12:01 / 07.03.2018
6607

Hindistonda katta ko‘lamli harbiy-dengiz mashg‘ulotlari boshlandi 

Foto: India Daily

Hindistonning Andaman va Nikobar orollari yaqinida boshlangan katta ko‘lamli “Milan-2018” harbiy-dengiz mashg‘ulotlarida ishtirok etish uchun deyarli 30 ta kema yetib keldi. Bu haqda Times of India nashri xabar bermoqda. 

Ma'lum qilinishicha, mashg‘ulotlar 6 mart kechasi boshlangan va 13 martgacha davom etadi. Ularda Hindiston harbiy-dengiz kuchlarining 17 ta va boshqa davlatlar, jumladan, Avstraliya, Bangladesh, Indoneziya, Malayziya, Myanma, Singapur, Shri-Lanka va Tailanddan 11 ta kema ishtirok etadi. Mashg‘ulotlardan maqsad bu davlatlarning dengiz hududida noqonuniy harakatlarga qarshi kurashdagi hamkorligini kengaytirish bo‘ladi.  

Mashg‘ulotlarda harbiy kemalardan tashqari, 16 ta davlatdan 39 delegat ishtirok etadi. Hindiston rasmiy vakilining aytishicha, delegatlar uchrashuvida Xitoyning Hind okeanida harbiy joylashuviga alohida e'tibor qaratiladi.

“Milan” mashg‘ulotlari birinchi marta 1995 yilda o‘tkazilgan va o‘shanda unda 5 davlat ishtirok etgan. Mashg‘ulotlar 2 yilda bir marta o‘tkaziladi.

Top