8458.16 USD +9.27

9501.05 EUR +38.29

129.74 RUB -0.07

10994.8 GBP -133.27

17:50 / 13.03.2018 20638

Tramp Tillersonni ishdan bo‘shatdi

Reks Tillerson. Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Reks Tillersonni Davlat departamenti rahbarligidan iste'foga chiqardi. Bu haqda uning o‘zi tvitterdagi sahifasida ma'lum qilgan.

Ma'lum qilinishicha, endilikda bu lavozimga MRB direktori Mayk Pompeo tayinlangan.

AQSh prezidenti Tillersonga minnatdorchilik bildirgan va Pompeo yangi lavozimda «fantastik darajada» ish olib borishiga ishonch bildirgan.

Mayk Pompeo. Foto: Reuters

Markaziy razvedka boshqarmasiga esa endilikda Jina Haspel rahbarlik qiladi. U shu vaqtgacha Pompeoning o‘rinbosari edi.

Donald Tramp 2016 yilning 13 dekabrida Tillerson nomzodini AQSh Davlat departamenti rahbarligiga tavsiya qilgandi. Bu nomzod sobiq davlat kotiblaridan biri Kondoliza Rays tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangandi. U 2017 yil fevralidan AQSh Davlat kotibi sifatida ish boshladi.

Amerika matbuoti bir necha marta Tramp Davlat kotibi faoliyatidan qoniqish hosil qilmayotgani va Tillerson bu lavozimni tark etish arafasida turgani haqida yozgandi. Uning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlar qatorida Pompeodan tashqari, BMT qoshidagi maxsus vakil Nikki Heylining ham nomi keltirilgan edi. Lekin Davlat departamenti ham, Tillersonning o‘zi ham prezident bilan ziddiyat mavjudligi haqidagi har qanday xabarni inkor etib kelardi.

Top