09:42 / 26.01.2018
9909
Qozog‘iston kompaniyasiga Coca-Cola’ga o‘xshash ichimlik ishlab chiqarish taqiqlandi
Foto: Weproject.kz

The Coca-Cola Company kompaniyasi Qozog‘istonning “YuNIKS” kompaniyasi ustidan sudga shikoyat qildi. Ma'lum qilinishicha, “YuNIKS” Kazakhstan Cola deb nomlangan gazli ichimlik ishlab chiqaradi. The Coca-Cola Company’ning fikricha, “YuNIKS” mahsulotlar, etiketka va butilkalarni individuallashtirish vositalaridan noqonuniy foydalanish bilan shug‘ullangan. Shu sababli AQSh kompaniyasi uning mahsuloti etiketkasi va butilkasining tashqi ko‘rinishini nusxalovchi mahsulotlar, etiketkalar, butilkalarni yo‘q qilish hamda hujjatlar, reklama va viveskalardan tegishli tasvirlarni o‘chirib tashlashni talab qilgan. 

2016 yil iyulda Janubiy Qozog‘iston viloyatining tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan The Coca-Cola Company’ning shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan. Ushbu qaror viloyat sud hay'atining 2017 yil 15 avgustdagi qarori bilan o‘zgarishsiz qoldirilgan. 

Biroq 2017 yil dekabrda Qozog‘iston oliy sudi The Coca-Cola Company’ning shikoyatini ko‘rib chiqib, uni qondirdi. Sud qaroriga ko‘ra, “YuNIKS”ga Qozog‘istonda The Coca-Cola Company nomiga tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan etiketka va butilkalarning tashqi ko‘rinishini nusxalovchi etiketkalar va butilkalar ishlab chiqarish taqiqlandi. Sud, shuningdek, kompaniyaga Kazakhstan Cola ichimligining etiketka va butilkalarini yo‘q qilish, hujjatlar, reklamalar va viveskalardan ichimlik suratini o‘chirish majburiyatini yuklangan. 

Top