8395.15 USD -6.38

9510.03 EUR -113.08

127.67 RUB -0.68

10869.2 GBP -122.52

16:20 / 21.11.2017 18501

Javoblarga savollar. Biz rostan ham superlashyapmizmi?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Superligasi hali boshlanmasdanoq, qizigandan qizib bormoqda. Bu mavzuda nafaqat jurnalistlar, balki rasmiy shaxslar tomonidan shunchalik ko‘p ma'lumot berildi-ki, ma'lumot ko‘paygan sari, savollar yanada ko‘payib bormoqda.

Esingizda bo‘lsa, (rostanam bu voqeaga juda ancha bo‘lganga o‘xshaydi go‘yo), bir oycha oldin oliy ligadagi jamoalar sonini 12taga qisqarishi va shuncha jamoa ishtirokida uch davrali tizimda chempionat tashkil etilishi haqida rasmiy xabar chiqqandi. Keyinroq, bu format hali takomillashish jarayonida ekani aytildi, nihoyat, kecha boshqacharoq tizim haqida o‘qidik – jamoalar soni 12ta, uch davradan keyin yana bir bosqich, jami 38 o‘yin – umuman bunday formatlarning afzalliklari yoki kamchiliklari haqida to‘xtalib o‘tish niyatim yo‘q. Mavzu boshqa.

12ta jamoa bo‘lishi aniqmi o‘zi? Qayerdan bilamiz?

Masalan, o‘sha 12 jamoani tanlashda, klublarning litsenziyalash shartlarini qanchalik bajarganliklari ko‘rib chiqilar ekan. Bu shartlar ham qisman ma'lum qilindi: har bir superliga klubi qo‘yidagi talablarni bajarishi kerak ekan:

1. Oliy liga klublari o‘zlarining futbol maktablariga (akademiya) ega bo‘lishlari shart. 

2. Futbol maktablari (akademiya) o‘z sport inshootlari (futbol maydonlari, mashg‘ulot zallari, trenajyer zallari, o‘quv xonalari, yotoqxona) va sport asbob anjomlarga (futbol to‘plari, sport formalari, turli trenajyerlar, fishkalar, futbol maketlari) ega bo‘lishi zarur.

3. Futbol maktablari (akademiyalari) o‘zlarining ovqatlanish tizimiga ega bo‘lishi va sifatli ovqatlanishni tashkil etishi zarur.

4. Futbol maktablarida (akademiya) U-10, U-14, U-16, U-18 yosh toifalaridagi kamida 4ta jamoa bo‘lishi shart.

5. U-16, U-18 yoshli o‘smirlar o‘rtasida  aylanma  (uy-mehmon) tizimda o‘tkaziladigan Respublika birinchiligi musobaqalarda o‘z jamoasini ishtirokini ta'minlash.

6. U-10, U-14 yoshli bolalar o‘rtasida regional va Respublika bosqichi tizimida o‘tkaziladigan musobaqalarda o‘z jamoasini ishtirokini ta'minlash.

7. Klublar o‘zining O‘zbekiston chempionatida (oliy yoki 1-ligada) ishtirok etuvchi ayollar jamoasiga ega bo‘lishi  va ularga zarur shart-sharoitlar yaratishi lozim.

8. Klublar o‘zining O‘zbekiston chempionatida (oliy yoki 1-ligada) ishtirok etuvchi mini-futbol (futzal) jamoasiga ega bo‘lishi va ularga zarur shart-sharoitlar yaratishi lozim.

Bu talablarni bajarish uchun superklublarga 2018 yil 1 fevralgacha muhlat berilgan.

Endi savol tug‘iladi, mana shu ikki oy ichida 12 jamoa yuqoridagi talablarni bajara oladimi? Shunaqa talablarni bajara oladigan o‘n ikki klub topa olamizmi? Deyarli barcha klublarimiz homiylarning yoki mahalliy hokimiyatlarning qo‘liga qaragan, demak, ular mustaqil tarzda moliyaviy xarajatlar smetasini yoki klub byudjyetini rejalashtira olmaydilar.

