Sport | 14:38 / 04.03.2019
11704
3 daqiqa o‘qiladi

Kurash 2022 yilgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi

Foto: KSAO

O‘zbek kurashi 2022 yil Xitoyning Xangjou shahrida o‘tkaziladigan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining musobaqalar dasturiga kiritildi. O‘zA`ning yozishicha, bu 2-3 mart kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining navbatdagi Bosh Assambleyasida rasman tasdiqlangan.

Ma'lum qilinishicha, Xangjouda 40ta sport turi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Jakarta-2018 dasturidan 42ta sport turi o‘rin olgandi. Qolaversa, Indoneziyadagi musobaqada ishtirokchilar soni ham 11 720 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, Xitoyda bu boradagi ko‘rsatkich 10 000 nafarga kamayishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, 2022 yilgi Osiyo o‘yinlari dasturida kriket ham bor. Bu sport turi 2010 yil Guanchjou hamda 2014 yil Incheonda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari musobaqalariga kiritilgan, ammo 2018 yilgi Indoneziyadagi turnir dasturidan chiqarilgan o‘rin olmagan edi.

Olimpiya tasnifiga kirmagan sport turlari orasida shaxmat, jiu-jitsu, kabbadi, kurash, sepak takrav, rolikda uchish va u-shu ham Xangjou-2022ning rasmiy musobaqalari dasturiga kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon Toshkentda bo‘lgan va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov bilan uchrashgan edi. Unda Muzokaralar yakunida Osiyo o‘yinlarining kurash bahslarida vaznlar toifasini ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Endilikda 2022 yilgi Osiyo o‘yinlaridan boshlab kurash bahslari 15ta vazn toifasida (7ta erkaklar, 8ta ayollar) tashkil etiladi. Shuningdek, erkaklar va ayollar o‘rtasida jamoaviy bellashuvlar ham o‘yinlar dasturidan o‘rin oladi. Shu tariqa, o‘zbek milliy sporti nufuzi Osiyo o‘yinlarida yanada ko‘tariladi va kurash bahslarda umumiy hisobda 17ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi.

Ma'lumot uchun, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida o‘zbek kurashi ilk marotaba musobaqa dasturidan o‘rin olgan va 7ta vazn toifasida bahslar tashkil qilingan edi. Unda o‘zbekistonlik 14 kurashchidan 12 nafari medal olishga muvaffaq bo‘lgan.

Mavzuga oid