Omadsiz kechgan mavsum: Eldor «Spetsiya»dan nega ketdi?
Eldor Shomurodov «Roma» safiga o‘tgan 2021/22 yilgi mavsumda jami 31 o‘yinda 5ta gol va 4ta assist qayd etgach, klub bosh murabbiyi Joze Mourino va rahbariyat 2022/23 yilgi mavsum oldidan o‘zbekistonlik forvardni boshqa klubga sotib olish sharti bilan ijaraga berishga qaror qilgandi. Uning o‘rnini esa «Torino»dan erkin agent sifatida taklif etilgan Andrea Belotti egalladi. Bu esa Shomurodovga tarkibda o‘rin qolmaganini anglatardi. Ammo Rim klubi Eldorni transfer sharti bilan ijaraga oladigan da’vogar jamoa topa olmagach, u qishki transfer oynasigacha rimliklar zaxirasida qolib, A Seriyada bor yo‘g‘i 6 o‘yinda maydonga tushdi.
Yanvar oyida esa Shomurodovni «Spetsiya»ga yarim yillik ijaraga berishga qaror qilindi. Kelishuvga ko‘ra, ligada jon saqlash uchun kurashayotgan jamoa rimliklar hisob raqamiga 1 million yevro o‘tkazdi. Ammo bu o‘tish Eldor uchun muvaffaqiyat keltirmadi. 28 yoshli hujumchi «Spetsiya»ning goleadori Mbala Nzola bilan kurashda yutqazdi va asosiy tarkibdagi o‘rnini yo‘qotdi. Shomurodov spetsiyaliklar safidagi yarim mavsumda 16 o‘yinda bor yo‘g‘i bitta golga mualliflik qildi va yakunda jamoani V Seriyaga tushib ketishdan qutqara olmadi. «Spetsiya» quyi ligaga tushib ketgach esa, Shomurodovning tarkibda qolmasligi va yozda Rimga qaytishi oydinlashgandi.

Mourino rejalaridan chetda
O‘zbekiston milliy jamoasi forvardi shartnomaga muvofiq, Rimga qaytgan bo‘lsa-da, Mourinoning yangi mavsum uchun rejalaridan o‘rin olishi dargumon edi. Har holda autsayder klub bilan quyi ligaga tushib ketgan futbolchini Joze quchoq ochib, kutib olishini tasavvur qilish qiyin edi. Shunday ham bo‘ldi.
Iyul oyi boshida Joze Mourino «instagram»dagi sahifasida yangi mavsum oldidan surat joylab, u ishonch bildirgan tarkibdagi nomlarni ko‘rsatdi. 22 futbolchining ismi keltirilgan ro‘yxatda Shomurodov yo‘q edi. Bu esa hamyurtimizning portugaliyalik mutaxassis rejalaridan o‘rin olmaganini anglatardi.

Nega aynan «Kalyari»?
Iyul oyida «Roma» Shomurodovni sotib olish sharti bilan ijaraga berish bo‘yicha navbatdagi takliflarni ko‘rib chiqa boshladi. O‘zbekiston milliy jamoasi to‘purariga dastlabki ikki xaridor Turkiya va Rossiyadan bo‘ldi – «Galatasaroy» va «Spartak». Futbolchi takliflarni rad etib, A Seriyada qolishni istayotganini ma’lum qilgach, unga «Lechche» va Ispaniyaning «Jirona» klubi qiziqa boshladi. Ko‘p o‘tmay esa kurashga «Kalyari» ham qo‘shilgani ma’lum bo‘ldi.


