Agar Superligada qatnashish talabi sifatida ma'lum shartlar qo‘yilar ekan va bu shartlar bugungi kunda deyarli yuz foiz klubda bajarilmagan ekan, 2018 yilgi chempionatda qatnashuvchilar soni haqida, musobaqa formati haqida hadeb munozara qilaverishdan mantiq ko‘rmayapman. Menimcha, o‘sha 1 fevralni kutish va litsenziyalashtirish shartlarini bajara olgan jamoalar soniga qarab, taqvim, format, chempionat haqida gapirish to‘g‘riroq bo‘lardi. Hozirdan 12 jamoa qatnashadi deb qo‘ydikmi, demak, fevralda 12 jamoani topish kerak bo‘lib qoladi. Bu holda hozir og‘zimizni ko‘pirtirayotgan talablarni yumshatishga o‘zimiz majbur bo‘lib qolmaymizmi?

Rivojlanishga qaysi ko‘chadan kiramiz?

Rivojlanish yo‘li ikki turli bo‘ladi: xarajatlar yo‘li va daromadlar yo‘li. Biz qaysi yo‘lni tanlayapmiz?

Xarajatlar yo‘li juda oson. Va qiyin. Qanchadir milliard pul bo‘lsa, yetarli, stadion, baza, akademiya, ayollar va futzal jamoalari tuziladi – biz rivojlandik.

Aytaylik, oradan ikki yil o‘tib, O‘FFning biror vakili taxminan mana shunday intervyu berishi mumkin – «so‘nggi ikki yilda futbolni rivojlantirish yo‘lida dadil qadamlar tashladik, yurtimizda o‘ndan ortiq superklub paydo bo‘ldi va ularning har birida o‘z akademiyasi, ayollar va futzal jamoalari mavjud».

Qaysidir ma'noda u haq bo‘lar, balkim. Avvallari futbol rivojlandimi, degan ma'nodagi savollarga yurtimizda nechta zamonaviy stadionlar qurilgani haqidagi javoblar yangrar edi. Ko‘rib turganimizdek, bularning hammasi «xarajatlar yo‘li» orqari rivojlanishdir.

Daromadlar yo‘li esa, avvalo munosabatlar shaklini o‘zgartiradi, o‘sha akademiyalar yoki futzal jamoalari bilan, muxlislar bilan ishlash prinsiplarini belgilash orqali, mana shu yuqorida qo‘yilgan talablar klublarning o‘z istaklariga aylanib qoladi.

Qachonki bir klub o‘z daromadlarini oshirib, yildan yilga rivojlana borsa, o‘z akademiyasini, turli jamoalarini ko‘paytirsa, bu butunlay boshqa masala. Ammo biz hozir shunchaki, klublardan pul sarflashni talab qilyapmiz xolos. Bu pullar nimaning hisobiga kelishi bilan qiziqmayapmiz, demak, hech narsa rivojlanmaydi.

Qachonki PFL klublar bilan birgalikda pul topishni o‘rgansa, turli menejment va marketing yo‘lidagi ko‘rsatmalar asosida hamkorlik qilsa, muxlislar va translatsiyalar bilan ishlash, transferlar siyosatini o‘zgartirish, moliyaviy hisobotlarni shaffoflashtirish kabi talablarini qo‘ya olsa, ana o‘shanda klublardagi munosabat tubdan o‘zgara boradi, Akademiya qurish, ayollar jamoasini tuzish kabi vazifalar tabiiy ehtiyojga aylanadi.

Bugungi kun sharoitida esa, aytaylik «Buxoro»dan ayollar jamoasi tuzishni talab qilish, bu klubning «Lokomotiv»ga raqobat qila oladigan kuchli tarkib yig‘ishga qaratilgan xarajatlarini mutlaqo keraksiz bo‘lgan yo‘nalishga burib yuborishdan boshqa narsa emas.

