19:01 / 28.05.2017
9017

Termizda Kurash bo‘yicha XIII xalqaro turnirga start berilmoqda

Bugun dunyoning 130 ga yaqin davlatida kurash keng ommalashmoqda. Kurash bo‘yicha jahon va qit'a chempionatlari, xalqaro turnirlar yuksak saviyada tashkil etilmoqda. Bu musobaqalarda dunyoning barcha qit'alaridan polvonlar kurash tushmoqda. 

Kurash xalqaro assotsiatsiyasi, Osiyo, Yevropa, Panamerika, Afrika va Okeaniya Kurash konfederatsiyalari tomonidan Kurashning jahondagi nufuzini yanada oshirish, kelajakda uni yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. 

2007-2008 yillarda Makao va Vetnamda o‘tgan II va III yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida, 2009 yili Tailandda jangovar yakkakurashlar bo‘yicha I Osiyo o‘yinlarida, 2013 yili Janubiy Koreyada yopiq inshootlarda va jangovar yakkakurashlar bo‘yicha IV Osiyo o‘yinlarida, 2014 yili Tailandda va 2016 yili Vetnamda tashkil etilgan Osiyo sohil o‘yinlarida kurash bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi. 

2015 yilning sentabr oyida Osiyo olimpiya kengashining Ashxobod shahrida o‘tkazilgan navbatdagi Bosh assambleyasida Kurash 2018 yili Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi. 

Termiz shahri mezbonlik qilayotgan Kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an'anaviy XIII xalqaro turnirning nufuzi ham jahonaro keng e'tirof etilmoqda. Qator davlatlar polvonlari mazkur turnirda qatnashishga katta qiziqish bildirmoqda. Kurash xalqaro assotsiatsiyasidan ma'lum qilishicha, 1993 yildan buyon har ikki yilda o‘tkazilayotgan turnirda o‘tgan davr mobaynida dunyoning eng nomdor polvonlari kuch sinashgan. 

Joriy yilgi musobaqada 50 davlatdan 150 nafardan ziyod sportchi va mehmon ishtirok etishi kutilayotgani ham turnirning nufuzi ortib borayotganidan dalolatdir. 

Turnir 73, 90 kilogramm va mutlaq vazn toifasida bo‘lib o‘tadi. Turnirning mukofot jamg‘armasi 56 ming dollar bo‘lib, mutlaq vaznda g‘olib bo‘lgan polvon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 25 000 dollarga sazovor bo‘ladi. Ikkinchi o‘rin sohibi 10 000 dollar, ikkita uchinchi o‘rin sohiblari 5000 dollardan pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Qolgan vazn toifasidagi g‘olib va sovrindorlarga ham yirik pul mukofotlari ta'sis etilgan.

Turnir oldidan Kurash xalqaro assotsiatsiyasining navbatdan tashqari Kongressi bo‘lib o‘tdi. Kongressda barcha qit'aviy konfederatsiyalar prezidentlari va 46 ta davlat federatsiyalari prezidentlari va vakillari ishtirok etdi.

Kongress kun tartibidan kurashni dunyo miqyosida yangi rivojlantirish bosqichiga olib chiqish, 2028 yilgi Olimpiada dasturidan rasman o‘rin olish masalalari muhokama etildi.

Kongressda tashkiliy masala ham ko‘rilib, unga ko‘ra, KXA boshqaruv tizimida asoschi rais lavozimi ta'sis etilib, ushbu lavozimga assotsiatsiyani 16 yildan beri boshqarib kelayotgan Komil Yusupov nomzodi bir ovozdan saylandi.

Assotsiatsiya vitse-prezidenti lavozimiga taniqli siyosatshunos, Xalqaro press klubi raisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev saylandi. Shuningdek, Kongress davomida yana bir qator masalalar muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

IKA matbuot xizmati

Mavzuga oid
Top