15:32 / 13.08.2017
17488

Qozog‘iston chegarachilari qirg‘izistonlik qonunbuzarlarga qarata o‘q uzishdi

Qozog‘istonlik chegarachilar mamlakatning Qirg‘iziston bilan chegarasidan noqonuniy o‘tishga uringan kishilarga qarata o‘q uzgan, ulardan biri halok bo‘lgan. Bu haqida respublika chegarachilar xizmatining matbuot xizmati xabar berdi

"Qozog‘istonning Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududi 15 noma'lum shaxsdan iborat guruh tomonidan noqonuniy kesib o‘tildi. 12 avgust kuni soat 20:00da davlat chegarasini qo‘riqlash va muhofaza qilish xizmati vaqtida Taraz chegarachilar otryadi tomonidan Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi to‘siqni buzib o‘tishga uringan qonunbuzarlar guruhi aniqlandi", - deyiladi idora xabarida. 

Matbuot xizmatida ta'kidlanishicha, qonunbuzarlar chegarachilarning talablariga bo‘ysunishmagan va "qo‘lbola vositalardan foydalanib chegarachilarga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazishgan".

Chegarachilar turli tan jarohati olishgan, deyiladi xabarda, va "hujumchilarga nisbatan qurol qo‘llashgan (ikki marta o‘q uzishdi)". "Natijada hujumni amalga oshirganlardan biri jarohat olgan, qolganlari yarador shaxsni ko‘tarib, Qozog‘iston Respublikasining eng yaqin aholi punkti yo‘nalishida yashirinishgan. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, yarador halok bo‘lgan", - deyiladi idorada. 

Shuningdek xabar berilishicha, Taraz chegarachilar otryadi hududi muhofazasi kuchaytirilgan, Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik qo‘mitasining qo‘shimcha kuch va vositalar jalb qilingan. 

"Huquq-tartibot organlari vakillariga ham xabar berilgan. Hozirda hujumchilarning shaxsini aniqlashga doir qidiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda", - deya ma'lum qilindi chegara xizmatida. 

Mavzuga oid
Top