Pro Liga (1-liga) qanday bo‘ladi?

Yuqori ligadagi jamoalar soni kamaytirilishi aniq bo‘lgach, endi qo‘yi ligada ham kurash qizg‘in tus olishi, u yerda ham yuqoriga intiladigan bir nechta jamoa paydo bo‘lishi haqida juda ko‘p gaplar aytildi. Ammo keyingi bayonotlar bu fikrlarni ham to‘zg‘itib yubordi.

«Birinchi Liga darajasini Oliy ligaga yaqinlashtirish maqsadida bir qancha o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Jumladan, kelasi mavsumdan boshlab har bir viloyatning bir jamoasi Birinchi Ligada ishtirok etadi. Bu yo‘l orqali yurtimizning barcha hududlarida futbol rivojlanishiga erishishni maqsad qilganmiz. Birinchi liga jamoalari tarkibida faqat 24 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar to‘p surishi belgilab qo‘yiladi. Bu orqali yosh futbolchilarning zaxira o‘rindig‘iga o‘tirib qolishining oldini olish ko‘zda tutilgan», degandi Umid Ahmadjonov.

Qarang, Birinchi liga darajasini Oliy ligaga yaqinlashtirish haqida gap bormoqda va orqasidan, u yerda ishtirok etadigan jamoalar tarkibida faqat 24 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar belgilab qo‘yilar ekan. Bu cheklov Birinchi Liga jamoalari saviyasini Oliy liga klublaridan badtar uzoqlashtirib yubormaydimi? Aslida Oliy liga jamoasini yuta oladigan, mamlakat kubogi musobaqalarida teng raqobat qila oladigan bir nechta klubga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan Birinchi Ligada hattoki Yoshlar Ligasi darajasidan ham pasayib ketmaydimi?  

23-24 yoshgacha ma'lum bir Birinchi Liga klubida to‘p surib yurgan futbolchi 25 yoshga o‘tib, o‘zini qaysi cho‘qqa ursin? Nafaqaga chiqishi kerakmi?

Buyog‘i yanada qiziqroq.

«O‘zbekiston PRO-ligasida 16ta jamoa ishtirok etadi. Ikkita davradan iborat musobaqada jami 30ta uchrashuv bo‘lib o‘tadi. 1-o‘rinni egallagan jamoa Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. 2-o‘rin egasi esa Superliganing 11-o‘rindagi jamoasi bilan 2ta pley-off uchrashuvini o‘tkazadi», deyiladi federatsiya tomonidan kecha e'lon qilingan xabarda.

Ya'ni, Birinchi ligada 2-o‘rinni egallagan jamoa oliy liganing 11-jamoasi bilan o‘tish o‘yinida ishtirok etar ekan. Nima deb o‘ylaysiz, kim yutadi?

Butun mavsum Birinchi ligada qatnashgan va tarkib saviyasini aynan o‘sha musobaqa uchun moslashtirgan jamoa mavsum oxirida Oliy Liga vakilini qanday qilib yutadi? 25 yoshdan katta futbolchilarni o‘ynatish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 1-liga klubi, hech qanday cheklovlarsiz tarkibiga ega bo‘lgan Oliy Liga autsayderidan ustun kelishi mumkinmi?

Mavsum oxirida yuqori ligaga chiqish uchun pley-off o‘yinlari Germaniya va Angliyada ham o‘tkaziladi. Angliyada o‘tish o‘yinlari faqat Chempionship peshqadamlari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi, APLdagi so‘nggi uch jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ligani tark etadi. Germaniyada esa, Bundesliga autsayderi va 2-bundesliga peshqadami o‘rtasidagi farq u qadar katta emas. Biz esa, turli cheklovlar bilan ikki ligamiz o‘rtasida katta jarlik paydo qilmayapmizmi?

Qahramon Aslanov

Top