16:21 / 07.03.2018
12372

Mehmonxonalar yangi standartlarga muvofiq ishlaydi

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining «Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan Oʻz DSt 3296:2018 «Turizm xizmatlari. Mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalari. Tasniflash tizimi» O‘zbekiston Respublikasining davlat standarti ishlab chiqildi, deb xabar bermoqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Standart manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishildi, turizm sohasida standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita tomonidan ma'qullandi va O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi («O‘zstandart» agentligi)ning 07.02.2018 yildagi 08-925-sonli qarori bilan tasdiqlangan.

Ushbu standart mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalarini tasniflash tizimini belgilaydi va GOST 28681.4.-95 o‘rniga qo‘llaniladi.

Ushbu standart mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalarini tasniflash tizimini, shu jumladan tutash hudud, binolar, xonalar, nomerlar, texnik jihozlar va asbob-uskunalar, xodimlar, axborot ta'minoti, joylashtirish vositasi xizmatlariga doir talablarni belgilaydi.

Standartni ishlab chiqish vaqtida mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalariga doir umumiy (minimal) talablarni belgilovchi Oʻz DSt 3220:2017ga binoan joylashtirish vositalariga doir amaldagi talablar hisobga olingan. Amaldagi eski standartdan farqli ravishda mehmonxonalar va motellarning emas, balki apartotellar, apartamentlar majmui (qarorgohlar), lyuks nomerli mehmonxonalar, spa-mehmonxonalar, butik-otellar va boshqa o‘xshash joylashtirish vositalarining ham tasniflanishini hisobga oladi.

Ushbu standartni amalga joriy qilish sanasi - 2018 yil 1 avgust. Ushbu sanadan boshlab standart talablari, turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish organlari tomonidan sertifikatlashtirish va inspeksiya nazoratini o‘tkazish maqsadida va turli mulkchilik shakliga ega korxonalar tomonidan mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatish vaqtida qo‘llash uchun majburiy bo‘ladi.

Top