10:12 / 05.09.2017
51432

O‘zbekiston – Janubiy Koreya. JCh–2018 yo‘lidagi drama

JCh–2018 turniriga saralash bosqichi so‘nggi – 10-turida O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreya futbolchilariga qarshi bahs olib boradi. JCh yo‘llanmasi hal bo‘ladigan mazkur uchrashuv oldidan O‘FF matbuot xizmati jamoalar o‘rtasidagi o‘yinlar statistikasi, yo‘qotishlar va uchrashuv rasmiylari haqida ma'lumot berdi.

O‘zbekiston – Janubiy Koreya uchrashuvi bugun, 5 sentabr kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv mahalliy vaqt bilan soat 20:00da boshlanadi.

O‘zaro uchrashuvlar

Jamoalar bugungi kunga qadar 14 uchrashuvda to‘qnash kelgan. O‘zbekiston termasi atigi 1 marta, 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari yarim finalida koreyaliklarni mag‘lubiyatga (1:0) uchratishga muvaffaq bo‘lgandi. O‘shanda jamoalar birinchi bor o‘zaro ro‘baru kelgandi.

Janubiy Koreya termasi 14 uchrashuvdan 10tasida zafar quchgan bo‘lsa, 3 o‘yinda durang qayd etilgan. Quyida jamoalar o‘rtasidagi oxirgi 5 o‘yinda qayd etilgan natijalar bilan tanishing.

11.09.2012  O‘zbekiston – Janubiy Koreya 2:2 | JCh–2014 saralashi

11.06.2013  Janubiy Koreya – O‘zbekiston 1:0 |  JCh–2014 saralashi

22.01.2015  Janubiy Koreya – O‘zbekiston 2:0 | Osiyo Kubogi–2015, chorak final

27.03.2015  Janubiy Koreya – O‘zbekiston 1:1 | O‘rtoqlik o‘yini

15.11.2016  Janubiy Koreya – O‘zbekiston 2:1 | JCh–2018 saralashi

Jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi bahsda Janubiy Koreya JCh–2018 saralashi doirasida o‘z maydonida O‘zbekistonni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandi.

Yo‘qotishlar

O‘zbekiston terma jamoasi safida Marat Bikmayev bo‘lajak o‘yinda maydonga tusha olmaydi. “Lokomotiv” a'zosining sariq kartochkalari to‘planib qolgani bois u diskvalifikatsiyaga uchradi.

Janubiy Koreya termasi safida katta ehtimol bilan “Suonsi” yarim himoyachisi Ki Son Yon maydonga tusha olmaydi. 28 yoshli futbolchi jarohatidan butunlay tiklanib ulgurmagan. 

Uchrashuv rasmiylari

Singapurlik Muhammad Taqi al-Jaafari bin Jahari uchrashuv bosh hakami bo‘lib ishlaydi. Unga qanotlarda hamyurtlari Tzu Liang Li va Min Kiat Ronni Ko yordam beradi. To‘rtinchi hakam vazifasini Xu Chuan Fu bajaradi.

Hakamlar nazoratchisi etib bahraynlik Jasim Muhammad Mahmud Abdulkarim tayinlandi. Uchrashuv komissari – Salmon Muhammad Namshan (Saudiya Arabistoni).

Guruhdagi vaziyat

JCh–2018 turniriga saralash bosqichi 9-turidan keyin JChga yo‘llanma olgan Eron hisobida 21 ochko mavjud. Ikkinchi pog‘onada borayotgan Janubiy Koreya hisobida 14 ochko bor. Suriya 12 ochko va +1 ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘ridan joy oldi. O‘zbekiston termasi 12 ochko va -1 to‘plar nisbati bilan 4-o‘rinda bormoqda. Guruhda 5–6 o‘rinlarni mos ravishda Xitoy (9 ochko) va Qatar (7 ochko) egallagan.

“A” guruhi 10-turning qolgan o‘yinlari

Yuqorida ta'kidlanganidek, saralash bosqichining so‘nggi turida O‘zbekiston termasi o‘z maydonida Janubiy Koreyani qabul qiladi. Qatar o‘z uyida Xitoyga qarshi bahs olib borsa, Suriya Tehronda Eron bilan kuch sinashadi. Barcha o‘yinlar bir vaqtda boshlanadi.

JCh–2018 saralashi
“A” guruhi, 10-tur

20:00 O‘zbekiston – Janubiy Koreya 
20:00 Qatar – Xitoy 
20:00 Eron – Suriya

Izoh: Uchrashuv soatlari Toshkent vaqti bilan ko‘rsatilgan

Top