15 aprel kuni Nyu-Yorkda AQŞ sobiq prezidentiga nisbatan birinçi jinoiy sud boşlandi. 

Bu yil yana Respublikaçilar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlik qilayotgan Donald Tramp 2016 yilgi saylov kampaniyasi uçun yiğilgan mablağlarni noqonuniy sarflagani va hujjatlarni soxtalaştirgani uçun sudlanmoqda, iş böyiça jami 34 epizod bor, deb xabar berdi CNN. 

Gap, xususan, Tramp bilan yaqin munosabatda bölganini da’vo qilgan sobiq porno aktrisa Stormi Deniyelsga saylov fondlaridan 130 ming dollar tölanişi haqida ketmoqda. Deniyels saylovoldi kampaniyasi paytida Tramp bilan munosabatini foş etiş bilan tahdid qilgan. Ayblov xulosasiga köra, 130 ming dollar uning sukut saqlaşi uçun tölangan. 

Sudda ayblov guvohi sifatida körsatma beradigan Trampning sobiq advokati Maykl Koen körsatmalariga köra, Deniyelsga tölangan pul huquqiy xizmat xarajatlari sifatida rasmiylaştirilgan. Tergov Tramp saylov fondi pullarini noqonuniy işlatgan va uni yaşirişga uringan, deb hisoblaydi. 

Ayblovlar tasdiqlansa, hukm 20 yilgaça qamoq jazosini öz içiga olişi mumkin, garçi bunday jazo tayinlanişi dargumon. Şartli jazo ham berilişi mumkin. Tramp özining töliq aybsizligini ta’kidlab, boşqa narsalar qatori, Koen ilgari yolğon guvohlik bergani uçun sudlangani va işonçsiz guvoh ekanini ta’kidlamoqda. 

U, şuningdek, 2016 yilgi prezidentlik saylovi natijalarini bekor qilişga urinişda iştirok etganlik va maxfiy hujjatlar bilan noqonuniy muomala qilganlik uçun federal jinoiy javobgarlikka tortiladi. Jorjiya prokuraturasi uni ştatdagi saylov natijalarini özgartirişga urinişda ayblamoqda. 

Bu sud jarayonlarining barçasi bu yilgi prezidentlik saylovi oldidan boşlanişi kutilgan edi. Biroq ular Oliy sudning mamlakat sobiq prezidentini jinoiy javobgarlikka tortilişdan daxlsizligi bor-yöqligi haqidagi qarorigaça qoldirildi. Jorjiyada sud jarayoni qaçon boşlanişi ham noma’lum. 

Tramp sud jarayonini prezidentlik sayloviga aralaşiş deb biladi.