08:07 / 10.07.2017
9569

Qozog‘iston OPeK bilan kelishuvdan chiqishni xohlamoqda

Foto: AP

Qozog‘iston bir-ikki oyda neft qazib olishni ko‘paytirish orqali OPeK bilan erishilgan kelishuvdan asta-sekin chiqishni xohlamoqda. Respublika energetika vaziri Kanat Bozumboyev TASS agentligiga shu haqda ma'lum qildi.

U Qozog‘iston neft qazib olishni asta-sekin oshirish yoki keskin oshirishdan qay birini xohlayotgani xususida berilgan savolga shunday javob bergan. 

Bunda vazirning qayd etishicha, biroq, Ostona hukumati kelishuv muddatini uzaytirish borasida o‘z qarashini aniqlab olgani yo‘q. "Bu noyabr oyida hal etiladigan masala", - degan vazir. Noyabr oyida OPeKning navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi. 

Bundan tashqari, Bozumboyevning xabar qilishicha, Qozog‘iston joriy yilda o‘z rejasini ortig‘i bilan bajaradi va 81 mln tonnadan ortiq neft qazib oladi. "Bir yillik 81 mln tonna edi, o‘ylaymanki, ko‘proq bo‘ladi", - degan Bozumboyev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublika, umuman olganda, neft qazib olishni qisqartirish bo‘yicha kelishuvga rioya qilmoqda. U, Qozog‘iston kelishuvda qayd etilgan ko‘rsatkichlarga erishdimi, degan savolga "taxminan, shunday", - deya javob qaytardi. 

Bozumboyev kelishuv natijasidan ko‘ngli to‘lganini ta'kidlar ekan, yil oxiriga borib bir barrel neft 50 dollar atrofida bo‘ladi, degan taxminni bildirdi. 

2016 yil oxirida OPeK va tashkilotga a'zo bo‘lmagan 11ta mustaqil neft eksport qiluvchi mamlakatlar neft qazib olishni kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Unga muvofiq, ishtirokchilar 2017 yil birinchi yarim yilligida neft bozoridan bir kecha-kunduzda 1,8 mln barrel neft kamaytirib borishi kerak edi. 

Shu yilning may oyida Venada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda davlatlar kelishuvni 2018 yil apreliga qadar uzaytirishga kelishib olishdi. Kelishuvdan maqsad – global qazib olingan neft zaxirasini so‘nggi besh yillik miqdorgacha pasaytirishdir. 

Mavzuga oid
Top