12:34 / 23.02.2018
9294

AQSh Tojikiston Mudofaa vazirligi mobil qo‘shinlari majmuasini qurib berdi

Foto: CA News

Faxrabodda Tojikiston Mudofaa vazirligining mobil qo‘shinlari jihozlangan majmuasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, u AQSh tomonidan 1,3 mln dollarga qurib berilgan.

AQShning Tojikistondagi elchixonasi ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu majmua 200 nafardan ziyod harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan o‘quv sinflari, oshxona, kazarma, sanitariya-texnik inshootlarni o‘z ichiga olgan uchta binodan iborat.

Diplomatik missiyadan eslatishlaricha, o‘tgan yil oxirida AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh Milliy xavfsizlik strategiyasini e'lon qildi, unda Markaziy Osiyo davlatlarining siyosiy ko‘mak, iqtisodiy aloqalar va terrorizmga qarshi kurash orqali Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik va farovonlikni ta'minlashda alohida rol o‘ynashi ta'kidlanadi.

«Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi suvereniteti, xavfsizligini va barqarorligini qo‘llab-quvvatlash uchun Tojikiston bilan hamkorlik qilishga tayyor. AQSh Tojikiston bilan 26 yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda va Tojikistonda xususiy sektor, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta'lim, demokratik institutlar va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlovchi dasturlarni amalga oshirish hamda qo‘llab-quvvatlash uchun 1,8 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ ajratdi», - deyiladi xabarda.

Top