14:00 / 09.11.2017
34073
Rais hushyor bo‘lishi kerak
Foto: KUN.UZ

O‘zini o‘zi boshqaruvchi organ, deya nomlanayotgan mahalla fuqarolar yig‘inining mas'uliyati, davlat oldidagi vazifasi va fuqarolarga ko‘rsatuvchi amaliy ko‘magi jihatidan davlatning boshqa organlaridan sira ham kam emas. Bundan tashqari, O‘zbekistonda mahalla degan tushuncha ham borki, u har tomonlama vatan so‘ziga vobasta bo‘lib, jamiyatda alohida o‘rin va mavqega ega.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi esa ana shu dargohning boshi, unda kechayotgan barcha yangiliklardan boxabar, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishda birinchi galdagi javobgar shaxs sanalib, bu mas'uliyatli lavozimga ko‘pni ko‘rgan, boshqalar manfaati haqida g‘amxo‘rlik qila oladigan, fidoyi hamda halol insonlar munosib ko‘riladi.

Afsuski, o‘z ishiga loqayd, zimmasidagi mas'uliyatga e'tiborsiz MFY raislari ham ahyon-ahyonda uchrab turadiki, ularning qilgan ishi hech bir aqidaga to‘g‘ri kelmaydi. Aks holda davlat tomonidan kam ta'minlangan, nochor yashayotgan oilalarga ajratilgan yordam pullarini o‘z egalariga berishda o‘zboshimchalik qilib, bunday xayrli va mas'uliyatli ishga jiddiy qaramaslik kabi nuqsonlarga yo‘l qo‘yishmagan bo‘lardi.

O‘tgan yilning dekabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Chortoq tuman sudida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining raisi S.Mirzayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) va uning kotibi L.Murodovning qilmishlari atroflicha ko‘rib chiqildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ikki mansabdor shaxs o‘zaro kelishib, 2015 yilning sentabr oyidan o‘tgan yilning avgustigacha bo‘lgan muddat davomida ijtimoiy nafaqa pullari asossiz ravishda to‘lanishiga yo‘l qo‘yib, davlat byudjyetiga zarar yetkazishgan ekan.

Mazkur MFYda 2016 yilning avgust-sentabr oylarida nazorat-taftish idoralari tomonidan o‘tkazilgan maxsus tekshiruv jarayonida rais S.Mirzayev va uning kotibi L.Murodov tomonidan 11 ta holatda 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga 7 mln. 611 ming so‘m, 3 ta holatda 2 yoshgacha bola tarbiyasi bilan band bo‘lgani sababli ishlamayotgan onalarga 9 mln. 210 ming so‘m, jami 16 mln. 821 ming so‘m miqdoridagi nafaqa puli noto‘g‘ri ravishda tayinlanib, shundan 13 mln. 982 ming so‘mi to‘lab yuborilgani ma'lum bo‘ldi. Tekshirish davomida kelgusida shunday asossiz va noqonuniy ravishda to‘lashga tayyorlab qo‘yilgan yana 2 mln. 839 ming so‘m mablag‘ to‘lovdan to‘xtatib qo‘yildi. O‘z ishiga loqaydlik bilan yondashgan MFY raisi S.Mirzayev va uning kotibi L.Murodov tegishli ravishda jazoga tortildi.

Albatta, ushbu holat kishini jiddiy mulohaza qilishga chorlaydi. Har bir MFY raisi o‘zining xalq ichida “mahalla oqsoqoli”, “mahalla otasi” kabi sharafli va muqaddas nomlar bilan atalishi hamda yuqoridagi kabi qonun buzarliklar uning nomiga mutlaqo mos kelmasligini chuqur his etishi shart.

Top