15:19 / 26.05.2017
14289

Buxoroda XVI «Ipak va ziravorlar» festivali boshlandi

Arxiv foto/ tashrif.uz

26 may kuni Buxoro shahrida XVI «Ipak va ziravorlar» festivali boshlandi. Ushbu O‘zbekistonning barcha hududlari, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Vengriya va Hindiston kabi xorijiy davlatlarning hunarmandlari, xalqaro sayyohlik tashkilotlari, O‘zbekistondagi chet el diplomatik korpusi vakillari, turizm masalalari bilan shug‘ullanuvchi olimlar, tadbirkorlar, Buxoro viloyati shahar va tumanlari, shuningdek, mamlakatning boshqa viloyatlari folklor-etnografik dastalari va ko‘pdan-ko‘p turistlar ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda haqda Buxoro Viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Shu kuni ertalab festival ishtirokchilari Ark qal'asi oldidagi Registon maydonidan Eski shahar ko‘chalari bo‘ylab tantanali yurishi bilan boshlashdi. «Ipak va ziravorlar» festivalining ochilish marosimi va badiiy jamoalarning chiqishlari Nodirdevonbegi madrasasi oldidagi maydonda bo‘lib o‘tdi.

Labihovuz majmuasidan Toqi Zargarongacha cho‘zilgan rastalarda mahalliy va xorijiy hunarmandlar tayyorlagan xalq amaliy san'ati buyumlari hamda ziravorlarning savdo-yarmarkasi 3 kun davom etadi. Festival doirasida usta hunarmandlarning kulolchilik, miniatyura, mis kandakorligi, kashtachilik, gilamboflik, zardo‘zlik, xattotlik va boshqa san'at turlari bo‘yicha mahorat maktabi namoyishlari o‘tkaziladi.

26 may oqshomda Ko‘kaldosh madrasasida taniqli modelerlar va yosh dizaynerlar tomonidan «O‘zbek ipagi — dunyo nigohida» shou-dasturi tashkil etiladi. Festival davomida Poyi Kalon majmuida o‘zbek jang san'ati ustalarining ko‘rgazmali chiqishlari va milliy kurash musobaqalari, boshqa maydonlarda esa xalq o‘yinlari o‘tkaziladi. 27 may kuni Gavkushon madrasasida mohir oshpazlarning «Palov sayli» ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tadi. Bahouddin Naqshband yodgorlik majmui markazida «Buxoro turistik erkin iqtisodiy hududini yaratish imkoniyatlari va rivojlanish istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.

Folklor-etnografik dastalarining chiqishlari shaharning bir necha maydonida o‘tkazilsa, 27 may oqshomida Buxoro san'at kolleji va viloyat musiqali drama teatri xalq cholg‘u asboblari orkestri Nodirdevonbegi xonaqosi oldidagi maydonda konsert dasturini namoyish etadi. O‘zbek milliy filmlari namoyishi nafaqat buxoroliklar, balki chet ellik sayyohlarda ham katta qiziqish uyg‘otishi aniq.

Bu yil festivalning tantanali yopilish marosimi, g‘oliblarni taqdirlash hamda viloyatimiz va respublikamiz poytaxti taniqli san'atkorlari gala-konserti qadimiy Ark qal'asi oldidagi maydonda 5 ming nafar tomoshabin va mehmonlar ishtirokida o‘tkaziladi. Xullas, an'anaviy XVI «Ipak va ziravorlar» xalqaro festivali amaliy san'at ustalari hamda turizm sohasi mutaxassislari, minglab buxoroliklar va sayyohlar uchun katta bayramga aylanadi.

Top