00:29 / 05.10.2017
16791

Lotin alifbosidagi 12 jildlik milliy ensiklopediya kerakmi?

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 4 sentabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Qomusi»ni nashr etish to‘g‘risida»gi 306-sonli Qaroriga asosan «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan 1997–2005 yillar mobaynida «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»ning 12 ta jildi (1–11-jildlari kirill alifbosi tartibida, 12-jildi O‘zbekiston Republikasiga bag‘ishlangan) nashrga tayyorlanib, chop etilgan edi. Ijodiy jamoaning ko‘p yillik mashaqqatli mehnati samarasi o‘laroq yuzaga kelgan mazkur milliy qomusimiz yurtimiz ma'naviy hayotida juda katta voqea bo‘lgandi.

Ensiklopediya, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta'biri bilan aytganda, mustaqil mamlkatning pasportidir. Ya'ni har qaysi davlatning milliy ensiklopediyasi o‘sha yurtning qudratidan, ilm-fan sohasiga nechog‘li e'tibor berishidan, tarixi, san'ati va madaniyati, ilmiy salohiyatidan darak beruvchi ko‘zgudir.

Universal ensiklopediyani hamma davlatlar ham nashr eta olmaydi. Shu bois dunyoda ensiklopediya nashr etadigan davlatlar unchalik ko‘p emas. Xalqaro doiralarda universal ensiklopediyalardan Buyuk Britaniyaning «Britannika» («Britaniya ensiklopediyasi»), Fransiyaning «Katta Laruss», Germaniyaning «Katta Brokgauz» ensiklopediyalari e'tirof etiladi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib nashr etilgan ko‘p jildli milliy ensiklopediyamizda O‘zbekistonning eng qadimgi davrlaridan hozirgacha ma'lum bo‘lgan tarixi, madaniyati, tabiati, iqtisodiyoti, fani, adabiyoti va san'ati, me'morligi, insoniyat tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shgan ajdodlarimiz, e'tiborga loyiq yutuqlarga erishgan turli soha vakillari, davlat arboblarining hayoti va faoliyati, shuningdek, jahon mamlakatlari va xalqlari tarixi, madaniyati, dunyo e'tirof etgan buyuk olimlar haqida keng ma'lumotlar berilgan.

O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi kitobsevar xalqimiz tomonidan qizg‘in kutib olindi. Milliy qomusimiz universalligi hamda ma'lumotlar qamrovi kengligi bois kitobxonlarga har tomonlama manzur bo‘ldi. Ayniqsa, o‘quvchi-talabalar, muallimlar, tadqiqotchilar, umuman, qiziquvchan kitobxonlar uchun zarur ma'lumotlarni izlab topishda qulay ko‘makchi manbaga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonunini bajarish maqsadida 1995 yil 24 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida»gi 339-sonli Qarori e'lon qilinishi munosabati bilan mamlakatimiz ta'lim tizimi va boshqa sohalarga yangi o‘zbek alifbosi joriy etildi.

Hozirda 22 yildan buyon lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosida savod chiqarganlar yurtimiz aholisining ko‘pchiligini tashkil etadi. Yangi alifboda chop etilgan nashrlarga bo‘lgan ehtiyoj kundan kunga oshib boryapti. Respublika jamoatchiligi, ayniqsa, yosh avlodning tariximiz, madaniy merosimiz va boshqa ijtimoiy sohalar bo‘yicha lotin alifbosidagi qomusiy adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»ning 2-nashrini lotin alifbosida tayyorlab chop etish zarurati tug‘ildi.

Albatta, milliy ensiklopediyamizni yangi alifboda nashr etish vaqti allaqachon yetib kelgan. Qolaversa, bu to‘g‘rida nashriyotimizga ko‘plab xatlar kelmoqda, takliflar bildirilmoqda, nashriyot xodimlari ham yangi milliy ensiklopediyani nashrga tayyorlash jarayoniga shay turishibdi.

Milliy ensiklopediyani yangi alifboda nashr etish degani, bu shunchaki 12 jildlik ensiklopediyani o‘z holicha yangi alifboga o‘girish degani emas. Bunda ensiklopediyaning mazmun-mundarijasida ham, dizaynida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi»ning 1-nashri chop etilganidan buyon o‘tgan 15–20 yil ichida juda katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.

Xususan, mamlakatimizning o‘zida iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy hayotida, ilm-fan, adabiyot va san'at, sport, qurilish va boshqa sohalarda ulkan yutuqlarga erishildi. Keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida qishloq va shaharlarimizning qiyofasi butunlay o‘zgardi, chiroyli va hashamatli imoratlar, zamon talablariga to‘la javob bera oladigan ilm maskanlari, ishlab chiqarish korxonalari qad rostladi.

Shu jihatdan, milliy ensiklopediyaning 2-nashrini tayyorlash jarayonida unga bir qator o‘zgartishlar (ya'ni ensiklopediyaning alifbo tartibi o‘zgarishi; ayni vaqtgacha dunyo miqyosida, xususan, O‘zbekistonda ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat, sport va boshqa sohalarda erishilgan yangi yutuqlar, kashfiyotlar haqida ma'lumotlar bilan to‘ldirish; ensiklopediyaning avvalgi nashrida berilgan ma'lumotlarni tubdan yangilash, mazmunan boyitish, ma'naviy-siyosiy jihatdan eskirgan maqolalarni chiqarib tashlash; avvalgi nashrini tayyorlashda qo‘lga kiritilgan tajribalardan unumli foydalangan holda kelib tushgan fikr va mulohazalar, talab va takliflar inobatga olinishi; dunyo geosiyosiy xaritasida ro‘y bergan talay o‘zgarishlarni qayd etish va boshqa bir qancha o‘zgarishlarni ensiklopediyada aks ettirish kabi masalalar oldimizda turibdi) kiritilishi tayin.

Shuning uchun ham yurtimiz va dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar, o‘zgarishlar va yangiliklar «O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi»ning 2-nashrida lotin alifbosida o‘z aksini topmog‘i kerak.

Bundan tashqari, jahonning rivojlangan mamlakatlari tajribasidan kelib chiqqan holda har yili bo‘lgan o‘zgarishlar o‘z aksini topib boradigan solnoma (yejyegodnik)lar chop etib borilishi ham oldimizda turgan asosiy vazifalardan biri.

Bularning barini amalga oshirish uchun nashriyotga, albatta, yurtimizdagi ilmiy jamoatchilik va bir qator mas'ul tashkilotlar ko‘magi zarur bo‘ladi. Shunday ekan, mazkur masala, nazarimizda, yurtimizning barcha ziyolilariga taalluqli ulkan masaladir.

Xo‘sh, shuncha tashvish tug‘diradigan bo‘lsa, bunday ensiklopediyani chop etish kerakmi, degan savol tug‘iladi. Javobimiz: albatta, kerak. Buning asosiy sabablarini yuqorida keltirdik. Yurtimizda kitob va kitobxonlik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ekan, lotin alifbosida «mamlakat pasporti»ni chop etish ayni kun tartibidagi masala bo‘lmog‘i lozim. Bu mamlakatning ma'naviy, qolaversa, ilmiy qiyofasini ko‘rsatib berishi shubhasizdir.

Iroda Solihova,
«O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» Davlat ilmiy nashriyotining ilmiy muharriri.

Mavzuga oid
21:45 / 04.10.2017
Hullai hunardan so‘z
Top