15:24 / 26.12.2017
13150

Buxoroda profilaktika inspektorlarining barchasi uylar va avtomashinalar bilan ta'minlandi

Mamlakat ichki ishlar idoralari tizimini isloh qilish borasidagi keng ko‘lamli ishlar aynan profilaktika inspektorlaridan boshlanganida chuqur ramziy ma'no bor. Zero, jinoyatni tergov qilgandan, jinoyatchini jazolagandan ko‘ra, profilaktik ishlarni kuchaytirib jinoyatchilikni oldini olgan afzal. 

Shu ma'noda, davlat rahbari tomonidan ichki ishlar organlarining aynan profilaktika xizmatiga bo‘lgan yuksak e'tiboriga bugungi kunda guvohi bo‘lmoqdamiz. 

Profilaktika inspektorlari endilikda o‘zlari xizmat olib borayotgan hududda xizmat uylari va imtiyozli kredit asosida yengil avtomashinalarga ega bo‘ldilar. 

Bu ularning jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, hududlarda osoyishtalikni ta'minlashdek sharafli faoliyat olib borishlari uchun mas'uliyatlarini ikki karra oshiradi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Buxoro shahrining «Xumo» sport majmuasida Buxoro viloyat IIB Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining jami 251 nafar  profilaktika inspektorlarining qasamyod qabul qilish, ularga xizmat uylari va shaxsiy avtomashinalarning kalitlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov, «Nuroniy» jamg‘armasi Respublika kengashining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Usmanov, “Mahalla” xayriya jamg‘armasi Respublika boshqaruv raisining o‘rinbosari Shavkat Janiqulov, Respublika “Xotin qizlar” qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shoira Nurmatova hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi o‘rinbosari Baxtiyor Isakovlar  ishtirok etishdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi-Buxoro viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev hamda viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlari rahbarlari mazkur tantanali marosimda qatnashishdi.   

Bundan tashqari tantanali tadbirda profilaktika inspektorlarining oila a'zolari, keng jamoatchilik vakillari va mahalla faollari taklif etildi. 

Tantanali marosim davomida barcha profilaktika inspektorlari birin ketin qasamyod qabul qilishga kirishdilar. 

Respublika Hukumati va Vazirlik rahbariyati Buxoro shahar, Ahmad Donish mahalla fuqarolar yig‘inida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektori katta leytenant Bobur Samadovga berilgan xizmat uyiga tashrif buyurishdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 oktabr kuni Buxoro shahrining Ark qo‘rg‘oni oldida Buxoro viloyat IIB Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining jami 126 nafar profilaktika inspektorlarining qasamyod qabul qilish, ularga xizmat uylari va shaxsiy avtomashinalarning kalitlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tgan edi.

Top