL chempionligini qo‘lga kiritgach bo‘lgan eyforiyadan keyin butun umr «Lester»da, o‘zim yaxshi ko‘rib qolgan jamoada qolishni istagandim. Afsus, bu sodir bo‘lmadi.

Men turmush o‘rtog‘im Rozanna va barcha oila a'zolarimga «Lester»dagi faoliyatim davomida meni qo‘llab-quvvatlab turishgani uchun minnatdorchilik bildiraman.

Hammasidan ham ko‘proq «Lester»dan minnatdorman. Bu davr aqlbovar qilmas darajadagi, butun umr yodimdan chiqmaydigan sarguzasht bo‘ldi.

Barcha matbuot xodimlariga, jurnalistlarga bizni kuzatib borishgani va futboldagi buyuk tarixni yozishda ko‘maklashishgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Klubdagi barchaga, futbolchilar, xodimlar, umuman men bilan birga jamoada birga ishlagan barchaga chin ko‘ngildan minnatdorchilik bildiraman. Ular biz erishgan yutuqning bir qismi bo‘la olishdi.

Meni klubga kelganimdan ochiq chehra va mehr bilan kutib olgan, meni yaxshi ko‘rib qolgan barcha muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Men ham sizni yaxshi ko‘raman.

Hech kim, hech qachon biz erishgan muvaffaqiyatlarni bizdan tortib ololmaydi. Umid qilamanki, siz har kuni bu natija haqida eslaysiz va har eslaganingizda, xuddi men kabi tabassum qilib qo‘yasiz.

Bu mo‘'jizakor va eng baxtli unutib bo‘lmas damlarim edi. Siz bilan birga chempion bo‘lish bu ham faxr, ham quvonch», – deya bayonot bergan Raneri.

Top